“Ziyo izlagan qalblar” klubi
Kitob tanlash sayohatga chiqishdan oldin o‘zingiz uchun munosib hamroh tanlashga o‘xshaydi. Tanlovda adashsangiz, masofa uzoq va zerikarli tuyuladi. Yo‘ldoshingiz yaxshi bo‘lsa, manzilga yetib borsangiz-da, xayrlashgingiz kelmaydi. Xuddi shu kabi qiziqarli kitoblarni o‘qigach, ularni muhokama qilgingiz, taassurotlar bilan o‘rtoqlashgingiz keladi. Shunday paytda atrofdagilar o‘qishga qiziqmasa, nima qilish kerak? Yoki sizga realistik ruhdagi asarlar yoqib, tanishlaringiz esa fantastik adabiyotlardan zavqlansa, o‘qiganlaringizni kim bilan o‘rtoqlashish mumkin?
“Kitobsevarlar klubi”da esa sizni jon deb eshitishadi. Bu yerda fikrlashadiganlar albatta topiladi. Bunday klublar barchaga sevimli asarlarini muhokama qilish imkonini beradi.
Ichki ishlar vazirligi Namangan akademik litseyida shunday klubni tashkil qilishga undagan sabab ham shu bo‘ldi. Avvaliga loyiha sifatida boshlangan muhokamalar muntazam ravishda o‘tkaziladigan mashg‘ulotga aylandi. Klubni ochishdan maqsad mutolaa madaniyati, xususan, badiiy kitob o‘qish, asarni badiiy tahlil qilish, u haqidagi taassurotlarni erkin bayon qilishni o‘rgatish, natijada bolalarning dunyoqarashini kengaytirishga, mantiqiy fikrlashga, notiqlik san’atidan boxabar bo‘lishga erishish edi.
Klubdagi faoliyatimiz bilan o‘z maslakdoshlarimizni atrofimizga, aniqrog‘i, kitob atrofida to‘plashni niyat qildik. Unda yoshi, mansabidan qat’i nazar, barchaga teng nazar bilan qaralishiga kelishib olindi. Ya’ni, ishtirok etishni xohlagan va albatta biror asarni o‘qigan o‘qituvchi va o‘quvchi qatnashishi mumkin (litsey direktori, polkovnik U.Iminov ham klubning teng huquqli a’zosi ekanini ta’kidlash lozim).
Bu tajriba kutilgandan ko‘ra ko‘proq samara berdi. Har bir suhbatimiz bittadan asar muhokamasiga bag‘ishlandi. Ishtirokchilarga shartlar tushuntirildi. Hamma o‘z fikrini erkin, bemalol bayon qilishi mumkinligi eslatib o‘tildi. Adabiyot, tarix va din mavzusidagi bahsli masalalarga aniqlik kiritish maqsadida o‘qituvchilardan uch nafar ekspert tayinlandi.
Ilk mashg‘ulotligi sabab birinchi savol shunday bo‘ldi: «Kitobni kim yoki nimaga o‘xshatasiz? Javobingizni izohlang». Ishtirokchilar kitobni ustozga, do‘stga, ko‘prikka, nonga, quyoshga, yomg‘irga, suvga, hayotga, buloqqa, kompasga, hamroh, kishan, kema, hattoki parashutga qiyoslashdi. Chiroyli izohlar bo‘ldiki, barcha hayratlandi. Masalan, ikki o‘quvchi kitobni ko‘prikka o‘xshatdi. Lekin ikkalasining ham qarashi o‘ziga xos. Biri kitob — jaholatdan ma’rifatga o‘tadigan ko‘prik, desa, ikkinchisi vaqtlar o‘rtasidagi ko‘prik dedi.
Asar tahliliga o‘tildi. Mazmunini so‘zlab berishga ruxsat etilmadi. Chunki shartga ko‘ra, barcha ishtirokchilar matn bilan tanish bo‘lishi kerak edi.
Quyidagi savol va topshiriqlar o‘rtaga tashlandi:
1. Said Ahmad haqida ma’lumot bering.
2. Hikoya janri haqida gapiring.
3. Nima uchun asar «Qorako‘z Majnun» deb ataladi?
4. Epigraf nima? Shu hikoya epigraflari nimaga ishora qilib turibdi?
Qur’oni karimdan: «Sizlardan qaysi biringiz o‘z dinidan qaytsa va shu kofirligicha o‘lsa, bas, ana o‘shalarning (qilgan savobli) amallari habata (bekor) bo‘lur, ular do‘zax ahlidurlar va u yerda mangu qolurlar» (Baqara surasi, 217-oyat).
