Ota-onalar bilan ochiq muloqot
Farzandining ta’lim olishi, uning kelajagi bilan qiziqish ayrim ota-onalarning e’tiboridan chetda qolayotgani biz o‘qituvchilarni yanada jadalroq, ildamroq ishlashga, fidoyi, faol bo‘lishga undamoqda. 20 yillik kuzatuvlarim va faoliyatim natijasida shuni angladimki, farzandining o‘qishi bilan muntazam qiziqadigan ota-onaning bolasi hech ham ta’limdan orqada qolmaydi.
Bu yil qabul qilib olgan 1-sinfimning ota-onalari bilan ochiq muloqot o‘tkazishni rejalashtirdim. Buning uchun “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining sinf rahbarlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi yangi nizom bilan batafsil tanishib chiqdim. Nizomning “Ota-onalar bilan hamkorlikda ota-onalar majlislari, davra suhbatlari, muloqotlar uyushtirish, o‘tkazgan tarbiyaviy ishlari yuzasidan pedagogik kengashlarda hisobot berish” bandi meni yanada ruhlantirdi. Shunga ko‘ra, o‘tkazadigan muloqotimni yangicha yondashuv asosida tashkil etish uchun quyidagi yangiliklarni kiritdim.
Kun tartibida:
1) I chorak yakuni: yutuqlar va vazifalar;
2) eng faol va talabchan tarbiyachilarga maktab ma’muriyati tomonidan tashakkurnomalarni topshirish;
3) “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasini e’lon qilish;
4) mart oyida o‘quvchilarning ota-onalari o‘rtasida bo‘ladigan “Eng faol kitobxon tarbiyachi” tanlovi shartlari bilan tanishtirish;
5) anketa-so‘rovnoma o‘tkazish.
Birinchi masalada sinfda faol va iste’dodli o‘quvchini barchaga tanishtirib, u erishgan natija haqida to‘xtalib o‘tdim. Shuningdek, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan qo‘shimcha olib borgan mashg‘ulotlarimiz va erishgan natijamizni ko‘rsatib berdim. Ikkinchi masalaga muvofiq, o‘quv yilining 1-kunidanoq farzandining o‘qishi, davomatini muntazam nazorat qilib kelayotgan, uy vazifalariga ko‘mak beruvchi, qimmatli vaqtini ayamay, kelib darslarda bevosita ishtirok etgan, farzandini qo‘shimcha badiiy adabiyotlar bilan ta’minlayotgan faol, talabchan, jonkuyar ota-onalarga maktab ma’muriyatining tashakkurnomasini topshirdim. Bu, o‘z navbatida, boshqa ota-onalarni ham faollikka chorlaydi.
Ota-onalar o‘tgan o‘quv yilida O‘.Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asari asosida o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazgan tanlovim uchun ishlangan videorolikni qiziqib tomosha qilishdi. Ana shu shakllangan qiziqtirish usuli orqali ota-onalarni yangi tanlovga jalb qildim. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani asosida ota-onalar o‘rtasida “Tezkor savol-javob”, “Kim ko‘p qahramon yoza oladi?”, “Ta’sirli monolog” shartlari orqali bellashuvlar tashkil etilishi ularga juda manzur bo‘ldi. Fikrimcha, ota-onalarning bunday bellashuvlarda ishtirok etishi ularning bolalarini ham kitobxonlik sari yetaklaydi. Farzand otasi yoki onasining tanlovda g‘olib bo‘lishi uchun o‘qiyotgan asarini varaqlab ko‘rishga qiziqmaydi, deysizmi?! Varaqlab ko‘rgan zahoti, shunday yuksak asarni o‘qishga, mag‘zini tushunishga urinmasligi ham mumkin emas.
Ota-onalar uchun quyidagi so‘rovnomani ham tuzib chiqdim. Bu har bir o‘quvchimning oilaviy sharoitini o‘rganishimda asqotadi:
1. Farzandingiz eng ko‘p nimaga qiziqadi?
2. Bo‘sh vaqtida nima bilan shug‘ullanganini kuzatganmisiz?
3. Chet tili darsiga yordam bera olasizmi?
4. Farzandingizga qachon kitob sovg‘a qilgansiz?
5. Vazifamga yordam bering, deganda har doim vaqt topa olasizmi?
6. Uy vazifalarini va baholarini har kuni nazorat qilasizmi?
7. O‘qituvchilar faoliyatidan qoniqasizmi?
8. Yig‘ilishda yana qanday masalalar qo‘yilishini istaysiz?
O‘ylaymanki, bunday muloqotlar sinf o‘quvchilarining tarbiyasi va o‘zlashtirishi yaxshilanishiga albatta ko‘mak bera oladi. Siz bunga nima deysiz, aziz hamkasb?
Tursunoy HASANOVA, G‘ijduvon tumanidagi 43-maktab o‘qituvchisi