28-sentabr kuni qanday voqealar sodir bo‘lgan?
1375-yil — temuriylar saroyida xizmat qilgan tarixchi olim Fasih Havofiy tavallud topdi (vafoti — taxminan 1443-yil). U 1433—1442-yillarda «Fasihiyning (tarixlar) majmuasi» tarixiy asarini yozdi va uni Amir Temurning o‘g‘li Shohruxga taqdim etdi. Bu asar «Tarixiy sanalar yig‘indisi» deb ham nomlanadi.
1528-yil — shayboniy sultonlar bilan Eron shohi Tahmasp I (hukmronligi: 1524—1576) qo‘shinlari o‘rtasida Jom viloyatining Zurobod mavzesida ro‘y bergan Jom jangi nihoyasiga yetdi. Unda shayboniylar mag‘lubiyatga uchradi.
1873-yil — Rossiya—Buxoro shartnomasi imzolandi. Unda Buxoro amirligi Rossiyaning protektorati (tobesi; homiyligi ostidagi hudud) deb e’lon qilindi.
1926-yil — Samarqand viloyatida Kattaqo‘rg‘on, Namangan viloyatida Pop tumanlari tashkil etildi.
1929-yil — VKP(b) Qoraqalpog‘iston viloyat qo‘mitasi kotibiyati Chimboy va Taxtako‘pirdagi voqealar munosabati bilan Qoraqalpog‘iston poytaxti To‘rtko‘lda favqulodda holat e’lon qildi.
1957-yil — Parda Tursun taxallusi bilan ijod qilgan yozuvchi Parda Tursunov vafot etdi (tavalludi — 1909-yil). U 1937—1938-yillarda O‘zbekiston Markaziy Ijroiya qo‘mitasi raisi kotibi lavozimida faoliyat yuritdi. U 1949-yilda dastlab «O‘qituvchining yo‘li», keyin esa 1951-yilda «O‘qituvchi» romanini yozdi.
1991-yil — Toshkentdagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Alisher Navoiy haykali va uning nomi bilan ataladigan katta bog‘ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
1993-yil — Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ilk bor ma’ruza qildi.
1998-yil — Toshkentda Osiyo Taraqqiyot bankining doimiy vakolatxonasi ochildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti tarix fakulteti talabasi Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi.