Xush kelibsan, Yangi yil!
Umumta’lim muassasalarida “Yangi yil bayrami” tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan metodik tavsiya
Bolajonlar orziqib kutadigan va katta shodiyona bilan o‘tkaziladigan Yangi yil bayrami har yili xursandchiliklar og‘ushida katta-yu kichikka zavq bag‘ishlaydi. Ushbu bayram tantanalarida xalqimizning odamiylik, mehr-oqibat va oliyhimmatlilik, xayr-saxovat kabi fazilatlari yanada yorqinroq ko‘rinadi.
Shu munosabat bilan umumta’lim muassasalarida “Yangi yil bayrami” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha quyidagilar tavsiya etiladi:
— “Yangi yil bayrami” o‘tkaziladigan joyni bayramona bezatish;
— tadbir o‘tkaziladigan muassasa foyesida ertak qahramonlarining ramziy niqoblari ko‘rgazmasini tashkil etish;
— mehmonlarni karnay-surnay sadolari ostida kutib olish;
— mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-onasi qaramog‘idan mahrum bolalar, kam ta’minlangan hamda ko‘p bolali oila farzandlarining tadbirga kelib-ketishlarini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida IIB xodimlari bilan hamkorlikda ishlash;
— bayram tadbirini tinch va osoyishta o‘tkazish, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha posbonlar va ichki ishlar vakillarini jalb etish;
— tadbirni belgilangan tartibda, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etgan holda, tibbiyot va ichki ishlar xodimlari kuzatuvida o‘tkazish;
— pirotexnika vositalaridan foydalanishni qat’iy taqiqlash.
Ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan Yangi yil bayrami tadbirlari milliy qadriyatlarimizga mos tarzda o‘tkazilishi bilan ahamiyatlidir. Bayram tadbirlarini bolalar va o‘smirlarning qishki dam olish kunlari davomida muayyan muddat va sharoitda o‘tkazishda ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar izchilligini ta’minlash lozim.
Shuningdek, qishki ta’til davomida bolalarning qobiliyatini turli tadbirlar, bilimlar bellashuvi, turli sport musobaqalari va boshqa tanlovlarda to‘liq namoyon etishi uchun imkoniyat yaratish, shu bilan birga ulardagi jismoniy, aqliy va ruhiy-emotsional zo‘riqishlarni bartaraf etish, o‘quv yilining ikkinchi yarim yilligini muvaffaqiyatli davom ettirishi uchun shart-sharoit yaratishga birinchi galdagi vazifa sifatida qaraladi.
O‘quvchilarning Yangi yil bayram karnavali va qishki ta’til kunlarini yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan aniq rejaga ega bo‘lish lozim.
O‘quvchilarning qishki ta’til kunlarini mazmunli va qiziqarli o‘tkazish uchun joylardagi ta’lim muassasalarida alohida tayyorgarlik ko‘rish maqsadga muvofiq. Bunda quyidagilarga alohida e’tibor qaratish lozim:
— ta’lim muassasalarida “Yangi yil karnavali” tadbirlari va qishki ta’til kunlarini yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va unga rioya qilish;
— tadbir o‘tkaziladigan joyni o‘quvchilar o‘zlari yasagan qo‘l mehnati namunalari, o‘yinchoqlar, sharlar, eng chiroyli ishlangan devoriy gazetalar bilan jihozlash, ko‘rgazma tashkil etish;
— qishki ta’til davrida o‘quvchilar uchun joylardagi tarixiy va madaniy yodgorliklar, muzeylar, teatrlar, mustaqillik yillarida barpo etilgan inshootlar bo‘ylab sayohatlar uyushtirish;
— qishki ta’til davrida o‘quvchilarning qiziqishlari bo‘yicha fan va ijodiy to‘garaklar, sport seksiyalari mashg‘ulotlarini muntazam o‘tkazish;
— xalq ta’limi tizimida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan ustoz-murabbiylarning umumta’lim maktablariga tashrifini tashkillashtirish.
Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning qishki ta’til davrida har bir kunni mazmunli tashkillashtirish uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasi
Quyi sinf o‘quvchilari uchun:
1-kun. “Yurtim jamoli” mavzusida rasmlar tanlovini o‘tkazish.
2-kun. “Yangi yilim — yaxshi yilim”, “Qorday oppoq orzularim” mavzusida she’rxonlik kechasini o‘tkazish.
3-kun. “Sen aytgin-chi, bu nima?”, “Siz buni bilasizmi?” mavzusida viktorina.
4-kun. “Kichkina demang bizni” shiori ostida sport musobaqalari.
5-kun. “Ertaklar — yaxshilikka yetaklar” nomli sahnalashtirilgan ertaklar namoyishi.
6-kun. “Ozod va obod Vatan farzandlarimiz” mavzusida musiqiy kecha.
7-kun. “Sog‘ tanda — sog‘lom aql” mavzusida tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv.
8-kun. Tabiat qo‘yniga sayohat qilib, qishki o‘yinlarni o‘ynash, qushlarga in qurish, ularga shafqat ko‘rsatish, muzey va teatrlarga borish.
9-kun. “Ta’til taassurotlari”, “Quvonamiz oppoq qor gupillatib yoqqanda” mavzularida davra suhbati va she’rxonlik kechalarini o‘tkazish.
Yuqori sinf o‘quvchilari uchun:
1-kun. “Yangi yilga yangi qadam” mavzusida ijodiy kecha.
2-kun. “Kitob — bizning do‘stimiz”, “Men sevgan adib” mavzularida bahs-munozara.
3-kun. “Siz tarixni bilasizmi?” mavzusida davra suhbati.
4-kun. “Tumanim iftixorlari” mavzusida shahar, tumandagi mehnat faxriylari bilan uchrashuv.
5-kun. “Ma’naviyatli yoshlar — yurtimiz iftixori” mavzusida teatrlashtirilgan badiiy kecha.
6-kun. “Yetti o‘lchab bir kes” shiori ostida ma’naviyat kuni.
7-kun. “Chekmasdan yoshlik gashtini sur” mavzusida tibbiyot xodimlari bilan davra suhbati.
8-kun. O‘quvchilarning xohish-istaklariga qarab teatr, muzeylar va mustaqillik yillari barpo etilgan inshootlar bo‘ylab sayohat uyushtirish.
9-kun. “Kumush qish tarovati” mavzusida buklet, fotoalbom, devoriy gazetalar tanlovini o‘tkazish.
Respublika ta’lim markazi