Kashta tikishni o‘rganamiz
«Kashtachilik» to‘garagi mashg‘ulotlarida kompyuter, noutbuk, proyektor, tarqatma materiallardan unumli foydalangan holda o‘quvchi qizlarda hunarmandlikka qiziqish uyg‘otmoqdaman.
Mashg‘ulotni kashta elementi bo‘lgan buyumlarni tarqatish bilan boshlayman. O‘quvchi qizlarning buyumga bergan ta’rifidan so‘ng slayd orqali ma’lumot beraman:
— Kashtachilik hunarmandchilikning eng qadimiy turlaridan biri bo‘lib, xalq ijodkorligini ifodalaydi va uning turmushiga mazmun baxsh etadi. Kashtali kiyim va buyumlarga nafaqat mamlakatimiz, balki chet elda ham qiziqish bilan qaraladi. O‘zbek chevarlari tikkan kirpech, so‘zana, zardevor, gulko‘rpa, choyshablar Fransiya, Italiya, Yaponiya, Germaniya, Belgiya, AQSh, Hindiston kabi xorijiy davlatlarda ham mashhur. Xalq amaliy san’at muzeylarida kashta namunalari eksponat vazifasini o‘tamoqda.
Milliy qo‘g‘irchoqlarni kashta bilan bezash san’at turiga aylangan. Turli xil gazlama qiyqimlaridan yumshoq o‘yinchoq tayyorlash qiyin emas. Buning uchun mex, charm, porolon va tasmalardan foydalanishimiz mumkin. Qo‘g‘ir-choqning ko‘zini esa tugmacha yoki taqinchoq, og‘zini charm va kleyonka matodan tiksak bo‘ladi. Bugungi mashg‘ulotda kashta tikish jarayoni bilan tanishasiz.
Kashta tikishda asqotadigan ashyolar
Igna, angishvona, qaychi, metr-lenta, ilmoqli va ilmoqsiz bigiz va chambarak zarur. Asos uchun oq, kulrang, och sariq, och jigarrang surp, bo‘z, shoyi, baxmal, chit yoki satin kabi matolardan birini tanlaymiz. Sidirg‘a matoda naqsh aniq-tiniq ko‘rinadi, rangli iplarning aksariyatini uyg‘unlashtirib tikish mumkin. Gul, rasm, naqsh chizish uchun yumshoq va qattiq qalam, daftar, chizg‘ich, albom, o‘chirg‘ich, millimetrlangan qog‘oz, nusxa ko‘chiradigan qog‘oz va shaffof qog‘oz tayyorlab olamiz.
Gazlama va ip tanlash
Kashta tikish uchun, avvalo, gazlamani to‘g‘ri tanlash kerak. So‘ngra buyum nimaga mo‘ljallanganini bilib olish zarur. Bezakning turiga qarab, tikish usuli tanlanadi. Kashta tikiladigan materialga ipni moslab tanlash katta ahamiyatga ega. Misol uchun, sariq rangli matoga oq, qizil rangli matoga jigarrang, yashil rangli gazlamaga ko‘k ipni yurgizish maqsadga muvofiq emas. Agar rang to‘g‘ri tanlanmasa, chevarning ko‘zi toliqadi va mahsulot ham jozibador chiqmaydi.
Ipni tanlashda ranglarning uyg‘unlashuvi, bir-biriga ta’sirini bilish zarur. O‘zaro mos ranglarni tanlashda berk spektr qator ranglaridan iborat doirani asos qilib olamiz.
Qo‘llaniladigan chok turlari
Kashtado‘zlikda xavfsizlik texnikasi va sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish juda muhim. Ish bajariladigan joyga yorug‘lik old yoki chap tomondan tushib turishi, kashta tikayotgan chevar boshini sal oldinga egib o‘tirishi zarur. Imkon qadar ortiqcha narsalar bo‘lmagani ma’qul. Bu ish bajaruvchini chalg‘itib, buyum sifatiga salbiy ta’sir qiladi. Tikish nihoyasiga yetgach, hamma asboblar joy-joyiga qo‘yiladi. Nina, to‘g‘nog‘ich, qaychi va angishvona bilan ishlaganda ehtiyot bo‘lish lozim. Qaychining tig‘ tomoni ochiq qolmasin, biror kishiga uni uch tomonidan ushlab uzating, ninani og‘izga olib borish, ko‘ylakka qadab qo‘yish, u yer-bu yerga ipsiz sanchib qo‘yish mumkin emas. Ninani ipi bilan maxsus yostiqchaga qadab qo‘yishni unutmang.
Xavfsizlik qoidalarini tushuntirib bo‘lgach, o‘quvchilar bilan bir qator zanjir choklarini tikishga kirishamiz. Qizlar o‘zi tikishni mustaqil davom ettiradi.
Hafiza RAShIDOVA, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi