Dars o‘zi nima? Metod va uslub-chi?
Hayotning o‘zi dars, ota-onalarimizning kundalik turmushi — dars, qo‘ni-qo‘shnilarning bir-biriga munosabati — dars, mahalladagi to‘y-marosimlar — dars, tajribali insonlarning o‘gitlari — dars, kitob o‘qish — dars, televizor ko‘rish — dars, internetda o‘tirish — dars, dasturxon atrofida o‘tirish — dars. Dars olishning turlari va shakllari juda ko‘p. Ammo biz to‘xtalmoqchi bo‘lganimiz, bu maktablardagi darsdir.
Dars deb o‘qituvchi va o‘quvchilarning bir maqsadni ko‘zlagan tartibli faoliyatiga aytiladi. Agar o‘quvchi darsga tayyor bo‘lmasa, ya’ni dars olishga ishtiyoqi, хohishi bo‘lmasa va sizni xushlamasa, qanchalik harakat qilmang, biror-bir natijaga erisholmaysiz. Yoki o‘quvchilar dars olishga ishtiyoqmand, ammo o‘qituvchi darsga tayyor emas, kayfiyati yoki sog‘ligi bunga yo‘l bermasa ham dars samarasi haqida gapirishning hojati bo‘lmasa kerak. Demak, dars samarali bo‘lishi uchun har ikki tomonning maqsadlari va intilishlari mushtarak bo‘lishi talab etiladi. Shu sababli, har bir o‘qituvchi darsga puxta tayyorlangan holda, yaxshi kayfiyat bilan kirib borishi va o‘quvchilarining darsga tayyorligini zimdan kuzatishi, ularning diqqat va xotiralarini darsga qarata olishi hamda ularni darsga jalb etishi zarur. Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchilarning psixologik va jismoniy holatlarini hisobga olgan holda darsni tashkil etishi lozim. Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, aksariyat o‘qituvchilarimiz qovog‘idan qor yog‘ilib, darsga kirgan zahotiyoq mashg‘ulotni boshlab yuborishadi, o‘quvchilarning darsni tinglashga tayyorligini hisobga olishmaydi. Bunday darsning samarasi qoniqarli bo‘ladi, deb bo‘lmaydi. Darsning “chokidan so‘tilishi” ana shundan boshlanadi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
O‘quvchilarni darsga qiziqtirish, ularda motivatsiya uyg‘otishning usullari va uslublari bisyor. Buning uchun o‘qituvchidan juda katta hayotiy tajriba, mahorat, bilim va intilish talab etiladi. Sinf o‘quvchilarining intilishlari, qiziqishlari va psixologiyasiga qarab dars usullari tanlanadi va o‘qituvchi o‘ziga xos uslublardan foydalanadi.
Shu joyda, juda ko‘pchilik o‘qituvchilar chalkashtirib ishlatadigan darsning metodi, usuli va uslublari to‘g‘risida fikr bildirmoqchiman.
“Metod” yunoncha so‘z bo‘lib, “usul, yo‘l-yo‘riq” degan ma’nolarni anglatadi (uslub emas). Pedagogik adabiyotlarda “Metod — ta’lim jarayonida taqdim etilayotgan amaliy va nazariy bilimlarni egallash, o‘zlashtirish, o‘rganish, bilish uchun xizmat qiladigan yo‘l-yo‘riqlar, usullar majmuyi”, deb ta’riflanadi. Demak, metodni uslub, metodistni uslubchi, metod kabinetni uslubiyat xonasi, metodbirlashmani uslubbirlashma deb atash mantiqan noto‘g‘ri ekan. Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Atamashunoslik qo‘mitasi til komissiyasining “Til — daryo” deb nomlangan izohli lug‘atida “Metodika — metodika (yunoncha methodos – tadqiqot, ta’limot). Bu termin ko‘pincha “uslubiyat” tarzida noto‘g‘ri qo‘llanadi. Uslubiyat – stilistika. Metodika esa pedagogika fanining o‘qitish qoidalari va metodlari haqidagi bo‘limi. Demak, “uslubiyat” so‘zining metodikaga hech qanday aloqasi yo‘q”, deb talqin qilinganligini eslatib o‘tmoqchiman.
