O‘quvchi bilimidagi bo‘shliq – o‘qituvchi bilimidagi bo‘shliqning aksidir
O‘quvchilarni darsga jalb etish uchun noan’anaviy usullardan foydalanamiz. Masalan, didaktik o‘yinlar, kichik sahna ko‘rinishlari, guruhlar bilan ishlash kabi innovatsion pedagogik texnologiyalarni qo‘llaymiz. Mehnatimiz samarasi o‘laroq, o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat yuzaga kelayotganini ko‘rib quvonamiz-u, aslida, qay darajada aniq va puxta bilimga ega bo‘layotganini chuqur o‘ylamaymiz.
O‘quvchilarning fanni o‘zlashtirish darajasini kuzatib, har chorak yakunida fanlar kesimida test sinovlari natijalarini tahlil qilar ekanmiz, ular bilimida aniqlangan bo‘shliqlarni daftar hoshiyasiga qayd etib boramiz. Holat bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqamiz. Ammo bu chora-tadbirlar muammoga yechim bo‘la oladimi? Avvalo, bo‘shliq nima uchun paydo bo‘ldi, degan savolga javob topganimiz ma’qul. O‘quvchi darsdagi mavzuni yaxshi o‘qimaganmi yoki o‘qituvchi yaxshi uqtirmaganmi?
Yaqinda 9-sinf adabiyot fanidan olingan sinov natijalarini tahlil qilib, ayrim xatolarni anglagandek bo‘ldim. Chorak boshida to‘rt soat darsga mo‘ljallangan “Alpomish” dostonini o‘tish davrida aynan yuqorida keltirilgan didaktik o‘yinlar va videoroliklardan foydalandim. O‘quvchi qalbiga milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhini singdirishga harakat qildim. Darsga ajratilgan vaqtning ko‘p qismi tashkiliy ishlar bilan o‘tgani bois, mavzu mazmunini qisqaroq bayon etdim. Mashg‘ulot yakunida yaxshi natijaga erishdim, chunki dostondan olingan taassurot bo‘yicha yozma ishda hamma faol ishtirok etdi.
Shundan so‘ng, Alisher Navoiy va uning “Xamsa”sidagi “Farhod va Shirin” dostoni uchun ajratilgan soatlarda ko‘proq lug‘at bilan ishlash, asarning nasriy bayoni bilan tanishish, tasviriy matnlar yaratish kabi nazariy ma’lumotlarni egallashga qaratilgan ta’lim metodlaridan foydalandim. Bir qarashda biroz zerikarli ko‘ringan dars avvalgisidan ancha farq qildi. Murakkab mavzu mohiyatini ochishda, asosan, yangi mavzu bayoniga e’tibor qaratdim.
Yana bir necha mavzularni o‘tgach, o‘quvchilar bilimini mustahkamlovchi test sinovi o‘tkazdik. O‘quvchilar zerikarli tuyulgan “Xamsa” asaridan berilgan savollarga to‘g‘ri javob topishdi, “Alpomish” dostoni bo‘yicha savollarga javob topishda qiynalishdi. Shunda o‘ylanib qoldim: qayerda xato qildim? “Alpomish” dostonini o‘zlashtirilishi oson, deb qaraganim va “Xamsa” asarini tushuntirgandek har bir ma’lumotga to‘xtalib o‘tmaganim, faqatgina darsdagi bilim bilan cheklanuvchi o‘quvchilar ko‘pligini hisobga olmaganim pand berdi. Bir vaqtning o‘zida turli metodlarni qo‘llash barobarida qimmatli vaqtni boy berish mumkinligini tushundim.
Aslida, o‘quvchi bilimidagi bo‘shliq o‘qituvchining o‘zidagi bo‘shliq ekanligi ham sir emas. O‘qituvchi tayyorgarlik jarayonida faqat darslik bilan cheklanmasdan qo‘shimcha adabiyotlarni varaqlashi kerak. Boisi, o‘quvchi ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishni istaydi. Biz ularni o‘zimizning aktyorlik qobiliyatimiz va puxta bilimimiz bilan jalb eta olsak, o‘g‘il-qizlarning ilm olishga ishtiyoqi hamda fanga hurmati tobora oshaveradi. Bu natijaga erishish uchun ko‘proq izlanish va mehnat talab etiladi. Qolaversa, darslikdagi nazariy ma’lumotlarni yoritishda o‘quvchi bilimidagi bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida yondashilsa, yaxshi ish bo‘lardi. Xususan, adabiyot darsligida “Aruz vaznini o‘rganish” va she’riy san’atlar, lirik janrlar haqidagi mavzular, ona tilidan “Ergashgan qo‘shma gap” mavzusining kengaytirilishi ham mavzularni to‘liq o‘rganishlariga yordam beradi.
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi