O‘quvchi to‘g‘ri va ravon so‘zlasa yozma ishdan ham “5” oladi
Har yili “Bilimlar kuni”da birinchi sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchi katta hayajon bilan maktab partasiga o‘tiradi. Biz — pedagoglar ilk kundanoq har bir o‘quvchining nutqini bilish uchun so‘zlatib ko‘ramiz. So‘zlashuv oddiy va hayotiy so‘zlardan iborat bo‘ladi.
Shunda ma’lum bo‘ladiki, maktabgacha bog‘chaga bormagan bolaning nutqi uncha rivojlanmagan bo‘ladi. Masalan, ism-familiyasi, ota-onasining ismi, shu paytgacha o‘rgangan narsalari haqida so‘raymiz. O‘quvchining javobini diqqat bilan tinglab, nutqidagi kamchiliklarni aniqlaymiz. Nutqida zaiflik aniqlangan o‘quvchi bilan alohida shug‘ullanamiz, bunda suhbat, rasmga qarab so‘zlash, sanash, tezaytish kabi uslublardan foydalanamiz.
O‘quvchilarning so‘z boyligini oshirishda rasmli didaktik ko‘rgazmali vositalardan foydalanish katta ahamiyatga ega. Tanlagan ko‘rgazmali qurollarimiz tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lsa, yana ham maqsadga muvofiq. O‘quvchilar yurtimiz tabiati manzarasi tasvirlangan, maktab hayoti yoki sport lavhalari aks ettirilgan rasmlarga qarab so‘zlashni, qolaversa, Vatanimizni sevishni, tabiatni asrab-avaylashni o‘rganadi.
Rasmga qarab so‘zlash o‘quvchining faqatgina og‘zaki nutqini o‘stirib qolmay, yozma savodxonligi oshishiga ham yordam beradi. Buning isbotini faoliyatim davomida ko‘p ko‘rganman, ya’ni sinfdagi qaysi o‘quvchi to‘g‘ri va ravon so‘zlasa yozma ishni ham “5” bahoga yozadi.
Alifboni o‘rgangandan so‘ng 1-sinf o‘quvchilariga talaffuzi va imlosi qiyin so‘zlarni ravon o‘qish va to‘g‘ri yozishni o‘rgatish lozim.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari alifboni o‘rgatish davrida erinmasdan har bir bola bilan ishlasa ular aniq va ravon so‘zlashni, to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganadi. So‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilgan o‘quvchi xatosiz yoza olishiga shubha yo‘q.
Xadicha JUMAYEVA, Muborak tumanidagi 25-maktabning boshlang‘ich ta’lim metodbirlashmasi rahbari