Dars ishlanmasi har bir o‘qituvchining o‘zi yozishi kerak bo‘lgan ishdir
Konspektlar.uz “Telegram” kanalida e’lon qilingan “2018-2019-o‘quv yili uchun “Kompetensiyali konspektlar tayyor” rukni ostida barcha fanlardan berilgan dars ishlanmalarini ko‘rib, ko‘zim quvnab ketdi. 10-11-sinf “Ma’naviyat asoslari” darsligini yaratishda bevosita ishtirok etganim sabab, shu fan bo‘yicha tayyorlangan “Ma’naviyat — beqiyos kuch” mavzusidagi namunaviy ishlanmani ko‘rib chiqdim-u, hafsalam pir bo‘ldi.
“Ma’naviyat asoslari” darsligini yaratish jarayonida yuqori talablar asosida mavzular va ularni mustahkamlash uchun berilgan topshiriq va vazifalar aynan o‘quvchilarda hayotiy kompetensiyalarni shakllantirish uchun mo‘jlallangan edi. Endi dars ishlanmasiga e’tiborni qaratamiz.
Dars ishlanmasining boshlanishida kompetensiyalar haqidagi ma’lumot fan dasturidan ko‘chirib qo‘yilgan. Darsning maqsadi ham to‘g‘ri belgilanmagan.
I. Darsning maqsadi:
a) ta’limiy: o‘quvchilarga fanning maqsad va vazifalari, nimalarni o‘rganishi haqida, uning yo‘nalishlari haqida ma’lumot berish;
b) tarbiyaviy: o‘quvchilarga mustaqil fikr yuritishni, olgan bilimlarini hayot bilan bog‘lay olishni, ilmiy dunyoqarashlarini shakllantirish, estetik did axloqiy sifatlarini kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini tashkil toptirish.
Bu o‘rinda ta’limiy va tarbiyaviy maqsadlar aralashtirib yuborilgan. Aynan mazkur mavzuda fanga oid atamalar, g‘oyalar rivojlanishiga e’tibor qaratish kerak edi. Qolaversa, jumlalar savodsizlarcha tuzilgan: “hayot bilan bog‘lay olish” aslida ijtimoiy hayotga tatbiq etish deb yozilishi kerak, “ilmiy dunyoqarashlarini shakllantirish” (bu darsning ta’limiy maqsadi), “estetik did axloqiy sifatlarini kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini tashkil toptirish” jumlasida vergul tinish belgisi qo‘yilmaganidan mazmun butunlay o‘zgarib ketgan. Bunday xatoliklar konspekt mazmuniga putur yetkazadi, ish samarasini kamaytiradi. Shu bois dars ishlanmasi “Telegram” kanali orqali emas, har bir o‘qituvchining o‘zi yozishi kerak bo‘lgan ishdir.
Nargiza ISMATOVA