Yangi metod: “Innovatsion konvert”
Bolaning aqliy rivojlanishi, o‘qishga ishtiyoqi ortishi, mustaqil ishlay olish ko‘nikmasi boshlang‘ich ta’lim jarayonida shakllanadi. Bu davrda pedagog turli metodlardan foydalanib, yaxshi natijalarga erishishi mumkin. Odatda biz “Klaster”, “Assisment”, “Baliq skeleti”, “Kim chaqqon?” kabi metodlardan foydalanamiz. “Innovatsion konvert” yangi metodi ham o‘quvchining mantiqiy fikrlashini shakllantirishga ko‘mak beradi. U ko‘proq darsning mustahkamlash qismida qo‘llanib, o‘quvchilarning darsda o‘tilgan mavzuni mustaqil hayotga tatbiq eta olishida qo‘l keladi.
Ushbu metoddan foydalanish uchun o‘quvchilar to‘rt guruhga bo‘linadi. O‘qituvchi doskaga tarixiy siymolar suratini iladi, ammo ularning shaxsiga doir ma’lumotlarni yozmaydi. Masalan, “Buyuk tarixiy allomalar” mavzusi o‘tilganda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari siymolar nomi xatjild ichidagi qog‘ozchaga yoziladi. Alohida yasalgan rangli xatjildlar ichidagi to‘rt xil qog‘ozga allomalarning hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar bitiladi. To‘rtta guruh sardori bittadan xatjild tanlaydi. Guruh a’zolari ma’lumotlar bilan tanishadi. Konvert ichidagi qog‘ozlarga turli voqealar, sanalar, joy va asar nomlari yozilgan bo‘ladi. Bolalar bu ma’lumotlar qaysi yozuvchi yoki adibga talluqli bo‘lsa, qog‘ozni shu suratning tagiga yopishtiradi. O‘qituvchi bajarilgan ishni tahlil qiladi va har bir to‘g‘ri javob uchun rag‘bat kartochkasi beradi. Eng ko‘p rag‘bat kartochkasi to‘plagan guruh g‘olib bo‘ladi. Mana shu tarzda yakunlanadigan bu metod bolalarning ijodkorligini oshiradi, mutolaaga undaydi, ko‘z xotirasini rivojlantiradi. Qolaversa, bu metod o‘quvchilarni darslik bilan cheklanib qolmay, qo‘shimcha ko‘rgazmali vositalardan foydalanishga undaydi. Metodikada rangli bo‘yoqlarning ishlatilishi o‘g‘il-qizlar diqqatini jalb etib, mavzuning yaxshi o‘zlashtirilishiga yordam beradi.
Muzaffar UMAROV, Guliston shahridagi 6-maktab o‘qituvchisi