Mustaqillik darsiga tayyormisiz?
O‘quvchilar yangi o‘quv yili boshlanishini intiqlik bilan kutib, maktabdagi ilk mashg‘ulotni jonquloqlari bilan tinglashadi. Shu bois barcha sinflar uchun “Mustaqillik darsi” qizg‘in va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilishi an’anaga aylangan. O‘quv zallari, sinfxonalar o‘ziga xos rangli ko‘rgazmalar bilan bezatiladi. Mashg‘ulotda davlat ramzlari, globus va texnik vositalar yordamida bolalarning tasavvuri boyitiladi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinflar uchun yurt madhi aks etgan she’r va qo‘shiqlar ijrosi, rasmli tarqatma materiallar qiziqarli bo‘ladi.
Bu yil “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostidagi mashg‘ulotlarga yangiliklar va muhim ma’lumotlar tayyorladim. Jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, ta’lim tizimidagi islohotlar multimedia vositasi orqali uzatiladigan tasvirlarda qisqa va sodda usulda o‘z ifodasini topadi.
Sinf o‘quvchilari “Vatan” hamda “Zamin” guruhlariga bo‘linadi. Ular mashg‘ulot davomida kichik sahnaga osilgan sxema va diagrammalar, “O‘yla, izla, top”, “Sirli sharcha” kabi chizmalarni talqin etib, krossvord hamda rebus yechishi lozim. O‘yin metodining bu shartlarida o‘quvchilar kartochkalarga yashirilgan savollarga javob berib, ball to‘plashadi. “Prezidentimiz tomonidan 2019- yilga qanday nom berilgan?”, “Davlatimiz tomonidan ta’sis etilgan qanday orden, medal va nishonlarni bilasiz?”, “Respublikamizdagi viloyatlar soni nechta?” kabi savollar beriladi. 5—10 daqiqa ichida o‘quvchilar to‘g‘ri javob topishga urinishadi. Qaysi guruh o‘quvchilari yuqori ball to‘plasa, rag‘bat kartochkalari beriladi.
“Sehrli sharcha” usuli ham juda qiziqarli tashkil etiladi. Bayramona kayfiyat ulashish maqsadida xonaning ikki tomonida sharchalar osiladi. Ular ichidagi havo bo‘shatilgach, qog‘ozcha uchib chiqadi. Turli savollar yozilgan qog‘ozchani o‘qituvchi avvaldan tayyorlab, sharni shishirish paytida joylab qo‘yadi. O‘quvchilar rangli sharchalardan tanlashadi va maxsus topshiriqni bajarishadi. Bu usulda ham aniq fikrlovchi, bilimli va faol yoshlar rag‘batlantiriladi.
Shundan so‘ng Vatan haqidagi she’rlarni yoddan aytish, xalq maqollari va aforizmlardan namunalar keltirish, rasm chizish kabi ko‘ngilochar mashqlar bajariladi. Musobaqa nihoyasida o‘z bilimini hayotiy misollar asosida to‘g‘ri ifodalab bergan, tasvirlagan va ijro etgan bolalarga sovg‘alar ulashiladi. Dars yakunida uyga vazifa sifatida “Mening jonajon o‘lkam!” mavzusida tasviriy ish tayyorlab kelish topshiriladi. Bu ijodiy ishda o‘quvchilar tabiat qo‘ynidagi ajoyib manzaralarni chizishadi.
Farida NALIBOYEVA, G‘allaorol tumanidagi 73-maktab o‘qituvchisi