Konstitutsiya – alifbo talqinida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sana — 8-dekabr yaqinlashmoqda. Umumta’lim maktablarida Bosh Qomusimiz maqsad-mazmunini o‘quvchi-yoshlarga chuqur tushuntirish bo‘yicha amaliy va nazariy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ko‘p yillik tajribamga tayangan holda “Alifbo” ketma-ketligida Konstitutsiyamiz moddalarini yig‘ib chiqdim. Huquq fanidan darsning tashkiliy qismida, takrorlash soatlarida, bayramga bag‘ishlangan tadbirda undan foydalanishi mumkin.
A yni bir shaxs bir paytning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosi bo‘lishi mumkin emas. 77-moddadan.
B archa fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajaradilar. 47-modda.
D avlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi. 43-modda.
F uqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishi¬larning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar. 48-modda.
H amma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. 31-modda.
I mtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart. 18-moddadan.
J amoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ular faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qo‘yish faqat sud qarori asosidagina amalga oshiriladi. 62-modda.
K onstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, Respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek, harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi. 57-modda.
M ulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart. 54-modda.
O ila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomon¬larning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi. 63-modda.
P rokuratura organlarining yagona markazlashtirilgan tizimiga O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori boshchilik qiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Prokurori O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy vakillik organi tomonidan tayinlanadi. Viloyatlarning prokurorlari, tuman va shahar prokurorlari O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan tayinlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokurorining, viloyat, tuman va shahar prokurorlarining vakolat muddati — besh yil. 119-modda.
Q oraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek, viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil qilish va ularni tugatish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan amalga oshiriladi. 69-modda.
R espublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin. 17-moddadan.
S ud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassa¬salar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir. 114-modda.
T uman va shaharlarning hokimlari tegishli viloyat hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. 102-moddadan.
V akolati tugashi munosabati bilan iste’foga chiqqan Prezident umrbod Senat a’zosi lavozimini egallaydi. 97-modda.
X otin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. 46-modda.
Y er, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir. 55-modda.
O‘ zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi. 4-modda.
Sh aharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi. O‘zini o‘zi boshqarish organlarini saylash tartibi, faoliyatini tashkil etish hamda vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi. 105-modda.
Shozoda MUHAMМEDOVA, Buxoro tumanidagi 38-maktabning tarix fani o‘qituvchisi