“X” bilan yozaymi yoki “h” bilan?!

Mashg‘ulotlarimizda interfaol usullardan qancha ko‘p foydalansak, o‘quvchilarning diqqatini dars mazmuniga shuncha ko‘p qaratishimiz mumkin. O‘quvchilarim yozgan diktant, insho va bayonlarni tekshirar ekanman, orfografik xatolar ko‘p ko‘zga tashlanadi. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, aksar hollardagi xatolar “h” va “x” undoshlarini ajrata olmaslik bilan bog‘liq. Eng achinarlisi, ba’zi o‘qituvchilarning o‘zlari ham bu harflarni dadil ajrata olmaydi. Shuning uchun quyida “h” va “x” undoshini farqlashga yordam beradigan ba’zi usullarni tavsiya qilmoqchiman.
Avvalo, o‘quvchilarga “h” va “x” undoshining talaffuzi yaxshilab tushuntiriladi. Talaffuz qilayotganda bo‘g‘iz bo‘shlig‘ida — un paychalari o‘rtasidagi tor oraliqda hosil bo‘ladigan, jarangsiz sirg‘aluvchi bog‘iz tovushi “h” hamda chuqur til orqasidan chiqadigan, jarangsiz sirg‘aluvchi “x” tovushlarining talaffuzdagi farqli tomonlari amalda ko‘rsatiladi.
Quyida harflarni ajratish metodikasi va uni xotirada saqlab qolish usullari haqida ma’lumot beramiz.
Birinchidan, rus tilidan kirgan so‘zlarda hech qachon “h” tovushi uchramaydi. Masalan: texnika, ximiya…
Ikkinchidan, so‘z o‘rtasida kelgan “h” undoshi qatnashgan so‘zni talaffuz qilishda “h” undoshi “y”lashadi. Masalan, Rahim — Rayim, Shohista — Shoyista, Shohimardon — Shoyimardon, Zohid — Zoyid, Sohib — Soyib, Shohida — Shoyida...
Bunda e’tibor berish kerak bo‘lgan holat: “h” dan keyin “i” unlisi kelgan bo‘lishi kerak. Chunki i unlisidan boshqa tovush kelganda “h” “y”lashmaydi. Masalan: Burhon, Qahhor, zahar, baham, Is’hoq va boshqalar.
Uchinchidan, “i” unli tovushidan keyin doim “x” harfi keladi: ixtilof, ixtiyor, ixlos, ixtiro, ixtisos, ixcham, omixta, pix, mix, six...
Bunda sharti: x undoshi yopiq bo‘g‘inning oxirida kelishi kerak. Bo‘g‘inning boshlanishida kelsa, “h”lashadi. Masalan, ji-hat, imti-hon, ni-hoyat, ji-hoz, isti-hola, ni-hol va hokazo.
To‘rtinchidan, “e” unli tovushidan keyin hamisha “h” harfi keladi: meh-mon, deh-qon, be-hi, eh-tirom, isteh-zo, isteh-kom, mehr, meh-rob, meh-ribon, sehr, cheh-ra, eh-son, eh-tiyoj, eh-timol, eh-tiros, eh-tiyot, eh-rom, Beh-zod...
Beshinchidan, “x” tovushi bilan boshlangan aksar so‘zlardan x tovushi olib tashlansa, so‘z ma’nosi tubdan o‘zgaradi. H bilan boshlangan so‘zlarda esa ma’no o‘zgarmaydi.
Xayol — ayol, xona — ona, xazon — azon, xamir — amir, xanda — anda, xasta — asta, xato — ato, xil — il, xol — ol, xola — ola, xon — on, xor — or, xos — os, xotin — otin, xoch — och...
Oltinchidan, yana shunday shakldosh so‘zlarni ko‘rish mumkinki, har ikkalasi ham, deyarli, bir xil yozilgani bilan ma’nolari turlicha bo‘ladi. Bunda shu so‘z qatnashgan gap ma’nosiga e’tibor beriladi. Masalan, hil (hil-hil pishmoq) — xil (biron narsaning turi), hol (holat, vaziyat) — xol (yuzdagi xol ma’nosida), shoh (podshoh) — shox (daraxtning shoxi) so‘zlarini misol qilish mumkin. Bu so‘zlarni bilimni mustahkamlash darslari yoki darsdan tashqari mashg‘ulotlarda o‘yin tarzida o‘rgatib, yozdirib qo‘yish orqali o‘quvchida ma’nolariga qarab turib tovushlarni ajrata olish ko‘nikmasi rivojlantiriladi.
Shunday so‘zlarni oson yodlashlari uchun o‘quvchilarga bu harflar qatnashgan maqol, topishmoq va tez aytishlarni berish foydadan xoli bo‘lmaydi.
“Ha-, hi-, ho-” ta’limiy o‘yinida o‘quvchilar uch guruhga bo‘linib, ularga xa-, xo-, xi- bo‘g‘inlari bilan boshlanuvchi so‘zlarni topib yozish vazifa qilib beriladi.
“Sinkveyn” usulida biror so‘z aytiladi. Unga tegishli 5 ta ma’lumot keltiriladi. Misol uchun: hashorat so‘zi.
1. Nima? Hashorat. (Ot so‘z turkumiga kiradi).
2. Qanday hashorat? Zararkunanda, foydali.
3. Nima qiladi? Uchadi, o‘rmalaydi, sudraladi…
4. Hashoratlarning ba’zilari tabiat uchun juda foydali.
5. O‘rgimchak, ari, chumoli, qo‘ng‘iz, shilliqqurt.
Ta’limiy diktant uchun ertak yozdiriladi. Bunda ikki bola: Xayrullo va Hakimjon haqida hikoya qilinadi. Xayrulloning uyida ham, fe’lida ham faqat x undoshi qatnashadigan narsa va xislatlar mavjud bo‘ladi. Hakimjonning hayotida esa faqat h undoshi qatnashgan so‘zlarni ko‘rish mumkin. Misol uchun:
IKKI DO‘ST
Hakimjon bilan Xayrullo juda yaqin do‘st. Lekin hech ham bir-biriga o‘xshamaydi. Hakimjon juda hazilkash, mehribon, halol yigit. Uning otasi hunarmand, onasi esa hamshira. Hakimjon kelajakda hisobchi bo‘lmoqchi. Bu kasbda hushyorlik talab qilinishini u yaxshi biladi. Xayrullo esa ozgina xayolparast. Uning otasi xirurg, onasi esa ximiya fanidan dars beradi. Ko‘pincha maktabdan qaytishda xiyobon oralab ketib, dam oluvchilarga xalal beradi. U bunday xunuk odatini tashlasa, onasi juda xursand bo‘lishini aytdi.
Topshiriq: h harfining tagiga bir chiziq, x harfiga esa ikki chiziq chizing.
Yuqorida berilgan uslub va metodlarni dars jarayoni va darsdan tashqari to‘garaklarda muntazam qo‘llash o‘quvchilardagi bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarning rivojlanishiga yordam beradi.
Nodiraxon TURSUNOVA, Shahrixon tumanidagi 44-IDUM o‘qituvchisi