O‘quvchi sust o‘zlashtirsa, kim aybdor?
Tomas Edison maktabdan uyga keladi-da, onasiga o‘qituvchi berib yuborgan xatni tutqazadi. Xatni o‘qib tugatgach, ona ho‘ngrab yig‘lab yuboradi. Bir lahzadan so‘ng o‘zini o‘nglab, xatni ovoz chiqarib o‘qiy boshlaydi: «Sizning o‘g‘lingiz — daho. Bizning maktab uning uchun juda kichkinalik qiladi, unga biror tuzukroq bilim bera oladigan o‘qituvchi ham yo‘q. Yaxshisi, unga o‘zingiz ta’lim bering».
Tomasning onasi dunyodan o‘tdi. Ko‘p yillardan so‘ng Tomas Edison eski xat-qog‘ozlar orasidan o‘sha qog‘ozni topib oladi. Unda quyidagilar yozilgan edi: «O‘g‘lingiz — aqli zaif bola. Biz uni boshqa o‘quvchilarga qo‘shib ortiq o‘qita olmaymiz. Shuning uchun uni uyda mustaqil o‘qitishingizni tavsiya etamiz».
Ana shu «aqli zaif» Tomas Edison keyinchalik o‘z asrining eng mashhur kishisiga aylandi —lampochkani ixtiro qilib, tarix sahifasiga kirdi.
Ba’zida maktab o‘qituvchilari bilan ota-onalar o‘rtasida munozara paydo bo‘lib qoladi: «Bolamning o‘zlashtirishi durust emas, yaxshiroq o‘qitsalaring bo‘lmaydimi? Biz doimo band bo‘lsak, maktab o‘zining ishini qilsin-da!”. Qizig‘i, xuddi shu savolni ota-ona o‘qituvchiga bersa, muallim ularga xuddi shu mazmunda javob qaytaradi. Vaholanki, ta’lim-tarbiyada muallimning o‘rnini ota-ona, ota-onaning o‘rnini esa o‘qituvchi bosa olmaydi.
Qariyb 30 yillik pedagogik tajribam bor. Men rahbarlik qilayotgan 2-sinfda 19 nafar qiz va 17 nafar o‘g‘il bola o‘qiydi. Shundan 3 nafari sust o‘zlashtiradigan bola bo‘lib, vaqtimni ko‘p “o‘g‘irlaydi”. Oddiy diktantni boshqa o‘quvchilardan bir marta olsam, ulardan qayta olishim kerak. Chunki diktant jarayonida ular “qolib” ketadi. Nachora, o‘zlashtirishga qiynalsa-da, bunday bolalar ham majburiy ta’lim olishi kerak. Ba’zan ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, bola bilan shug‘ullanishga vaqt ajratishini iltimos qilaman. Maktabdan bezib qolmasligi uchun yengilroq topshiriq berib, ozgina harakati uchun keragidan ziyod rag‘batlantiraman. Lekin tepsa-tebranmas bolani yaxshi o‘zlashtiradigan holatga keltirish uchun bu sa’y-harakatlarim kamlik qiladi.
O‘qituvchi doimo band. U har bir o‘quvchi taqdiriga javobgar. Yangi mavzuni o‘tish, daftar tekshirish, uyga vazifa berish, tarbiyaviy mashg‘ulot o‘tkazguncha u ruhan va jismonan toliqadi. Ota-onalarning imkoniyatini o‘qituvchiniki bilan solishtiring. Ularda uch yoki to‘rt bola. Ammo ular bilan shug‘ullanishga hafsalasi yo‘q yoki vaqti yetmaydi. Bola ta’lim-tarbiyasida aksariyat ota-onalar javobgarlikni his qilmaydi. Internet ma’lumotlariga qaraganda, 2018-yilning dastlabki to‘rt oyi davomida O‘zbekistonda 158 nafar voyaga yetmagan bola o‘z joniga qasd qilgan. 1990-yildan 2016-yilga qadar o‘smirlar orasidagi o‘zini o‘zi o‘ldirish holati ikki baravar ko‘paygan va yiliga 400 nafarni tashkil etmoqda. Bu nimadan dalolat beradi? Bola qalbiga pedagog yo‘l topa olmayaptimi yoki unga nisbatan ota-ona befarqmi?
Bolani gulga, niholga qiyoslaymiz. Agar oila a’zolari o‘quvchining uyga vazifasini bajarishda ko‘maklashmasa, maktabda, o‘rtoqlari orasida uning ishtiroki va roli bilan qiziqmasa, kimlar bilan do‘stlashayotgani, qanday muhitda yashab nafas olayotganidan xabardor bo‘lib turmasa, ko‘ngliga yo‘l topmasa, bola o‘zini yolg‘iz, chorasiz his qila boshlaydi. Shu tariqa suitsid hodisasi ro‘y beradi. Agar farzandlarimiz bilan ko‘proq muloqot qilsak, maktab hayotidan boxabar bo‘lsak, o‘smir ta’lim jarayonidan o‘z o‘rnini topib oladi, xulq-atvorida og‘ish kuzatilmaydi, uni yorqin kelajak kutadi.
Maqola avvalidagi voqeaga qaytsak. Agar Tomas Edisonga onasi xatni o‘z holicha o‘qib berganda edi, ehtimol, u buyuk kashfiyotchiga aylanmasdi. Yillar davomida uning uchun sir bo‘lib yotgan xatni o‘qigandan keyin Edison bir necha soat o‘ziga kelolmadi. So‘ngra o‘z kundaligiga quyidagi jumlalarni bitib qo‘ydi: «Tomas Edison aqli zaif, nochor bola edi. O‘zining qahramon onasi tufayli u o‘z asrining yetuk insonlaridan biriga aylandi».
Yoqutoy NIYOZMUHAMMEDOVA, tc "Yoqutoy NIYOZMUHAMMEDOVA," Sergeli tumanidagi 268-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi