Mahorat va bilimni oshiruvchi usullar
Yangi o‘quv yilida qator darsliklar yangilanib, takomillashgan variantda chop etildi. Jumladan, “O‘zbek tili” darsligining rang-barang mavzular bilan boyitilishi o‘quvchilarning shu fanga qiziqishi va ta’lim sifatining oshishiga xizmat qilyapti.
Darslikdagi ma’lumotlarni yetkazishda pedagog innovatsion texnologiyalardan foydalanishi, mahorat bilan ishlashi muhim ahamiyatga ega. “Aqliy hujum”, “Guruhlar munozarasi”, “Tanqidiy tafakkur”, “Rolli o‘yin” kabi innovatsion usullar mashg‘ulotning qiziqarli tashkil etilishiga yordam beradi. “Keys”, “Baliq ovi”, “Hukm”, “So‘zdan so‘z yasash” kabi usullarni ham sanab o‘tish mumkin.
“Hukm”
“Hukm” usuli guruhlarda ishlash, mavzu bo‘yicha muhokamali vaziyat yaratishni taqozo qiladi. Avvalo, muhokama etiladigan badiiy asar tanlab olinadi. Masalan, “Zumrad va Qimmat” ertagini olaylik. O‘quvchilar “Oqlovchilar” va “Qoralovchilar” guruhlariga bo‘linadi. “Oqlovchilar” guruhi asardagi timsollarni tahlil qiladi. Ular ertakdagi chol, kampir, Zumrad va Qimmatning xatti-harakatlaridagi ijobiy tomonlarga e’tibor qaratadi. Masalan, cholning oila ta’minoti uchun tinmay harakat qilishi, qizining ona tarbiyasini olishi uchun qayta uylanishi, Qimmat bilan sirdosh, dugona bo‘lishini istashi…
“Qoralovchilar” asardagi personajlarning ayrim xatti-harakatlarini qoralaydi.
Tahlil jarayonida ular oqlovchilar fikriga qarshi chiqishi yoki ba’zi masalalarda ularni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Bu guruhdagilar xolis fikr yuritishi lozim. Qolaversa, o‘quvchilar oiladagi ziddiyatning kelib chiqish sabablariga to‘xtalishadi: cholning doimiy ish bilan bandligi, kampir hamda qizining hech bir foydali ish bilan shug‘ullanmasligi, Zumrad xarakteridagi bo‘shanglik, haddan ortiq ko‘ngilchanlik…
Ushbu usuldagi darsda uchinchi guruh “Maslahatchilar” bo‘lib, bu jamoa a’zolari har ikki tomon uchun xolis fikr bildiradi. Mashg‘ulotni hakam — fan o‘qituvchisi boshlab beradi va boshqaradi. Masalan, “Nega ertak “Zumrad va Qimmat” deb nomlangan?”, “Oilada mehr to‘g‘ri taqsimlanganmi?”, “Uydagi muhitga kim ko‘proq mas’ul?”, “Ertakda nega onasi qizini haddan tashqari erkalashi tasvirlangan?”, “Sizningcha, ota oila to‘kisligi uchun qanday rejalar tuzishi mumkin edi?” kabi savollar bilan murojaat etib, ertak hozirgi davr bilan bog‘lanadi. O‘quvchilarga yurtimizda imkoniyatlar kengligi, ko‘p millatli xalqimizning mehmondo‘st, insonparvarligi to‘g‘risida tushuncha beriladi.
“Bilardim, bilib oldim, bilmoqchiman”
Sinf taxtasi uch qismga bo‘linadi. Birinchisiga “Bilaman”, ikkinchisiga “Bilib oldim”, uchinchisiga “Bilishni xohlayman” deb yoziladi. So‘ng o‘qituvchi o‘quvchilardan o‘tiladigan mavzu xususida nimalar bilishini so‘raydi. Masalan, “Qo‘shma gap, ularning turlari va gap qismlarini bog‘lovchi vositalar” mavzusi haqida o‘quvchilar bilganlarini “Bilaman” ustuniga yozadi. Darslikdagi qoidalar asosida o‘rganganlarini “Bilib oldim” ustuniga qayd etadi. “Bilmoqchiman” ustuniga o‘quvchilar qo‘shma gaplar haqida yana nimalarni bilishni xohlashi, ularni qanday ma’lumotlar qiziqtirishini yozishadi. Bu ustunni to‘ldirishda o‘qituvchi bilimi, mahorati muhim. Chunki o‘quvchi nimani bilishni istashi va so‘rashiga muallim tayyor turishi kerak.
Bundan tashqari, “So‘zdan so‘z yasash” usuli orqali bir so‘zdan (O‘zbekiston: o‘z, bek, ek, nok, noz, to‘n kabi) bir necha so‘z tuzish o‘yini ham o‘quvchini ziyraklikka, hozirjavoblikka undaydi.
“Tinglash, tushunish va aks ettirish” usulida esa o‘quvchilar o‘qituvchi o‘qib eshittirgan matndan tushunganlarini daftarda aks ettirishadi. Qisqa matnlar asosida yozilgan fikrlar bolaning tafakkuri va yozma nutqini rivojlantirishga yordam beradi. Husnixat hamda ommaviy diktantlar tanlovi ham o‘quvchining imlo savodxonligini oshirishda muhim omil sanaladi. Bu usullar o‘quvchilarni o‘zbek tilining boy va serjilo qirralari haqida mustaqil mushohada yuritishga undab, so‘z va uning ma’nolari borasidagi tasavvurini kengaytiradi.
Gulbahor BOZOROVA, Boysun tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi