Shvebish Hall tajriba maydoni
Fan va texnika taraqqiyoti jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunda respublikamizda xorijiy tillarni o‘rganishga ehtiyoj tobora ortmoqda. Zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan fan kabinetlari, turli xil ko‘rgazmalar, axborot-resurs markazlaridagi sharoitlar, jumladan, nemis tili o‘qituvchilarining Germaniyada malaka oshirishlari uchun berilayotgan imkoniyatlar fikrimiz dalilidir.
Joriy yil Gyote instituti tomonidan nemis tili o‘qituvchilari uchun o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘lib, Germaniyaning Shvebish Hall shahrida malaka oshirib keldim. Seminar “Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun nemis tili” mavzusida tashkil etilib, mashg‘ulotlar 2 hafta davomida Martina Nid xonim tomonidan eng zamonaviy usullardan foydalangan holda qiziqarli tarzda olib borildi. Birinchi kuniyoq har bir ishtirokchi 2 haftalik seminar rejasi bilan tanishtirildi. Har kuni ertalab til mashg‘ulotlari, tushlikdan so‘ng esa metodika va didaktika darslari, undan so‘ng esa Shvebish Hall shahri va uning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdik: novvoyxonaga, Komburg monastiriga sayohat, zinali teatrga, Vyurt san’at saroyiga, Globe teatriga, Hohenloe va Haylbronn shahriga ekskursiya, kofe va pirogli bayram va xayrlashuv kechasi tashkil qilindi.
Shvebish Hall shahri Germaniyaning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, Koxer daryosi bo‘yida joylashgan. Men mehmon bo‘lgan oila bekalarining aytishicha, u XIII yoki XIV asrda tashkil topgan bo‘lib, hozirgi kunda 38 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi.
Seminar davomida xorijiy tillarni o‘qitishdagi yangi metodlar, o‘yinlar, qo‘shiqlar, she’rlar, 4 ko‘nikma, ya’ni: tinglab tushunish, o‘qib tushunish, yozish va gapirish ko‘nikmalarini o‘quvchilarga singdirishning samarali usullari haqida ma’lumotga ega bo‘ldik. Biz ham o‘z mamlakatimiz va maktabimizni boshqa davlatdan kelgan hamkasblarimizga taqdimot orqali tanishtirdik va shu orqali turli davlatlar — AQSh, Turkiya, Chili, Ozarboyjon, Fransiya, Moldova, Vengriyadan kelgan hamkasblarimiz bilan tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldik.
Seminar davomida bir-biridan qiziqarli metodlarni o‘rgandik. Shulardan biri “Fliegeklatschen”, ya’ni “Pashsha tutish” o‘yinidir. Bunda o‘quvchilar 2 guruh bo‘lib qatorga turadilar. Ikkala guruhning ham birinchi ishtirokchisiga pashshaurar beriladi. Doskaga rasm yoki so‘zlar osib qo‘yiladi. O‘qituvchi qaysi so‘zni nemis tilida aytsa, o‘quvchilar pashshaurar bilan o‘sha rasmni urishlari kerak. Yoki shu o‘yinni boshqacharoq qilib, doskaga nemischa so‘zlarni osib, o‘qituvchi so‘zni o‘zbek tilida aytsa, o‘quvchilar pashshaurar bilan o‘sha so‘zning nemischasini urishlari kerak. Bu o‘yin boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining darsga bo‘lgan qiziqishlarini oshiradi va darsda faol bo‘lishga undaydi.
Shunday o‘yinlardan yana biri “Liederpflucken” — “Qo‘shiqlar terish” (qo‘shiqlar to‘plash). Bilamizki, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini darsga qiziqtirishning yana bir usuli qo‘shiqlardir. Qo‘shiqlar yordamida ularning xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqishlari yanada ortadi. Bu o‘yinda har bir sinfga o‘ziga mos qo‘shiq tanlanadi va shu qo‘shiqdan asosiy so‘zlarni o‘qituvchi qog‘ozlarga yozib, stol ustiga yoyib chiqadi. O‘quvchilar stol atrofiga turib oladilar. Qo‘shiqni tinglash jarayonida o‘quvchilar stolni aylanib qo‘shiqni tinglaydi, raqsga tushadi va eshitgan so‘zlarini yig‘adi. Kim ko‘p so‘z yig‘sa, g‘olib hisoblanadi. Bu o‘yin o‘quvchilarning nemis tiliga bo‘lgan qiziqishini oshiribgina qolmasdan, ularning lug‘atini boyitadi va mustahkamlaydi. Shu bilan birga tinglab tushunish qobiliyatlarini oshiradi.
Har kuni ertalab Nid xonim darsni yangi usul bilan boshlashi barchamizga birdek ma’qul bo‘ldi. Masalan, “Bugun badantarbiya qilamiz!”, deb badantarbiya mashqlarini bajarardik va shu mavzu bo‘yicha so‘z boyligimizni mustahkamlardik.
Bu esa boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga juda mos keladi. Bundan tashqari, ko‘chalarga chiqib, aholi bilan suhbat qurdik. Ular bizning savollarimizga bajonidil javob berishdi. Bir hamkasbim yo‘lovchilarning biridan Shvebish Hall shahri aholisi qaysi shevada gapirishini so‘radi va bu shevaga oid so‘zlardan misollar keltirishini iltimos qildi. Bildikki, bu shahar aholisi hohenlonisch shevasida so‘zlasharkan. “Hohenloe” Shvebish Hall joylashgan hududning nomi ekan. Ma’lumki, nemis tili shevalarga juda boydir. Bir hududda yashovchi kishilar o‘z shevasida gapirsa, boshqa hudud aholisi uncha tushunmaydi.
“Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi” degan naql bekorga aytilmagan. Biz ham tilini o‘rganayotgan davlat haqida ko‘p eshitganmiz, lekin bu mamlakatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, nemis oilalarida yashaganimiz bilimlarimizni mustahkamlashga katta bir imkoniyat bo‘ldi. Har kuni tanishgan diqqatga sazovor joylar va kunlik darslarimiz haqida uy (egalari) bekalari bilan gaplashdik. Nemis xalqi haqiqatan ham mehmondo‘st ekan.
Yangi o‘rgangan so‘zlarimiz yodda qolishi uchun qog‘ozga yozib, doskaga ilib, har kuni ularni takrorlab bordik. Seminarning so‘nggi kuni har birimiz o‘rgangan, o‘zimizga yoqqan so‘zlarni tanladik va hammamiz seminar haqida o‘z fikrlarimizni bildirdik. Gyote instituti tomonidan har bir ishtirokchiga kitob, ko‘rgazma, tarqatma materiallar taqdim etildi. Germaniyada bo‘lib o‘tgan bu seminar xotiramizda ajoyib, qiziqarli va yorqin xotiralar qoldirdi.
Muattar JO‘RAXOLOVA, Paxtachi tumanidagi 45-maktabning nemis tili o‘qituvchisi