O‘qitishdan maqsad — uqtirish
Ko‘pincha o‘quvchilar yozma nazorat ishlarida bir qancha imloviy xatolarga yo‘l qo‘yadi. Ayniqsa, tutuq belgili so‘zlarni yozayotganda ko‘p adashadi. Bunday holat pedagoglardan o‘quvchilarning yozma savodxonligi ustida yanada ko‘proq ishlashni talab etadi. Chunki tilimizda tutuq belgili so‘zlar ancha. Bu so‘zlarning qanday yozilishini alohida lug‘at tarzida o‘quvchilarga to‘la-to‘kis yodlatish amrimahol.
Tutuq belgisi ― lotin alifbosida yoziladigan tillarda ishlatiladigan belgi. U ko‘plab, jumladan, polineziya tillarida fonetik ayirishni ifodalaydi. Tutuq belgisi G‘arb tillarida “apostrof”, polinez tillarida esa “okina” deb ataladi. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida 29 harfdan keyin keladi. Tutuq belgisi mavjud so‘zlar bizga asosan arab tilidan kirib kelgan. Chunki u tildagi “ayn” harfi va ba’zi o‘rinlarda “hamza” belgisi bizning alifbomizda yo‘q. Shuning uchun ular tutuq belgisi bilan ifodalanadi.
O‘zbek alifbosida tutuq belgisiga muayyan vazifalar yuklangan. Jumladan:
1) unli tovushlardan keyin kelib, unlining cho‘ziqroq aytilishini ta’minlaydi: a’lo, ta’lim, ba’zan, e’lon, fe’l;
2) unlidan oldin qo‘yilib, unlining undosh tovushdan ajratib aytilishini ta’minlaydi: in’om, san’at, mas’ul, qat’iy;
3) s va h harflarini sh harfidan farqlash uchun ishlatiladi: Is’hoq, mus’haf, as’hob kabi.
O‘quvchilarning tutuq belgili so‘zlarni to‘g‘ri yozishiga erishish uchun quyidagilarni tavsiya etmoqchiman:
Birinchidan, tutuq belgili so‘zlarda tutuq belgisini to‘g‘ri qo‘yish qoidasiga amal qilish. O‘quvchilar tutuq belgisi va uning imlosi haqida 5-sinf ona tili darsida “Tutuq belgisining ishlatilishi” mavzusi orqali ma’lumotga ega bo‘ladi. Darslikda mavzu bo‘yicha quyidagi ma’lumot keltirilgan:
Bu ma’lumotni mukammallashtirish, tutuq belgili so‘zlarning imlosini kengroq tushuntirish, yozish qoidasiga to‘liq rioya qilishga o‘rgatish uchun quyidagilarni qo‘shimcha qilaman. Ma’lumki, tutuq belgisi deyarli so‘zning o‘rtasida keladi. Bunday so‘zlarni yozayotganimizda tutuq belgisining har ikki yonidagi harf biri ikkinchisiga bog‘lanmagan holda yoziladi yoki boshqacha aytganda harflar bir-biriga “qo‘l bermaydi”.
Agar o‘quvchi bunday so‘zlarni yozganida tutuq belgisining har ikki yonidagi harflarni bir-biriga bog‘lab yozib, keyin tutuq belgisini qo‘ysa, bu xato
hisoblanadi.
Ikkinchidan, ona tili darslarining ayrim mavzularida tutuq belgili so‘zlarni ko‘proq qo‘llash. Tutuq belgisi farqlash vazifasini ham bajaradi va paronimlarning yuzaga kelishiga asos bo‘ladi. 5-sinf “Ona tili” darsligiga “Paronimlar” mavzusi kiritilgan. Uni o‘tishda o‘qituvchi ma’no farqlaydigan tutuq belgili so‘zlarni iloji boricha ko‘proq qo‘llashi hamda o‘quvchilarning daftarlariga bu so‘zlarning ma’nosini izohlagan holda lug‘at tarzida yozdirib qo‘yishi maqsadga muvofiq. Chunki o‘quvchi da’vo so‘zini qaysi gapda, davo so‘zini qachon qo‘llash malakasiga ega bo‘ladi.
Tutuq belgili so‘zlarning aksariyati arab tilidan kirib kelgan so‘zlardir. 5-sinf “Ona tili” darsligida “Olinma so‘zlar” mavzusiga 1 soat vaqt ajratilgan. O‘qituvchi ushbu mavzuni o‘tayotganida tutuq belgili arabiy so‘zlardan misollar keltirsa, o‘quvchilar so‘zlarning ma’nosini chuqurroq anglaydi, qolaversa, bunday so‘zlarning imlosini o‘rganadi. Masalan, ma’rifat ― bilim, fan, ma’naviyat — axloqiy holatlar, barcha axloqiy narsalar, xususiyatlar kabi.
Uchinchidan, tutuq belgili so‘zlarni adabiy asarlar tahlilida alohida ko‘rib chiqish. Tutuq belgili so‘zlarni nutqimizda ko‘p qo‘llanadigan (faol), nutqimizda kam ishlatiladigan (nofaol) turlarga bo‘lish mumkin. Nutqda ko‘p qo‘llanadigan so‘zlarning imlosida o‘quvchi adashmasligi mumkin, lekin nutqda kam ishlatiladigan bunday so‘zlarni yozganda xatolikka yo‘l qo‘yadi.
Nutqimizda kam ishlatiladigan (nofaol) tutuq belgili so‘zlarga o‘quvchi ko‘proq badiiy asarlarni o‘qiganida duch keladi. Bunday so‘zlarning imlosini yodda saqlab qolish uchun adabiyot darslarida badiiy asarlar tahlilida lug‘at bilan ishlash katta ahamiyatga ega. Buning uchun biror badiiy asar o‘qib chiqilgandan so‘ng asar matni ustida ishlanganda nutqimizda kam foydalaniladigan (nofaol) tutuq belgili so‘zlarni o‘quvchi daftariga lug‘at tarzida yozdirsh va bu so‘zlarning ma’nosini izohlash bilan birga so‘zdagi tutuq belgisiga urg‘u berilishi bunday so‘zlarning to‘g‘ri yozilishini eslab qolishga yordam beradi. Chunki o‘quvchilardan diktant, bayon, insho va boshqa ijodiy ishlarning matnlari badiiy uslubdagi materiallardan olinadi. O‘quvchilar nazorat ishlarini yozayotganida bunday so‘zlarga albatta duch keladi. Xotirasi kuchli bo‘lgan o‘quvchi ijobiy baho oladi.
8-sinfda o‘rganiladigan “So‘z birikmasi” mavzusini tushuntirayotganda tutuq belgili so‘zlar qatnashgan so‘z birikmalarini qo‘llash yoki o‘quvchilarga mustaqil ish sifatida tobe qismi tutuq belgili so‘zdan iborat so‘z birikmasi, hokim qismi tutuq belgili so‘zdan iborat so‘z birikmasi yoki har ikkala qismi ham tutuq belgili so‘zdan iborat so‘z birikmasi tuzish topshirig‘i berilishi ham o‘quvchilarda bu so‘zlarni to‘g‘ri yozish ko‘nikmasini hosil qiladi. Masalan, ma’naviy ozuqa, a’lo o‘qish, buyuk me’mor, mitti sa’va, ta’sirli she’r, ma’naviyatga e’tibor…
O‘quvchilar tutuq belgili so‘zlarni adashtirmay yozishi uchun ularning yozma nutqiga bunday so‘zlarni iloji boricha ko‘proq olib kirishimiz kerak. O‘qitishdan asosiy maqsadimiz uqtirishdir. O‘quvchi olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay olmasa, uni uqqan deyolmaymiz. Bugungi kunda O‘zbekiston o‘quvchilarning ta’limiy yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dasturga a’zo bo‘ldi. Bu dasturning asosiy maqsadi esa o‘quvchilarning savodxonligini oshirishdir.
Gulmira ESHONQULOVA, Beshariq tumanidagi 25-maktab o‘qituvchisi