Kreativlikka e’tibor zarur
Yodingizda bo‘lsa, ta’lim jarayonida kreativlikka e’tiborni kuchaytirish zarurligi haqida yozgandim. Endi o‘sha fikrimni biroz izohlamoqchiman.
Bugun biz o‘quvchiga turli mashqlar berib, uni bajarishini yoki kitobdagi ma’lumotni yod olishini talab qilamiz. Shunga ko‘ra baho qo‘yamiz. Bir qarashda bu oddiy holdek tuyuladi. Ammo bu yo‘l bilan o‘quvchilarni faqat baho uchungina o‘qishga o‘rgatib qo‘yish mumkin.
Qolaversa, biz ulardan allaqachon yozib qo‘yilgan bilimni qayta yozish yoki masalani qaytadan bajarib berishni so‘rayotganimizni tushunishimiz kerak! Bu o‘quvchini bir qolipdan chiqmay ishlashga undash-ku! Yodlab olsa bas, bahosi besh degani-ku! Menimcha, masalaga biroz boshqacha yondashgan ma’qul.
Ya’ni har qanday vaziyatda ham o‘quvchini o‘z fikrini bayon qilishga o‘rgatish kerak. Aytaylik, biror masalaning ikki xil yechimi bo‘lsa, birdan ikkala yechimni ham o‘quvchiga ko‘rsatmasdan: “Sen masalani yana qanday usulda yechgan bo‘larding?” deb so‘rash mumkin.
Yoki geografiya fanida o‘quvchilarga Yer sharining dumaloq ekani va o‘z o‘qi atrofida aylanishini o‘rgatmoqchi bo‘lsak, ma’lumotni shunchaki bermasdan, bolalarni tasavvur qilishga undash mumkin. “AQSh qaysi tomonimizda?”, “U yerga borish uchun qaysi tarafga yurish kerak?”, “Nima deb o‘ylaysiz, Yer
qanday shaklda?”, “Nega fasllar doim bir vaqtda takrorlanaveradi?” kabi savollardan foydalanish lozim.
Nima bo‘lganda ham bir qoidaga amal qilish kerak: yaxshi o‘qituvchi o‘quvchiga qayerga qarashni ko‘rsatadi, ammo nimani ko‘rish kerakligini o‘quvchining o‘ziga qo‘yib beradi. O‘quvchi esa mustaqil fikriga tayanib, narsalarni tasavvur orqali ko‘radi. Bu juda samarali usul.
Hozir ma’lumotlarni yod oldirib, o‘qitayotgan tizimimiz bizga nima berishi mumkin? Keling, buni ham ko‘rib chiqamiz. Qayerdadir maktabda a’lo bahoga o‘qiydigan o‘quvchilardan ajoyib xodim, nari borsa, rahbar yordamchisi chiqadi, deb o‘qigandim. Chunki ular avvaldan boshqalar bergan ma’lumot atrofida o‘ralashib, buyruqlarni a’lo darajada bajarishga o‘rgatilgan bo‘ladi. Aksincha, u qadar ham a’lo bahoga o‘qimaydiganlardan esa yetakchilar chiqishi mumkin. Sababi ularning mustaqil fikri hali bo‘g‘ilmagan bo‘ladi.
Ravshan MATMUSAYEV