Karantin davrida vaqtni qanday tashkil etish kerak?
Mamlakatimizda koronavirus epidemiyasi tarqalishining oldini olish uchun respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalarida vaqtincha karantin holati e’lon qilindi. Muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar va yosh bolali xodimlarga ham mehnat ta’tili berildi. Bu Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan aholining salomatligini va himoyalanishini o‘ylab qilingan eng to‘g‘ri chora-tadbirlardan biridir. Shunday ekan, hurmatli ota-onalar, tahlika va sarosimaga tushmasdan, vaqtimizni to‘g‘ri tashkil etish va farzandlarimizga ko‘proq vaqt ajratib, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanishimiz lozim. Barchamiz shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishimiz zarur. Ehtimol, bu “imkoniyatlar eshigi” ochilayotgan, oilaviy yakdillik va ahillik davri uchun tramplindir? Yangi fikrlar, ijodiy kashfiyotlar va yaratuvchi g‘oyalar uchun eng yaxshi vaqtdir? Karantin payti anchadan beri “keyin”ga qoldirib kelayotgan: “keyin yozib tugataman”, “keyin o‘qiyman”, “keyin chizaman”, “keyin ko‘raman”, “keyin qilaman” kabi ishlarimizni bajarishga imkoniyatdir?! Bu vaqtni bema’nilik, vahima, tushkunlik va stressga sarflamasdan, oilamiz bilan bolalar tarbiyasiga bag‘ishlaylik!
Kasallikdan saqlanishning eng yaxshi chorasi ― bu uydan chiqmasdan yaqinlarimiz va farzandlarimiz tarbiyasi bilan shug‘ullanish. Bu borada ota-onalarga quyidagi tavsiyalarni beramiz:
1. Kun tartibini to‘g‘ri rejalashtiring!
Kun bo‘yi uyda bo‘lsangiz ham, farzand tarbiyasi uchun muntazam qilinadigan ishlar jadvalini tuzish va unga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Farzandlaringiz odatdagidek, ta’lim maskanlariga ketayotgandek, o‘z vaqtida uyqudan turishi, ovqatlanishi, uyda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishi, o‘yin yoki foydali ish bilan shug‘ullanishi lozim! Har bir ishni tashkil qilganda, navbatdagi faoliyatga o‘tish uchun vaqt belgilang. Bu farzandlarimizni tartib-intizomga o‘rgatadi.
2. Uy sharoitida yangi kreativ tadbirlar tashkil qiling!
Farzandingiz uyda kuni bilan televizor, kompyuter yoki telefon oldida o‘tirsa, zerikadi, toliqadi. Shu sababli o‘zingizning bolalikda dala lagerlari, sport maskanlariga borganlaringizni eslang. Bolalaringiz bilan kelgusida rejalashtirgan sayrlaringiz marshrutlarini belgilang, loyihalar ishlab chiqing, ularga qiziqarli va jumboqli topshiriqlar berib, natijasini nazorat qiling! Bundan tashqari, badiiy hunarmandchilik, ilmiy loyihalar, xayoliy o‘yinlar, uy loyihalar, musiqa tadbirlari, stol o‘yinlarini tashkil qilsangiz ham farzandingizning yaqin do‘sti, chinakam mehribon rahnamosiga aylanasiz!
3. Oilaviy kitobxonlik va she’rxonlik kechalarini uyushtiring!
Farzandlaringizni jahon va milliy adabiyotimizning eng yorqin namunalari bilan tanishtirishga harakat qiling. Ota-bobolarimiz ham bola tarbiyasida kitobning tarbiyaviy ta’sir kuchidan samarali foydalangan. Buning uchun bolalarning yoshi va qiziqishlariga mos kitoblarni tanlash, ularni birgalikda o‘qish, har bir personajning fe’l-atvorini tahlil qilish foydalidir!
4. Masofaviy ta’limdan foydalaning!
Respublikamiz ta’lim vazirliklarining tashabbusi va fidoyi o‘qituvchilarimiz sharofati bilan bugungi kunda onlayn o‘qishlari tashkil qilinganidan foydalanib, uy sharoitida jadval asosida farzandlarimizning masofaviy ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlab turishimiz kerak! Ta’til paytida farzandlarimiz o‘quv mashg‘ulotlarini davom ettirishlari uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda videodarslar turkumi yo‘lga qo‘yildi.
5. Kundalik hayotingizga yangi tadbirlarni qo‘shing!
Ta’til davrida farzandlaringizni kechqurun oilaviy o‘yinda qatnashishga tayyorlanishlarini bildiring. Buning uchun kechki ovqatni birga tayyorlash, jumboqlarni tugatish, birgalikda desert dasturxonini tuzashga taklif qiling. Har kuni xonalarni toza havo bilan shamollatishni ham unutmang!
6. O‘z hissiyotlaringiz va tashvishlaringizni boshqaring.
Albatta, ota-onalar farzandlari va yaqinlarining salomatligi uchun tashvishlanishi muqarrar. Biroq bu tashvishlarni farzandlarimizga bildirmasligimiz, hissiyotlarimizni jilovlashimiz lozim! Sizni bezovta qilgan muammolar haqida bolalarga gapirmaslikka harakat qiling. Psixologlarning ta’biricha, agar tushkunlikni his qilsangiz, bir muddat tanaffus qiling, dush qabul qiling, boshqa xonaga chiqing, chuqur nafas oling!
Ruhiyatingizdagi har bir o‘zgarishni farzandingiz darrov ilg‘ab olishini unutmang. Shu sababli, oilada tushkunlik vaziyatiga yo‘l qo‘ymang! Bu vaqtinchalik ta'til ekanligini, undan unumli foydalanish lozimligini unutmang!
7. Farzandlaringizning ijtimoiy tarmoqlardan o‘quv mashg‘ulotlarini o‘rganish va elektron kitoblarni o‘qish uchun foydalanishga, tengdoshlari bilan aloqada bo‘lishlariga ruxsat bering! (Oldin bunga ruxsat bermagan bo‘lsangizda). Masofaviy bo‘lsada, ushbu muloqot bolalarga yolg‘izlikni his qilmasliklariga yordam beradi va do‘stlari bilan cheklangan munosabatlarning yetishmasligi tufayli yuzaga kelgan stressni yengillashtiradi.
8. Hodisalardan xabardor bo‘ling, biroq, vahima tarqatuvchi yangiliklar iste’molini cheklang! Sizni va bolalaringizni tahlikaga solishga sabab bo‘luvchi ijtimoiy tarmoqlardan tarqalayotgan koronavirus va uning oqibatlari haqidagi ayrim yolg‘on xabarlarni cheklang! Vahima qo‘zg‘atadigan facebook, instagramm, telegrammdan keladigan xabarlarni o‘chiring yoki a’zolikni bekor qiling.
Sh.ABDULLAEVA, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi