Sport ta’limi muassasalari pedagoglari attestatsiyadan qanday o‘tkaziladi?
Pedagog xodimlar hamda rahbar kadrlar bilimini attestatsiyadan o‘tkazish ularning kasbiy malakasi va faoliyatini yaxlit tarzda baholash imkonini beradi. Attestatsiya natijasiga qarab pedagog va rahbar xodimlarga kasbiy tayyorgarlik darajasi bilan bog‘liq holda toifalar berish imkoniyati ta’minlanadi.
Attestatsiya — mutaxassislarning ishga layoqati, malakasi, bilim darajasi va xulq-atvorini aniqlash va shu asosda ishga tayinlash yoki unvon berish uchun o‘tkaziladigan sinov.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizom maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori va unga muvofiq tasdiqlangan Nizom biz, sport ta’limi muassasalari pedagoglari uchun muhim dasturilamal bo‘ldi.
Nizomda sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari; ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari; bolalar-o‘smirlar sport maktablarining pedagog kadrlari attestatsiyasini tashkil etish va attestatsiya komissiyalarini tuzish ham belgilab qo‘yilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda har yili 20-yanvarga qadar pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish jadvalini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Sport ta’limi muassasalari rahbarlari attestatsiya muddatini bir oy oldin e’lon qiladi hamda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi bilan tanishtiradi.
Sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha attestatsiya komissiyalari tegishliligiga qarab ketma-ketlik tartibida tuziladi. Ya’ni, oliy malaka toifasiga talabgor pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalarida, birinchi malaka toifasiga talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport bo‘limlarida, ikkinchi malaka toifasiga talabgor pedagoglar uchun tegishli ta’lim muassasalarida attestatsiya komissiyalari tuziladi va attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabinternatlari, bolalar-o‘smirlar sport maktablarining pedagog kadrlari chuqurlashtirilgan va kasbiy ta’lim fanlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tadilar.
Nizomda majburiylik, davriylik, oshkoralik hamda xolislik attestatsiyaning asosiy prinsiplari hisoblanishi, pedagog kadrlar har besh yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkazilishi, ishga yangi qabul qilingan pedagog bir yildan keyin, ta’lim muassasasini bitirib birinchi bor ishga kirgan yosh pedagog kasbiy faoliyatiga uch yil to‘lgandan so‘ng attestatsiyaga jalb etilishi, malaka toifalari ta’lim muassasalarining bir turidan boshqasiga ishga o‘tganda saqlanishi kabi jihatlarga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Zarif BEGIMQULOV