YANGI O‘ZBEKISTONDA PROFESSIONAL – TA’LIM INNOVATSION TA’LIM POYDEVORI
Bugun professional ta’limda…
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risidagi” qonuni va Prezidentimizning 2019-yil 6-sentabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida 3 yillik majburiy ta’lim shaklidagi kasb-hunar kollejlari negizida shaklan hamda mazmunan mutlaqo yangi, uzluksiz professional ta’lim tashkil etildi. Ularning maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda 2020-2021-o‘quv yilidan uch toifadagi, yani boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalari tarmog‘i faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugun professional ta’lim muassasalarida kasb va mutaxassislik egallash istagidagi 4 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. 1300 nafari bizning Toshkent viloyati Bekobod shahar kasb-hunar maktabi yoshlari. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi “Professional ta’lim muassasalarining boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qaroriga muvofiq bu sohada ta’limning maqsadi, vazifalari mazmunidan kelib chiqqan holda o‘quv jarayonini tashkil qilish, boshqaruv va pedagog kadrlarning uzluksiz malakasini oshirish uchun ta’lim dasturlarini innovatsion yondashuvlar asosida doimiy yangilab borish kabi vazifalarni belgilab berdi. Professional ta’lim sohasi pedagoglari oldiga dolzarb vazifalar qo‘yildi. U ham bo‘lsa o‘quvchi talabaning kasbiy faoliyatga tayyorgarligini oshirish bo‘yicha zarur ta’lim shakllari, metod va vositalarni hamda zamonaviy o‘qitish nazariyasini ishlab chiqishdan iborat. Kasb-hunar maktabimizdagi kafedralar faoliyati… Kafedralar salohiyati sifatli ta’lim garovidir. Kasb-hunar maktabimizda 4 ta kafedra faoliyat yuritadi. Kafedralarning oylik hisobotlari tahliliga qarab har bir kafedra monitoringi o‘tkazilib boriladi. AKT va yangi innovatsion g‘oyalar asosida o‘quvchi – talabalarni o‘z sohasi mutaxassisligi bo‘yicha kreativ yondashishga undaydigan interfaol usullardan foydalangan holda ochiq dars mashg‘ulotlari, mutaxassislik yo‘nalishlari doirasidagi amaliy tadbirlar, bellashuv va tanlovlar shular jumlasidandir. Kasbiy ta’lim fanlari bilan bir qatorda umumta’lim fanlariga ham katta e’tibor berilmoqda. Tilshunoslik kafedrasi qoshida tashkil qilingan “Tilshunoslar” klubi a’zosi II bosqich 21-guruh o‘quvchisi Ergasheva Mashhura Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan videoroligi uchun Toshkent viloyati Professional ta’lim kasb-hunar maktablari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovida I o‘rinni egalladi. “Urush xotiralari” mavzusidagi inshosi bilan II o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu yil Bekobod shahar kasb-hunar maktabida avtomobil boshqarishni o‘rgatish mashq maydonchasining ochib berildi. O‘quvchilar tanlagan kasblari bo‘yicha hoxlagan amaliy mashg‘ulotlari bilan shug‘ullana oladilar. Mazkur o‘quv yilida erishgan yutuqlarimizdan yana biri “Open budjet” loyihasida ikki yildan buyon g‘oliblikni qo‘lga kiritganimizdir. Yangi o‘quv yilida o‘quv mashg‘uloti o‘tkaziladigan xonalarimizda yigirmaga yaqin smart doskalar va yigirmadan ortiq zamonaviy kompyuterlar o’quvchi talabalarimizga sifatli ta’lim berishda asosiy o’quv jihozi sifatida xizmat qiladi. Maqsadimiz Yangi O‘zbekistonda professional ta’lim innovatsion ta’lim poydevori bo‘lishini ta’minlashdir. Professional ta’lim bugungi yoshlar uchun kreativ fikrlash, o‘zi tanlagan kasb-hunarni kelajakda puxta o‘rganish uchun o’chmas mayoq bo‘lishiga ishonamiz.
Jahongir Dushaboyev,
Bekobod shahar
kasb-hunar maktabi o‘quv bo‘limi boshlig‘i