Dars metodlari shartli ravishda 3 ga bo‘linadi: an’anaviy, noan’anaviy va zamonaviy. Har bir metod og‘zaki, yozma va ko‘rsatmali-amaliy usullarda olib boriladi.
Dars usullari deb, darsni samarali olib borish uchun qo‘llaniladigan ta’limiy tadbirlar yoki o‘quv jarayonini amalga oshirishda qo‘llaniladigan uslublar sistemasiga aytiladi. Dars usullarining son-sanog‘i ko‘p. Masalan, noan’anaviy dars metodlari hisoblangan interaktiv dars usullari: “bahs-munozara”, “kichik guruhlarda ishlash”, “o‘zaro savol-javob”, “bir-birini o‘qitish”, “aqliy hujum”, “muzyorar”, “klaster”, “sinkveyn”, “zig-zag”, “charxpalak”, “zanjir”, “bumerang”, “kimoshdi savdosi”, “videotopishmoq”, “to‘rtinchisi ortiqcha”, “kuzatish, bahslashish, ishontirish”, “chaqirish, anglash, fikrlash”, “sportloto o‘yini”, “kubik o‘yini”... va boshqalar shular jumlasidandir.
Dars uslubi deb, dars maqsadlariga erishishda paydo bo‘ladigan muayyan to‘siqni yengib o‘tish uchun o‘qituvchi tomonidan qo‘llaniladigan chora-tadbirlar, harakatlar majmuasiga aytiladi. Uslub rus adabiyotlarida pedagogik “priyom” deb qaralgan. Uslub har bir o‘qituvchining o‘ziga xosligidir. Ikkita o‘qituvchi bir xil usulni, masalan “aqliy hujum” usulini har xil uslublarda amalga oshiradi. Bolalarni darsga jalb qilish uchun bir o‘qituvchi muloyim, past ovozda gapirsa, ikkinchisi baland ovozda, baqirib gapiradi. Birovi rivoyat aytib bersa, boshqasi tanbeh beradi, po‘pisa qiladi. Mana shu har xillik uslub deyiladi. Uslubni dars konspektiga yozib bo‘lmaydi, u dars jarayonida paydo bo‘ladi.
Bugungi kun bolalarini qoyil qoldirish ancha mushkul. Shuning uchun o‘qituvchi tinib-tinchimasligi, innovatsion, noan’anaviy, interaktiv dars usullarini muntazam o‘qib va o‘rganib borishi hamda o‘quv-tarbiya jarayoniga tatbiq qila olishi zarur. O‘qituvchi dars jarayonida o‘quvchilarning badiiy, estetik, mantiqiy, jismoniy va ma’naviy rivojlanishiga alohida e’tibor berishi kerak. Bir darsda o‘quvchi ham ko‘rsin, ham tinglasin, ham gapirsin, ham mushohada qilsin, ham yozsin. Pedagog-psixologlarimizning o‘tkazgan tahlillariga ko‘ra, o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilgan axborotlar 2 hafta o‘tgach, mustaqil o‘qish orqali 10 foizi, tinglash orqali 20 foizi, ko‘rish orqali 30 foizi, o‘zi namoyish etsa yoki so‘zlab bersa 50 foizi, bahs-munozara, suhbat orqali 80 foizi, o‘zi amaliy bajarganda esa 90 foizi eslab qolinar ekan. Shularni hisobga olsak, o‘quvchilarga dars berishda ko‘proq bahs-munozara, suhbat va amaliy ishlarni dars davomida o‘z kuzatuvimiz va nazoratimiz ostida olib borishimiz kerak ekan.
Xulosa qilib aytish mumkinki, dars o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishning asosiy vositasi va o‘qituvchi faoliyatining yadrosidir. Shu sababli darsni zamonaviy talablarga javob beradigan, samarali qilib tashkil etish biz pedagoglarning asosiy burchimizdir. Bu burchni halol va vijdonan bajarish uchun bor ilmimizni, bor mahoratimizni, bor kuch-g‘ayratimizni ayamaylik. Toki, farzandlarimiz Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan barkamol shaxslar bo‘lib yetishsin!
Nurxon BEKNIYOZOV, Davlat test markazi Navoiy viloyati bo‘limi boshlig‘i