O‘z-o‘zini baholash metodi baholashning eng maqbul yechimi
Darsning eng muhim bosqichlaridan biri — o‘quvchilarning bilimini baholash. Ushbu jarayon ko‘p hollarda bahs-munozaralarga, o‘quvchilarning noroziligiga sabab bo‘lishi hech birimizga sir emas. Ushbu muammoning samarali yechimi sifatida o‘z-o‘zini baholashning bir necha usul va ko‘rinishlarini darslarim davomida joriy etdim.
“Bilimlar daraxti” metodi orqali o‘quvchi o‘z bilimiga haqiqiy baho berishi mumkin. Bunda o‘quvchilarning har biriga qurigan daraxt tasviri aks etgan rasmlar taqdim qilinadi. Dars jarayonida o‘quvchilarning ishtirokiga ko‘ra ularga daraxtning barglari hamda mevalari berib boriladi. O‘qituvchi tomonidan ilmsiz inson — mevasiz daraxt ekanligi misollar yordamida og‘zaki aytib o‘tilsa, o‘quvchilar faolligini oshirishga erishish mumkin. Qurigan daraxtning ekologiya va atrof-muhitga hech qanday foydasi bo‘lmaganidek, ilmsiz inson ham jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘sha olmasligi ta’kidlanadi. Dars so‘ngida barcha o‘quvchilar o‘z daraxtlarini namoyish etganlarida, kim qanday bahoga loyiqligi yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘qituvchi ham baholashda adashmaydi, qolaversa, vaqtdan unumli foydalaniladi.
“Quvnoq alifbo” metodidan asosan boshlang‘ich sinflarda foydalanish kutilgan natijani beradi. Bunda o‘quvchilarga dars davomida ishtirok etgani uchun alifbo harflari berib boriladi. Agarda o‘quvchi harfni o‘zi tanlab olsa, dars jarayonidagi faollik yana ham oshishiga erishiladi. Boisi, dars so‘ngida o‘quvchilar yig‘gan harflaridan ma’lum bir so‘zni yozishlari talab etiladi. O‘quvchi o‘zi tanlagan so‘zning barcha harflarini yig‘ish uchun diqqatini oshiradi va faollikka intiladi. Nechta so‘zni to‘liq yoza olganliklariga ko‘ra baholanadi. Bu metod orqali o‘quvchilar bilimini tez, oson va adolatli baholash bilan birga, ularning so‘z boyligini oshirishga erishish mumkin.
Bundan tashqari, ushbu metoddan yuqori sinflarda foydalanilganda, ularga kelajakda o‘zi egallamoqchi bo‘lgan kasbining harflarini yig‘ish vazifasi topshirilsa, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishga erishiladi.
“Oltin meros” metodidan yuqori sinflarda foydalangan ma’qul. Baholashning bu usulida o‘quvchilarni kichik guruhlarga bo‘lish tavsiya etiladi. Bunda dars davomida hikmatli so‘zlar va maqollarning so‘zlaridan berib boriladi. Qaysi guruh maqol qismlarini to‘liq yig‘sa, o‘sha guruh o‘quvchilari a’lo bahoga munosib bo‘ladi. Guruh ishtirokchilari o‘z jamoalari sharafini munosib himoya qilish uchun bor mahoratini namoyish etishga harakat qiladilar. Bu orqali ularda hamkorlikda ishlash, mas’uliyat, daxldorlik, ajdodlar merosiga hurmat kabi ko‘nikmalar shakllanadi. Maqol va hikmatli so‘zlar mavzuga mos tanlansa, tarbiyaviy maqsaddan ko‘zlangan natija yuqori bo‘ladi.
“Ranglar jilosi” metodida ham o‘quvchilar guruhlarga bo‘linadi. Tashkiliy qismda guruhlarga oq-qora tasvirdagi rasmlar taqdim etiladi. Rasmlar mavzuga aloqador bo‘lishi kerak. Qatnashgan o‘quvchilar ushbu rasmning bir bo‘lagini rangli qalamlar bilan bo‘yaydi. Dars so‘ngiga qadar qaysi guruhning rasmi to‘liq rangli tusga kirsa, o‘sha guruh ishtirokchilari rag‘batlantiriladi. Bu orqali o‘quvchilarning dars davomida faolligini oshirishga, ularning psixologik holatini ijobiy ruhda ushlab turishga, san’atni sevish, undan ilhomlanish tuyg‘ularini rivojlantirishga erishish mumkin. A’lo baho olish har doim o‘quvchi uchun yuksak mukofot hisoblangan. Ko‘p hollarda darsga tayyor bo‘lmagan o‘quvchi jarayonni tushkun kayfiyatda o‘tkazadi, boz ustiga dars so‘ngida “2” baho bilan “taqdirlanadi”. Yuqorida tavsiya etib o‘tgan metodlarimiz ham aynan bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarni “jonlantirish”ning eng maqbul yechimidir. O‘quvchi o‘zining bilimiga o‘zi haqiqiy bahoni bera olmas ekan, unda hamisha o‘qituvchining bahosidan norozilik kayfiyati davom etadi.
Barchinoy KARIMOVA, Buxoro shahridagi 39-IDUM o‘qituvchisi