Hadisi sharifdan: «Jannatga kiradigan o‘n nafar hayvondan biri bu «As‘hobi Kahfning vafodor itidir» (Al-jome al-kabir.)
O‘quvchilarning javoblariga aniqlik kiritish maqsadida diniy savollar bo‘yicha ekspertimiz hikoyaga tanlangan epigrafni izohlab berdi.
5. Milliy va umuminsoniy qadriyatlar haqidagi fikrlaringizni ayting. Ushbu savolga javob sifatida bolalar bilganicha qadriyatlarga ta’rif berib, asardan misollar keltirishdi.
6. “Kampir juda dono xotin edi”. Ushbu gapni izohlab bering.
7. Saodat xolaning Qorako‘zni ba’zan farzandlaridan ham yaqinroq ko‘rishini qaysi gaplardan bilib olish mumkin?
8. Yumor va satiraning farqi nimada? Asardagi yumor elementlariga misol ayting.
9. Bo‘rixonni manqurt deyish mumkinmi? Manqurt kim? Atamaning kelib chiqishi haqida so‘zlang.
10. Onalar (Nayman ona va Saodat xola) obrazida yoki o‘g‘li bilan uchrashish jarayonini bayon etish mobaynida o‘xshashlikka duch keldingizmi?
11. Gogolning «Taras Bulba» asari yodimga tushdi. Nima sababdan ekanligini ayting-chi?
12. Sizningcha, Bo‘riboy va Andreyni oqlash mumkinmi? Sevib qolish gunohmi?
13. Saodat xola o‘g‘lining nomini tilga ham olmadi. Nima sababdan uni kechirmadi?
Shu o‘rinda bolalardan ajoyib javob oldik: Saodat xola Bo‘rixonning dunyoga keltirib, katta qilgan onasini eslamaganini kechirdi. Ona tilini (xuddi qadimgi shumer tili kabi) unutganini ham kechirdi. Lekin dinidan voz kechganini kechira olmadi.
14. Shayx San’on bilan o‘xshashlik topa olasizmi?
15. “Mentalitet” so‘zining ma’nosi nima?
16. “Ana endi ikki munglig‘ bir-biriga qarab yum-yum yosh to‘kishyapti”. Bular kim? Nima sababdan munglig‘?
17. Hikoyani mustaqil o‘qiganingizda qanday taassurot oldingiz? Birgalikda tahlil qilish jarayonida-chi?
Mashg‘ulot so‘ngida eng faol kitobxon aniqlanib, u klub rahbarining sovg‘asi, ya’ni keyingi mashg‘ulotda muhokama qilinadigan asar — O‘.Hoshimovning “Dunyoning ishlari” kitobi bilan taqdirlandi.
Mana bir yildirki har ikki haftada bir marotaba «Ziyo izlagan qalblar» nomli kitobsevarlar klubi faoliyat yuritmoqda. O‘quvchilar asarni nomi e’lon qilingan kundan boshlab, bemalol o‘qib ulgurishi uchun muhokamalarni ikki hafta oralig‘ida o‘tkazishni belgilab olganmiz.
Klub a’zolari borgan sari ko‘paymoqda. Klub muhokamalarida qatnashish mobaynida o‘quvchilarda erkin fikrlash ko‘nikmalari ancha rivojlandi. Bolalar taassurotlarini ko‘pchilik oldida bayon etishni o‘rganishdi.
Suhbatlarimizga yangiliklar kiritib boryapmiz. Masalan, “Eng yaxshi savol” nominatsiyasi kiritildi. Videosavollar beryapmiz. Bu savollarni dunyoning turli OTMlarida tahsil olayotgan shogirdlarim jo‘natishadi. Har bir suhbatimizni tasvirga muhrlaganmiz. Ularda men tuzgan savollarga o‘quvchilarning ekspromt tarzda bergan javoblari aks etgan.
Dilfuza TURDIALIYEVA, IIV Namangan akademik litseyi oliy toifali o‘qituvchisi