O‘qitishning samarali metodlari
O‘qitishning jahon tajribasida sinalgan usullari bir talay. Ularni dars jarayonida o‘rinli qo‘llay olish ta’lim samaradorligini oshiradi. Quyida shunday metodlardan ayrimlarini keltiramiz.
“Uch daqiqa” metodida bo‘sh o‘zlashtiruvchi uch nafar o‘quvchi uch daqiqa ichida o‘tilgan mavzuga oid ma’lumot aytishi lozim. Eng ko‘p ma’lumot aytgan o‘quvchi besh ball bilan baholanadi. Mazkur metodni darsning mustahkamlash bosqichida qo‘llash maqsadga muvofiq.
“Aniqla” usuli xarita bilan ishlashda juda qo‘l keladi. O‘quvchiga aniq ko‘rsatma berilib, uni xaritadan topish talab etiladi. Masalan:
qoraqalpoqlar yashagan hudud chegaralarini aniqlang;
qoraqalpoq urug‘larini aniqlab, daftarga yozing:
xitoy,
qipchoq,
mang‘it,
kenagas...
“Bibliotarix” metodi orqali yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida kitobga qiziqishni oshirish mumkin.
Tarix darsida har bir mavzuga oid badiiy asardan parcha, iqtibos yoki sujetni misol keltirib, uni mutolaa qilishni tavsiya etish yaxshi natija beradi. Metodni ma’ruza davomida qo‘llashga mo‘ljallangan vaqt 5—10 daqiqani tashkil etadi.
Quyida o‘quvchilarga tavsiya etilishi mumkin bo‘lgan badiiy asarlar keltirilgan:
6-sinf “Buyuk Ipak yo‘li” mavzusini yoritishda Mannop Egamberdiyevning “Sariq ajdar hamlasi”;
7-sinf “Ulug‘bek — ma’rifatparvar davlat arbobi” mavzusini yoritishda Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”;
8-sinf “XVII—XVIII asrlarda Hindiston” mavzusini yoritishda Pirimqul Qodirovning “Avlodlar dovoni” romani;
9-sinf “Yosh buxoroliklar faoliyati va Buxoro amirligining tugatilishi” mavzusini yoritishda Asqad Muxtorning “Buxoroning jin ko‘chalari” qissasi;
10-sinf “O‘zbekiston sanoati va qishloq xo‘jaligi front xizmatida” mavzusini yoritishda Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” romanidan foydalanish mumkin.
Hilola QOBILOVA, tc "Hilola QOBILOVA," Buxoro viloyat XTB mutaxassisi