26-sentabr kuni qanday voqealar sodir bo‘lgan?
976-yil — amiri Rashid nomini olgan, Somoniylar davlatining 976—997-yillardagi hukmdori Nuh ibn Mansur (963—997) mamlakat taxtiga o‘tirdi. Mashhur tabib Abu Ali ibn Sino 16 yoshida Nuh ibn Mansurni davolab, o‘sha davrda Sharqdagi eng boy kutubxona sanalgan Somoniylar davlatining kutubxonasida mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
1875-yil — Namanganga kelgan Turkiston general-gubernatori Konstantin Petrovich fon Kaufmanga Andijon shahrida va unga yaqin bo‘lgan joylarda Po‘latxon va Abdurahmon oftobachi boshchiligida katta qo‘shin to‘planganligi haqidagi xabar yetib bordi: «Andijonliklar shaharning o‘n ikkita katta ko‘chasida turli narsalardan to‘siqlar o‘rnatganlar. Andijon himoyasi uchun shaharliklardan tashqari, qishloqlarning aholisi ham kelgan. Shahar himoyachilarining soni 60—70 ming kishidan iborat bo‘lib, ularga Abdurahmon oftobachi boshchilik qilgan. Po‘latxon esa 15 ming qirg‘iz bilan ruslarga orqa tarafdan zarba berish maqsadida shahar chekkasiga o‘rnashgan».
1991-yil — O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik xizmati tuzildi.
1991-yil — Toshkentda Jahon o‘zbeklari(turkistonliklar)ning xalqaro anjumani o‘tkazildi.
1992-yil — O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining loyihasi puxta ishlovlardan so‘ng Konstitusiyaviy komissiya qarori bilan umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilindi.
O‘zbekiston Milliy universiteti tarix fakulteti talabasi Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi.