Cho‘milishdagi asosiy besh qoida
Bolalar orziqib kutgan yoz fasli ham kirib keldi. Ilk kunlardanoq yurtimizdagi dam olish maskanlari, istirohat bog‘lari-yu ko‘ngilochar maydonlar bolalar va ularning ota-onalari bilan gavjumlashdi. Ayniqsa, suv havzalarida miriqib cho‘milayotgan bolalarni ko‘rib, zavqlanmay ilojingiz yo‘q.
Ammo ular orasida duch kelgan suv havzasi, hatto favvoralarga tushib cho‘miladigan bolalarning ham borligi kishi dilini xira qiladi. Har narsaning yo‘rig‘i bo‘lganidek, cho‘milishning ham o‘z qoidalari bor. Yoz maroqli o‘tishi va biror ko‘ngilsizlik sodir bo‘lmasligi uchun nafaqat bolalar, balki kattalarning ham faqat ruxsat etilgan suv havzalaridagina cho‘milishi maqsadga muvofiq.
Suzish — inson salomatligi uchun foydali. U bilan yilning istalgan mavsumida maxsus suv havzalarida shug‘ullanish mumkin. Biroq faqat sportchilargina emas, oddiy insonlar ham cho‘milish uchun xavfsiz sun’iy suv havzalarini tanlashi lozim.
Ba’zan yoz faslida bolalarning shahrimiz husniga ko‘rk qo‘shib turgan manzarali favvoralar tagida cho‘milayotganiga guvoh bo‘lamiz. Aslida, favvoralar cho‘milish uchun emas, balki shu hududdagi mikroiqlimni mo‘tadillashtirish maqsadida foydalaniladigan inshoot hisoblanadi. Ularning suvi aylanma tarzda ishlab, havodagi changlar hisobiga tez ifloslangani bois, gigiyenik jihatdan salomatlikka to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, favvoralarning suvni yuqoriga ko‘tarib beruvchi temir moslamalari bolalar cho‘milganda yoki suvga sakragan paytda tan jarohati yetkazishi hech gap emas.
Tabiat bag‘rida dam olishga chiqqanda ham cho‘milish uchun suvi toza, tubi qum bilan bir tekis qoplangan, o‘ta chuqur va girdobi bo‘lmagan hamda tez oqmaydigan suv havzasini tanlash lozim. Ruxsat etilmagan suv havzalarida tepalikdan sakrash, suvga sho‘ng‘ishga shoshilmang. “Cho‘milish mumkin emas” kabi ogohlantiruvchi belgilarga e’tiborli bo‘ling.
Daryolar, katta suv havzalarida cho‘milish xatarli. Chunki kuchli to‘lqin toliqqan suzuvchini sohildan uzoqqa olib ketishi mumkin. Kimsasiz, ovloq joylarda ham cho‘milmagan ma’qul, aks holda, baxtsiz hodisa yuz berganida yordam beradigan odam topilmaydi. Shunday ekan, cho‘milishdan oldin bir qator xavfsizlik qoidalarini yodga olish zarar qilmaydi.
Quyidagilar taqiqlanadi:
• suv havzalari yoniga kattalarsiz yaqinlashish;
• notanish va taqiqlangan joylarda cho‘milish;
• ko‘prik, to‘g‘on, qayiqlardan suvga sakrash.
Qayiqda suzmoqchi bo‘lsangiz:
• egasiz va texnik nosoz qayiqqa o‘tirmang;
• qutqarish va suvni chiqarib tashlash vositalarisiz yoki qattiq shamol bo‘lganida suzishga chiqmang;
• yoningizga belgilangandan ortiq hamroh va yuk olmang;
• qayiqqa o‘tirgandan so‘ng turish, joy almashish kabi qaltis harakatlarni qilmang;
• bolalarning nazoratsiz suzish vositalariga o‘tirishiga ruxsat bermang.
Cho‘miluvchilarga tavsiyalar:
• cho‘milayotganda havo harorati 30—35 gradus issiq bo‘lishi;
• suv harorati 17—19 gradus iliqdan past bo‘lmasligiga e’tibor bering.
Cho‘milish tavsiya etilmaydigan holatlar:
• qattiq charchoq;
• suzishni bilmaslik;
• oftob urganda;
• qorin och bo‘lganda;
• kasallikdan endigina tuzalganda.
Cho‘milish insondan kuch talab qilgani bois, ko‘pincha suzayotganda tomir tortishishi, toliqqan qo‘l-oyoqlarning uvishib qolishi kuzatiladi. Shunday vaqtda mutaxassislar zarur mashqlarni bajarishni tavsiya etadi. Xususan, barmoqlar tortishganda panjani tezda musht qilgan holda, qattiq qisib, qo‘lni yon tomonga keskin uloqtirganday harakatlantirish va mushtni ochib yuborish lozim.
Boldir mushaklari tortishganda esa pastga engashib, tortishgan oyoq kaftidan ushlab, o‘ziga tomon qattiq tortish kerak.
Son mushaklari tortishganda oyoq yuzasini tashqi tomondan ushlab, tizzani bukib, kurakni orqaga tortish tavsiya etiladi.
Yuqoridagi tavsiyalar siz va farzandlaringizning xavfsiz cho‘milishida asqotishi shubhasiz. Ularga amal qiling va yozni maroqli o‘tkazing!
X.BOBONOV, “Qamchiq” maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik