Tarix darsi qachon qiziqarli o‘tadi?
Prezidentimiz 2019-yil 23-avgustda xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida “...o‘z xalqining tarixini, ma’naviy va diniy qadriyatlarini hurmat qilmaydigan, ularni himoya qilishga qodir bo‘lmagan odam vatanparvar va elparvar bo‘lishi mumkinmi?” deya o‘rinli savolni o‘rtaga tashladi. Biz pedagoglar ayni paytdagi faoliyatimiz bilan Prezidentimizning bu og‘riqli savoliga munosib javob bera olamizmi?
Bir haqiqat borki, tarixni o‘rganmay turib, kelajakni tasavvur qilish qiyin. Shuni chuqur his etgan holda tarix fani o‘qituvchisi sifatida o‘quvchilarning tariximizni yaxshi o‘rganishi uchun bor imkoniyatimni sarflayapman. Xalqimiz o‘tmishi bilan bog‘liq tarixiy yodgorliklar, qadimda gurkiragan shaharlarning bugungi xarobalariga o‘quvchilar bilan sayohat uyushtirishga alohida e’tibor qarataman va bu jarayon darslarimning asosini tashkil etadi. Shu maqsadda maktabda “Yosh o‘lkashunoslar” to‘garagi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. To‘garak a’zolari bilan o‘zimizning hududimizda joylashgan Qovunchitepa yodgorligini o‘rganishni boshladik.
Qovunchitepa miloddan avvalgi II asrdan milodiy VI asrgacha bo‘lgan davrga talluqli arxeologik madaniyat yodgorligi bo‘lib, Yangiyo‘l shahridagi Kurkuldak kanalining so‘l sohilidagi tepaliklarda joylashgan. Maydoni 25 gektar, ark va shahristondan tashqari atrofi mudofaa devori va xandaq bilan o‘ralgan. Janubiy va g‘arbiy tomondan hunarmandlar mahallalari — rabotlar bilan tutashgan. Milodiy III–V asrlarda Qovunchi shahri va uning atrofida hayot gullab yashnagan, VI asrga kelib hududdagi vohalar bilan iqtisodiy va savdo aloqalarining kuchayishi ta’sirida Qovunchi madaniyati o‘ziga xos alomatlarini yo‘qota boshlagan. Bir necha o‘n yilliklar o‘tib Qovunchitepa xarobasi o‘rnida kichik qishloq vujudga kelgan. Sayohat-dars davomida o‘quvchilar ushbu yodgorlik haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishib, o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘ldilar.
Sayohatdan so‘ng o‘quvchilarga safar taassurotlarini yozib kelishni topshirdim. Navbatdagi dars ana shu fikrlar asosida tashkil etildi. Natijada o‘quvchilarning tarixga oid bilimlari boyigani, mustahkamlangani, dunyoqarashi kengaygani namoyon bo‘ldi. Yurtimiz tarixiga oid manbalar muzeylarda o‘z aksini topganini inobatga olib, to‘garak mashg‘ulotining navbatdagilarini ana shu ziyo maskanlarida olib borishni rejalashtirganmiz.
Dilorom ABDURAHMONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 50-maktabning tarix fani o‘qituvchisi