Darsda “Zuma” o‘ynaymiz
Bundan bir necha yil oldin ham o‘quvchilarga o‘zimizga ma’qul usulda dars o‘tishimiz mumkin edi. Ammo shitob bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda qo‘lidagi kichkina mobil telefon orqali istalgan qiziqarli ma’lumotni topish imkoniga ega bo‘lgan o‘quvchiga eski yoki zerikarli usulda dars o‘tib bo‘lmaydi. Bugun o‘quvchilarimiz har bir yangilikdan xabardor, ijtimoiy tarmoqlarda faol. Internet ularning e’tiborini, hatto mehrini ham qozonib ulgurdi. Aytish joizki, ba’zi yoshlar ongida axborotni saralash qobiliyati rivojlanmoqda.
Shunday ekan, bugungi davr o‘quvchisi maktabda berilayotgan bilim va o‘qituvchining saviyasini ham o‘zicha baholay olyapti. Biz, ustozlar endi ularning e’tiborini tortuvchi nimadir topishga harakat qilishimiz kerak. Men fransuz tili o‘qituvchisiman. Bugungi davr bolalari ko‘proq ingliz tilini o‘rganishga qiziqadi. Ammo fransuz tilida to‘liq gapira boshlasam, o‘quvchilarga fransuzchaning nafis ohangi yoqa boshlaydi. Natijada bolalarda bu tilda ham erkin gapirishga, tilni chuqur o‘rganishga ishtiyoq uyg‘onadi. Endi bundan buyog‘iga mana shu ishtiyoqni saqlab qolish uchun tinimsiz izlanaman, yangiliklar yarataman. O‘zim uchun metodik baza tashkil etganman. Unda fransuz tilida chop etilgan kitob, gazeta-jurnallar, disklar mavjud. Fransuz matbuoti namunalari o‘quvchilarni juda ham qiziqtiradi. Unda nimalar yozilganini bilishga qiziqishadi. Bolalar ularni muayyan muddatga o‘qib kelishga so‘rashadi. Ularga bularni galma-galdan berar ekanman, ichidagi biror maqolani o‘qib, tushunib kelishga harakat qil, deb topshiriq beraman. Topshirish muddati yetgach, ba’zi o‘quvchilarim hattoki gazeta va jurnallardagi maqolalarni tarjima ham qilib keladi.
Biz, kattalar kompyuter o‘yinlari yoshlarning ko‘p vaqtini o‘g‘irlayotganidan xavotirlanaveramiz, ammo bu texnologiyalardan samarali foydalanishni o‘rgatsak, yaxshi natijaga ham erishish mumkinligini bilishimiz kerak. Masalan, “Zuma” o‘yinidan boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ranglar nomini yodlatishda foydalanish mumkin. Ekranda chiqqan ranglar nomini kim fransuzchada ko‘p aytsa, kompyuter oldida o‘tirib, o‘yinni boshqaradi.
O‘quvchilarimiz xorijdagi tengdoshlari haqida batafsilroq ma’lumot olishni xohlashadi. Mendan Fransiyada bolalar qanday forma kiyishadi, ta’lim tizimi qanaqa, qaysi fanlarni ko‘proq o‘rganadi, deb ko‘p so‘rashadi. Darsliklarimizda ma’lumotlar bor, biroq bularning o‘zi o‘quvchida tasavvur uyg‘otishga kamlik qiladi. Masalan, Fransiyada bolalarni baholash tizimi kitobda yaxshi tushuntirib berilgan, ammo o‘quvchining a’lo baho olishi uchun undan nima talab qilinishi, uyda qanday vazifalar bajarishi kerakligi haqida ma’lumot kam.
Shu o‘rinda bir taklifni ilgari surmoqchiman. O‘quvchilarimizning qiziqishlari va zamonaviy talablardan kelib chiqib chet davlatlardagi maktablar bilan aloqa o‘rnatib, onlayn dars o‘tish tizimi ishlab chiqilsa, yaxshi bo‘lardi. Birinchidan, bu ikki davlat pedagoglarining o‘zaro tajriba almashishida foydali bo‘ladi, ikkinchidan, rivojlangan mamlakatlardagi innovatsion dars o‘tish usullari bizga ham kirib keladi. Uchinchidan, o‘quvchilarimizning tilni o‘zlashtirish qobiliyati rivojlanadi. Chet tilida bevosita tinglab tushunishi uchun qulay imkoniyat yuzaga keladi.
Gulnora MASHRAPOVA,
Buloqboshi tumanidagi 22-maktab o‘qituvchisi