Farzandingiz nima bilan mashg‘ul?
Ta’til — naqadar yoqimli so‘z! U faqatgina dam olish emas, balki yangi bilimlar egallash uchun ajoyib imkoniyat! Obbo, yana o‘qishmi, deyishga shoshilmang. Respublikamizning barcha hududida joylashgan “Barkamol avlod” bolalar markazlariga borsangiz, hunarmandlikning turli namunalarini ko‘rib o‘rganishga ishtiyoq paydo bo‘lganini o‘zingiz ham sezmay qolasiz.
Dilrabo va Akobir Ergashevlar yozgi ta’tilga chiqqanidan so‘ng uyda biroz zerikib qoldi. Buni payqagan otasi Umrzoq Xoliyorov farzandlarini Toshkent shahridagi “Barkamol avlod” bolalar markaziga olib bordi. Ota-bolalar markazdagi ko‘rgazmaga mahliyo bo‘lib qolishdi. Rasm va ishlanmalarda asosan ezgulik tarannum etilgan. Ayniqsa, Akobirni bir tomoni yam-yashil, bolalarning sport, musiqa, kitob o‘qish bilan bandligi ko‘rsatilgan, ikkinchi tomonida esa bekorchilikdan bir-biri bilan olishib, giyohvandlik, ichish-chekishga berilganlarning ayanchli ahvoli tasvirlangan daraxt shaklida yasalgan maket qiziqtirib qo‘ydi. Bu ishlanmani Bektemir tumanidagi 289-maktabning 1-sinf o‘quvchisi Mushtariybonu Oxunjonova ayni dam ushbu markazda o‘tkazilayotgan “Illatlarga qarshi kurashaylik” mavzusidagi ijodiy ishlar tanlovining shahar bosqichi uchun yasagan ekan. Markazning madaniy ishlar tashkilotchisi Gulbahor Qobilova ota-bolalarga markazda tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati haqida ma’lumot berar ekan, ushbu tanlov haqidagi savollariga ham to‘xtaldi:
— Bu tanlov har yili o‘tkazib kelinadi. Unda “Barkamol avlod” markazlarining barcha o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin. Tanlovning maqsadi o‘quvchilarda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va toksik moddalar iste’mol qilinishining oldini olish, OITSning salbiy oqibatlari haqida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishdan iborat. Tanlov tasviriy san’at va mohir qo‘llar yo‘nalishlarida o‘tkaziladi. Birinchi va ikkinchi bosqichlarda birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchilar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Har bir o‘quvchi mavzuga oid ikkitadan ishlanma bilan ishtirok etadi. Siz ko‘rib turgan ushbu ko‘rgazma ham o‘quvchilarning ishlaridan tashkil etilgan.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 142-maktabning 2-sinfini tamomlagan Akobirga o‘zidan kichik bolakaylar va tengdoshlarining oddiy loy, tosh, plastilin, ayniqsa, maishiy chiqindilardan tomosha qilishga arzigulik ishlanmalar yasagani juda yoqib tushdi. O‘zi ham uyda loydan u-bu narsalar yasab yurardi-yu, lekin yasaganlari bunday chiroyli chiqmasdi. U markazning kulollik hamda rassomlik to‘garaklariga, opasi Dilrabo esa rus tili va to‘qish to‘garagiga a’zo bo‘ldi.
— Men to‘qish to‘garagiga o‘tgan yili ta’tilda ham kelgan-man, — deydi Dilrabo Ergasheva. — Maktab boshlangunga qadar ancha-muncha narsa o‘rgangan edim. O‘qish boshlangandan so‘ng qatnamay qo‘ydim. Uyda bo‘sh vaqtlarimda o‘zimga, qo‘g‘irchoqlarimga chiroyli buyumlar to‘qidim. Bu yil ta’tilda to‘qishni yana ham mukammal o‘rganib, oila a’zolarimga ham liboslar to‘qib bermoqchiman.
Toshkent shahridagi “Barkamol avlod” bolalar markazida bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yozgi mavsum uchun tayyorgarlik avjida. Ayni damda markazda “Badiiy ijodiyot” yo‘nalishi bo‘yicha 14, “Texnik” yo‘nalish bo‘yicha 4, “Ekologiya va o‘lkashunoslik” yo‘nalishi bo‘yicha 2 va “Chet tillar” yo‘nalishi bo‘yicha 5 ta to‘garak faoliyat yuritmoqda. 21 nafar to‘garak rahbari 700 nafardan ortiq o‘quvchiga saboq bermoqda.
Yozgi ta’tilda markazda bolajonlar bo‘sh vaqtini mazmunli va maroqli o‘tkazishi uchun 15-iyundan 15-avgustga qadar “Yozgi maydoncha” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Unda kichkintoylar badantarbiyadan boshlab basketbol, futbol, stol tennisi, shashka, shaxmat bilan shug‘ullanishi mumkin. Jadval asosida hafta davomida bepul to‘garaklar tashkil etiladi. Shuningdek, 5 tashabbus bo‘yicha qiziqarli tadbirlar va sport musobaqalari o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.
Kichik kinoteatr bolajonlar uchun badiiy film va multfilmlar ko‘rish imkoniyatini yaratadi. Yoz davomida to‘garak a’zolari bilan mamlakatning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, yo‘nalishlar bo‘yicha muzeylarga ekskursiyalar tashkil etiladi. Tasviriy san’at yo‘nalishi a’zolari ochiq havoda mashg‘ulot olib borishlari uchun sharoit va jihozlar hozirlab qo‘yilgan.
Endi ham yozda hech narsa o‘rganishni istamayman, deysizmi yoki fikringizni o‘zgartirdingizmi?
Charos YOQUBOVA,
“Ma’rifat” muxbiri