Til o‘rganishning eng qulay va samarali usuli
Chet tilini o‘rganishning kaliti — lug‘at, ya’ni o‘quvchining lug‘at boyligi qancha ko‘p bo‘lsa u eshitgan yoki o‘qigan ma’lumotini yaxshiroq tushunadi va shu bilan birga o‘z fikrlarini og‘zaki va yozma nutqda rang-barang ifodalay oladi.
O‘quvchilarga yangi so‘zlarni tanishtirishning bir qancha metodlari bor. Bular: rasmli va izohli ko‘rgazmali materiallar, o‘yinlar (lug‘atli bingo, juftlikdagi o‘yinlar), harakatli qo‘shiqlar, grafikli organayzer, jadval, diagramma, so‘z piramidalari, sxemalar, krossvord, skanvordlar va h.k.
Bugungi kunda har bir o‘quvchida zamonaviy uyali aloqa vositasi bor. Unda qo‘shiq eshitish mumkin. Mashhur qo‘shiqlar orasida ingliz tilidagilari ham mavjud. Shuni inobatga olib men “Qo‘shiqlarni tinglab, so‘zlarni o‘rganamiz” metodidan foydalanishni afzal bilaman.
O‘tmoqchi bo‘lgan dars mavzusiga oid so‘zlar ko‘p uchraydigan qo‘shiq tanlaysiz. Agar bu mashhur qo‘shiq bo‘lsa nur ustiga nur. Avvalo, qo‘shiq matnini qog‘ozga chiqarib, eshitib tushunib olish mumkin bo‘lgan so‘zlarni o‘chirib, yozish uchun joy tashlab ketasiz. So‘ng o‘quvchilarning matn bilan tanishib chiqishiga vaqt berasiz. Shu bilan qo‘shiqni ikki yoki uch marotaba qo‘yib eshittirasiz. So‘ng qolib ketgan so‘zlarni o‘quvchilar bilan tekshirib, to‘ldirasiz. Qo‘shiq tarjima qilinadi. Shunda o‘quvchilar qo‘shiq ma’nosini, shu bilan birga yangi so‘zlarni ham o‘rganib olishadi. Oxirida qo‘shiqni hamma birgalikda aytadi. Bu metod orqali o‘quvchilarga til o‘rgatishingiz bilan bir qatorda ko‘tarinki kayfiyat ham ulashasiz. Oldindan tanish bo‘lgan oddiy qo‘shiqlarning musiqasidan foydalanib, yangi so‘zlar ishtirokida matn yaratilsa ham yangi so‘zlarni takrorlash hamda yodda qolishida qo‘shimcha yordam bo‘ladi. Misol uchun “Twinkle”, “Twinkle Little Star”, “The Wheels on the Bus”, “Happy Birthday” qo‘shiqlari boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun qiziqarli va oson.
Nodira NORBOBOYEVA, M.Ulug‘bek tumanidagi Profilli mehnat ta’limiga ixtisoslashgan umumta’lim maktabi ingliz tili o‘qituvchisi