Men anglagan haqiqat
Faoliyatimni kitobsiz tasavvur etolmayman. Beg‘araz do‘stim, dono maslahatgo‘yim, doimiy hamrohim — kitob haqidagi fikrlarim shunday:
Mutolaa asabni tinchlantiradi
Shifokorlar asabni tinchlantirish uchun sayr qilish yoki musiqa tinglashni tavsiya qiladilar. Olimlar o‘qish toliqqan asabni o‘ziga keltiradi, deb hisoblaydi. O‘qing, miyangiz dam oladi, hech bo‘lmaganda har kuni 1 soat kitob o‘qisangiz, charchoqdan xalos bo‘lasiz.
Uyqu istar bo‘lsangiz...
Televizor yoki telefondan tarqalayotgan yorqin nur miyaga uyg‘onish kerakligi haqida signal yuborsa, kitob o‘qish aksincha — uxlash vaqti bo‘lganligi haqida axborot uzatadi. Ishonmasangiz, sinab ko‘ring, uxlash oldidan qo‘lga kitob olib, besh-olti sahifa o‘qishingiz bilan sizni uyqu eltadi.
O‘zgalarni tushunishga o‘rgatadi
Asar qahramonlari bilan birga yashaysiz. Ularning quvonch-tashvishi siznikiga aylanadi. Tadqiqotlarda badiiy asar o‘qigan kishi hayotda o‘zgalar qalb kechinmasi va his-tuyg‘ularini yaxshi tushunishi ta’kidlanadi.
Miya faoliyati yaxshilanadi
AQShning Emori universiteti olimlari kitob o‘qigan insonning intellekti va aqliy salohiyati yuqori darajada bo‘lishini isbotladilar. Tadqiqot mualliflari kitob o‘qish miyadagi asab tolalari sonini oshirishini ta’kidlamoqda.
Tushkunlikdan chiqaradi
Stressga tushgan odam vaziyatdan qanday chiqishni bilmaydi. Eng yaxshi chora — u kitob o‘qisin; chalg‘iydi, asar ichiga kirib, tashvishlarini unutgandek bo‘ladi.
Salohiyatni yuksaltiradi
Yuqori darajadagi aqliy salohiyat egalarining qay biri bilan suhbatlashmang, qanchadan qancha adabiyot durdonalarini o‘qib chiqqaniga amin bo‘lasiz. Ular har qanday mavzuda siz bilan suhbat qura oladi.
Hayotiy maqsadni aniqlashtiradi
Ogayo shtati universiteti olimlari inson qanchalik ko‘p kitob o‘qisa, o‘z hayot yo‘lini shunchalik aniq tanlashini ta’kidlaydilar. Hayotiy to‘siqlarni yengishim kerak, degan kishi kitob mutolaasidan yiroqlashmasin.
So‘z boyligini oshiradi
Davralarda so‘zga chechan, fikri teran kishilarga duch kelasiz. So‘z boyligi bilan hammani o‘ziga qaratayotgan bunday insonlar kitob mutolaasi tufayli notiq bo‘lishgan.
Yozuvchilik kitobxonlikdan boshlanadi
Mashhur adiblar bu darajaga qanday erishdi ekan, hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ularning qo‘lidan kitob tushmagan, havas va ishtiyoq bilan asar o‘qigan bola kelajakda xuddi shunday diltortar roman, epopeya yozsa, bunga kitobxonlik zamin yaratgan, ishonavering.
Chet tilini o‘rgatadi
Doimiy ravishda o‘qigan, uqqan, ta’sirlangan yosh kitobxon boshqa tillarni o‘rganishda unchalik qiynalmaydi, ular grammatikani ham, aniq va tabiiy fanlarni ham yaxshi o‘zlashtiradi.
Tinglash qobiliyatini rivojlantiradi
Ajablanmang, kitob o‘qishning tinglashga nima daxli bor, deb? Ovoz chiqarib qaysidir asarni o‘qiganda, nafaqat tinglash qobiliyati rivojlanadi, balki sabr-toqat bilan tinglay bilish madaniyati shakllanadi.
Alsgeymerning oldini oladi
Tadqiqotlarda aniqlanishicha, ko‘p kitob o‘qigan insonlar Alsgeymer (xotira zaiflashuvi) kasalligiga kamroq chalinar ekan. Miya ham xuddi boshqa a’zolar singari qo‘llab-quvvatlash, mashqlar yordamida mustahkamlanishga doimo muhtojdir.
Ota-ona va bolalar munosabati yaxshilanadi
Birgalikda televizor ko‘rgan oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat bo‘lmasligi mumkin. Lekin ota-ona bolasi bilan birga kitob o‘qisa, mehr-muhabbat rishtasi yana ham mustahkamlanadi.
Moliyaviy qiyinchilikni bartaraf etishga ko‘maklashadi
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, umuman kitob o‘qimaydigan kishilarning 43 foizi qashshoqlikda yashaydi. Ziyolilar orasida esa nochor, qo‘l uchida yashaydiganlar bor-yo‘g‘i 4 foizni tashkil etar ekan.
Jinoyatchilikning oldini oladi
Kitobxon bola nima yaxshi, nima yomon — anglaydi. Qaysi holatda qanday yo‘l tutish zarur — to‘g‘ri qaror qabul qiladi. Panjara ortida o‘tirish, ozodlikdan mahrum bo‘lishning oqibatlari unga ayon. Kitobxon o‘smirlar mayda huquqbuzarlikka kitob o‘qimaydigan tengqurlariga nisbatan 30 foiz kamroq qo‘l urar ekan.
Yaxshilik qilishga undaydi
Yaxshilik qilishni o‘z hayoti mazmuniga aylantirganlarning aksariyati kitobxondir.
Mutolaaga ta’rif-tavsif berishda chek-chegara yo‘q. Kitobni o‘z do‘stiga aylantirgan, uni ardoqlagan bir pedagog sifatida to‘plaganlarimni sanab chiqdim.
Ilhom BOYMURODOV, Termiz tumanidagi 19-maktab o‘qituvchisi