“Muammoning uch ildizi”
Har qanday murakkab masala yoki muammoning yechimi bir nechta omilga borib taqaladi. Muammoni yechishni ana shu ildizidan boshlamoq lozim.
Tarix darslarida murakkab mavzularning tub ildizini topishga e’tibor qaratib, o‘z navbatida uni shartli ravishda uchga bo‘ldim. O‘z-o‘zidan har bir kichik muammoning yana uch ildizi yuzaga chiqdi. Bu ildizlarni topish ularni yechishni osonlashtiradi. Tarix darslarida o‘quvchining o‘zlashtirishida qiyinchilik tug‘diradigan jihatlardan biri bu — tarixiy shaxslar, sanalar hamda atamalarning ko‘pligidir. Ularning barchasini chalkashtirmay, aniq eslab qolish juda qiyin. “Muammoning uch ildizi” metodida shu muammoni bartaraf etishni maqsad qildim.
Har bir muammo yechimi oddiylikdan murakkablikka qarab o‘quvchini ishlashga, izlanishga yo‘naltiradi. Lekin bunda muammolar yechimi orasidagi izchillikka ahamiyat qaratish lozimki, ular bir-birini to‘ldirishi, bir-biriga bog‘liq bo‘lishi darkor.
1-muammo: Tarixiy shaxs.
O‘quvchi, avvalo, tarixiy shaxs yashagan davrni aniqlashtiradi, keyin bu shaxs amalga oshirgan ishlar yoki u bilan bog‘liq ma’lumotlarni bilib oladi. So‘ng tarixiy shaxsning izdoshlari, shogirdlari, avlodlari — sulola davomchilari haqida ma’lumotga ega bo‘ladi.
2-muammo: Tarixiy sana.
Bunda birinchi galda shu tarixiy asr yoki sanada tarixiy shaxs bilan bog‘liq qanday voqea yuz bergani aniqlanadi. So‘ng voqeaning to‘liq tafsiloti keltirilgan sanaga bog‘liq bo‘lgan sanalar bilan to‘ldiriladi. Keyin aynan shu voqea yuz bergan davr yoki sanada jahon (O‘zbekiston) tarixida qanday voqea sodir bo‘lganini bilib oladi.
3-muammo: Tarixiy atama.
Dastlab tarixiy atama izohi keltiriladi. Keyin uning qaysi tildan olingani, lug‘aviy ma’nosi beriladi. So‘ng bugungi kundagi ahamiyati va kundalik hayotda qo‘llanilishi o‘rganiladi.
“Muammoning uch ildizi” metodidan darsning xohlagan bosqichida yangi bilim va tushuncha berish, takrorlash hamda tarix fani chuqurlashtirib o‘tiladigan sinflarda nazorat ishi sifatida ham foydalanish mumkin. Ayniqsa, o‘tilgan mavzuni mustahkamlash va uyga vazifa bosqichida qo‘llash jarayonida o‘quvchi mustaqil izlanadi, turli manbalarga murojaat qiladi, ijodiy fikrlaydi, muloqotda bo‘ladi, og‘zaki nutqi ravonlashadi. Eng muhimi, unda tarixiy voqelikni tushunish va uni mantiqiy izchillikda tushuntira olish, tarixiy manba va adabiyotlar bilan ishlash kompetensiyasi shakllantiriladi.
Nargiza SAFAROVA, G‘ijduvon tumanidagi 63-IDUMI o‘qituvchisi