Darsni qanday tahlil etyapmiz?
Dars — o‘qituvchining mahoratini belgilovchi asosiy mezon. Pedagoglar o‘zining dars o‘tish uslubini takomillashtirish, mahoratini oshirish maqsadida hamkasblarining darsini kuzatish va tahlil qilib borishi zarur. Aksariyat dars tahlillarida o‘qituvchi faoliyatidagi kamchiliklar keskin tanqid qilinmoqda. Shu bois yosh mutaxassislar u yoqda tursin, tajribali o‘qituvchilar ham ochiq dars mashg‘ulotlarini tashkil etishga hafsala qilmayapti.
Dars tahlilidan maqsadni yaxshi anglagan holda, o‘qituvchilar o‘zaro tajriba almashishi muhim. Kuzatish, o‘rganish orqali nafaqat fan o‘qituvchisining mahorati, uslubiy jihatdan innovatsion yondashuvi, balki o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi va bilimidagi bo‘shliqlar aniqlanadi. Dars tahlili vaqtida o‘qituvchilar hamkorligida o‘quvchilarda shakllantiriladigan o‘qish, yozish, hisoblash va nutq texnikasiga oid ko‘nikma va malakalar yuqori sinflarda qanday rivojlantirilayotgani, bolalar-ning o‘zlashtirishida yuzaga kelayotgan bo‘shliqlar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama asosida aniqlanadi. Shuningdek, tahlilda birgina dars o‘tgan o‘qituvchining faoliyati emas, balki o‘quv¬chilarining shu bosqich¬gacha boshqa o‘qituvchilardan olgan fundamental bilimlarni qay darajada o‘zlashtirgani ham tahlil qilinadi.
O‘qituvchi dars o‘tish bilan birga darsni tahlil qilish uslubini ham bilishi lozim. Darsni kuzatish va tahlil qilish maqsadiga qarab darsga tahliliy munosabat bildiriladi. Jumladan, darsning kompleks tahlili tashkil etilganda, “Pedagogik tahlil” (o‘qituvchi va o‘quvchi faoliyatining xilma-xilligi), “Psixologik tahlil” (sinfda va jamoada psixologik muhitning yaratilishi), “Ijtimoiy tahlil” (munosabat o‘rnatilishi, yakka yoki guruhlarda ishning tashkil etilishi), “Texnologik tahlil” (pedagogik texnologiyalarning to‘g‘ri tanlan¬ganligi, maqsadga muvofiqligi, qo‘llanilishi), “Professional tahlil” (o‘qituvchining kasbiy mahorati va kasbiga bo‘lgan munosabati), “Metodik tahlil” (didaktik tahlil, o‘quv jarayonining tashkil etilishi, tuzilmasi) kabilar amalga oshiriladi.
Qayd etish lozimki, darsni tahlil qilish uslubi yagona andozaga ega emas. O‘qituvchi umumiy yo‘nalishdagi dars tahlilini bilishi bilan birga o‘z ixtisosligiga oid dars tahlilini ham olib borishi lozim. Bugungi kunda har bir fan yo‘nalishiga xos dars tahlili va uning ilmiy-uslubiy jihatdan asoslangan shakliga ehtiyoj katta. Ya’ni ijtimoiy-gumanitar, aniq va tabiiy hamda amaliy fanlarning xususiyatini hisobga olgan holda tahlil etish maqsadga muvofiq. Jumladan, til va adabiyotni, tarix, davlat va huquq asoslari, din tarixi kabi fanlarni o‘qitishda ko‘proq nazariy bilimlarni o‘zlashtirish va amaliyotga tatbiq etish orqali o‘quvchilarda BKM hamda nutqiy va kommuni-kativ, mustaqil va mantiqiy fikrlash kabi kompetensiyalar shakllantirilsa, biologiya, kimyo, fizika kabi fanlarni o‘qitishda o‘quvchilar nafaqat nazariyani biladi, balki amaliy laboratoriya ishlarini mustaqil tashkil eta olish malakasiga ega bo‘ladi. Amaliy fanlarni o‘zlashtirish jarayonida o‘quvchilarning BKM bilan birgalikda ijod qilish qobiliyati rivojlantiriladi. Shu nuqtayi nazardan bugun¬gi kunda fan yo‘nalishlari kesimida darsni kuzatish va tahlilini o‘tkazish uslubiyatini chuqurroq tadqiq etish va “Dars tahlilini o‘tkazish varaqasi”ni ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, boshqa-boshqa fan uslubiy birlashma o‘qituvchilarining, aniqrog‘i, nafaqat fanlar kesimida, balki boshlang‘ich va yuqori sinflarda dars beradigan o‘qituvchilarning darslarini kuzatish, o‘rganish va tahlil etish jarayonida yondashuvning farqlanishiga e’tibor qaratish lozim.
Dars tahlilini tashkil etishda dars jadvalining tuzilishi, unda fanlarning joylashuv tartibi, tanaffusga ajratilgan vaqt ham nazardan chetda qolmasligi lozim. Tanaffusning qisqa-uzunligi ham o‘quvchi¬ning darsdagi ruhiy-jismoniy (ruhan tetik yoki aqliy toliqish hissi) holatiga ta’sir etadi. Bunda o‘qituvchining mahorati, vaziyatga mutanosib ravishda qo‘llagan uslubiy yondashuvi darsning sifati va samaradorligini belgilab beradi. Darsni kuzatuvchi-o‘qituvchi tahlilda shu jihatga ham e’tibor berishi lozim.
S.YO‘LDOSHEVA, SamDU huzuridagi XTXQTMOHM dotsenti,
G.KAMOLOVA, Samarqand shahridagi 45-maktab o‘qituvchisi