Original to‘garak
Har bir sinfda darsda olingan bilimlardan ham ko‘proq bilishni istaydigan o‘quvchilar topiladi. Ularni tarixiy faktlar, murakkab masalalarni yechish, murakkab modellar yasash, fan ustida mustaqil ishlash qiziqtiradi. Yaxshi pedagog o‘quvchilar ongiga matematik bilimlarni singdirish bilan birga, ularda mustaqil izlanish, fikrlash, foydali mehnat malakalarini tarbiyalaydi.
Maktabimizdagi “Yosh matematik” to‘garagida darsda olingan bilimlarni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan fanga doir kechalar, tanlov va olimpiadalar, modellar yasash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘quvchilar ishtiyoqini oshiryapti. To‘garak mashg‘ulotlarida muallimning o‘quvchilar bilan ishlash malakasi ham oshib boradi.
Avvaliga mavzularni belgilash masalasi qiynaydi. Bu borada sinfda yangi mavzuni o‘tish paytidan kelib chiqilgani ma’qul. Shuningdek, biror teoremani isbot qilishda uning boshqa darsliklarda o‘zgacha yo‘l bilan isbot qilinishi yoki shunga doir masalalar yechishda turli usullar borligini aytaman. Biror qoida va teoremani yaratish uchun olimlar rosa ko‘p mehnat qilganini uqtiraman. Shu yo‘sinda isbotlash va masalalar yechishning hamma turlari, kelib chiqish tarixi bilan tanishishga sinfda imkoniyat bo‘lmagani uchun darsdan tashqari vaqtdan unumli foydalanaman. To‘garakdagi eng faol uch nafar o‘quvchining nomini maktabning e’lonlar taxtasiga ham joylashtirib qo‘yaman. Bu o‘quvchilarning mashg‘ulotni puxta o‘zlashtirishga intilishini kuchaytiribgina qolmay, to‘garakda qatnashishni xohlovchilar safini kengaytiradi.
Ishni to‘g‘ri tashkil qilish uchun to‘garakning yillik ish rejasi aniq va puxta tuzilishi kerak. Masalan, bir mashg‘ulotda o‘rganiladigan masalaning mazmuni bilan tanishtirgach, o‘quvchilarga teoremalarni bo‘lib beraman. Ularga tegishli adabiyotlarni ko‘rsataman va ishlab chiqilgan materialni qanday topshirish kerakligi haqida maslahatlar beraman. To‘garak a’zolari tashkiliy masalalarni hal qilish uchun to‘garak boshlig‘ini, o‘quvchilarning ba’zi original yo‘llar bilan hal qilgan masalalarini ro‘yxatga olib borish uchun kotiba saylaydilar. To‘garak mashg‘ulotlari bir oyda kamida ikki-uch marta o‘tkaziladi.
Dastur tuzishda quyidagilarni asos qilib olaman:
1. Imkon boricha tegishli sinflar kesimiga mos materiallarni yorituvchi mavzular.
2. Shu sinfga mo‘ljallangan chuqurlashtirilgan o‘quv materiallari.
3. Qiziqarli matematik va mantiqiy topshiriqlar.
4. Modellar yasash.
To‘garak mashg‘ulotlari quyidagicha boshlanadi:
1. Biror qomusiy olimning biografiyasi haqida o‘quvchining qisqacha ma’lumoti.
2. Matematik topishmoqlar.
3. O‘tgan galgi mashg‘ulotdan kelib chiqqan fikrlarni takrorlash.
4. O‘quvchilarning istagiga ko‘ra, bahsli, jumboqli masalalar yechish.
O‘qituvchi mavzuning asosiy masalalarini tanlashda ma’ruzachiga yordam beradi. Har bir mashg‘ulot muayyan mavzuni o‘rganishga bag‘ishlangani uchun material diqqat bilan o‘zlashtiriladi. Fanga o‘quvchilarning qiziqishini oshirish uchun ba’zi masalalarning modellarini yasash, masalalar yechimining turli yo‘llarini ko‘rsatish, topishmoq va mantiqiy jumboqlarga alohida e’tibor berish maqsadga muvofiq.
Har chorak yakunida to‘garak mashg‘ulotlari matematik kecha o‘tkazish bilan yakunlanadi. O‘quv yili oxirida esa qo‘shni maktab o‘quvchilarini taklif etgan holda, matematika olimpiadasi o‘tkaziladi.
Erkin SAPAROV, Mirzacho‘l tumanidagi 20-IDUMning matematika fani o‘qituvchisi