Nostandart fikrlashga o‘rgatadi...
Kimyo murakkab fan hisoblanadi. Uni o‘qitishda samarali natijaga erishish uchun turli metod va usullarni qo‘llash lozim.
Masalan, men darslarimda mavzularning murakkablik darajasi va maqsadiga qarab qator metodlardan foydalanaman. “Himoyaga kim chiqadi?” usuli o‘quvchilarni birdek faol bo‘lishga undaydi. Shuningdek, ularning mas’uliyatini oshiradi. “Tez savolga — tez javob” usulini ham qo‘llab, o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga, yod olingan tushunchalarni bayon qilishga o‘rgataman. Bundan tashqari, “Tarmoqlar (Klaster)”, “Aqliy hujum”, “Matnni davom ettir”, “Raqamli diktant”, “Keys-study”, “FSMU”, “SWOT-tahlil”, “Venn diagrammasi” kabi metodlardan mashg‘ulot jarayonida foydalanish o‘quvchilarning fanga qiziqishini yanada oshiradi.
Bu kabi usullarni dars jarayonida qo‘llash o‘quvchilarni tahlil etish, mustaqil fikrlash va ijod qilishga yo‘naltiradi. Shuning uchun ta’lim jarayonida interfaol usullar, innovatsion pedagogik texnologiyalarni qo‘llashning ahamiyati katta. Qolaversa, ular o‘quvchilarni tayyor bilimlarni mustaqil topib, o‘rganib, tahlil qilish va xulosa chiqarishga o‘rgatadi.
“Aqliy hujum” muayyan mavzu yuzasidan berilgan muammolarni hal etishda keng qo‘llanadigan metod bo‘lib, mashg‘ulot ishtirokchilarini muammo xususida keng va har tomonlama fikr
yuritishga undaydi, shuningdek, o‘quvchilarni o‘z tasavvur va g‘oyalaridan ijodiy foydalanish borasida ma’lum ko‘nikma hamda malaka hosil qilishga rag‘batlantiradi. Ushbu metod yordamida tashkil etilgan mashg‘ulot jarayonida ixtiyoriy muammolar yuzasidan bir necha original yechimlarni topish imkoni tug‘iladi. Bu metod to‘g‘ri va ijobiy qo‘llanganda o‘quvchilar erkin, ijodiy va nostandart fikrlashga o‘rganadi.
“SWOT-tahlil” metodi mavjud nazariy bilimlar va amaliy tajribalarni tahlil qilish, taqqoslash orqali muammoni hal etish yo‘llarini topishga, bilimlarni mustahkamlash, takrorlash, baholashga, mustaqil, tanqidiy fikrlash, nostandart tafakkurni shakllantirishga xizmat qiladi.
“Keys-study” metodi real vaziyatni o‘rganish asosida aniq qarorlar qabul qilishga asoslanadi. Agar u o‘quv jarayonida muayyan bir maqsadga erishish yo‘li sifatida qo‘llanilsa, metod xarakteriga ega bo‘ladi. Biror jarayonni tadqiq etishda bosqichma-bosqich, muayyan algoritm asosida amalga oshirilsa, texnologik jihatni o‘zida aks ettiradi.
“Atamalar tahlili” metodi esa o‘quvchilarning mavzu bo‘yicha tayanch tushunchalarni o‘zlash-tirish darajasini aniqlash, o‘z bilimini mustaqil tekshirish, baholash, shuningdek, yangi mavzu bo‘yicha dastlabki bilimlar darajasini tashxislash maqsadida qo‘llanadi.
Ushbu metodlardan foydalanish inson miya faoliyatining ishlash tamoyili bilan bog‘liq holda kechadi. Muayyan mavzuning ta’lim oluvchilar tomonidan chuqur hamda puxta o‘zlashtirilishiga, qolaversa, o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Umidaxon SODIQOVA, XTV tasarrufidagi tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi