Onlayn darslar uchun kichik tavsiyalar
Onlayn dars mavzulari o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishida fan o‘qituvchisining o‘rni beqiyos. Chunki boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi tushuntirish metodi, qo‘llaydigan pedtexnologiyalari, hatto yuz ifodasiga ham e’tibor berishi kerak. Shunda onlayn dars davomida o‘quvchi doimo o‘qituvchi bilan birga ekanini his qiladi.
Bolada avvalo mavzuga qiziqishni dars boshlangunga qadar uyg‘ota olish lozim. Men har kungi onlayn ish jarayonimni tongda o‘quvchilarimning kayfiyatini ko‘tarishdan boshladim. Dars jadvalini tashlashdan avval har bir fanning qanchalik qiziqarli ekani haqida ta’riflar keltirib, bu fanning ajoyib sirlaridan voqif bo‘lish uchun, albatta, darsni kuzatib borish kerakligini aytdim. Masalan, matematikadan 1-sinflarda “100 sonidan berilgan sonni ayirish” mavzusi bor. Shu kuni bolalarga raqamlar haqidagi qo‘shiqni eshittirdim. Qo‘shiqda 0 ni avvaliga boshqa raqamlar mensimaydi, uning hech qanaqa qiymatga ega emasligini aytib, kamsitadi. Lekin, 1 soni 0 bilan birlashib, 10, 100, 1000 kabi katta qiymatga ega sonlar hosil bo‘lgani muhokama qilinadi. Kuch birlik va ahillikda ekani tushuntiriladi. Qo‘shiqni tinglash orqali bolalarning kayfiyati ko‘tarilsa, uning mazmunidan ahillikning, birlikning ahamiyati haqida tarbiyaviy ta’lim oladilar, shu bilan birga 100 haqidagi mavzuga qiziqishlari ortadi. Darsga tayyorgarlik jarayonida o‘qituvchi o‘tiladigan mavzuga mos dars taqdimoti va turli qiziqarli slaydlar yaratib, o‘quvchilarga o‘ziga xos ko‘rinishda taqdim etishi, onlayn dars mavzusini o‘quvchilar puxta o‘zlashtirishlarida katta yordam beradi. Oldindan tayyorlangan taqdimotlar onlayn darslar yakunlangach o‘quvchilarga taqdim etilsa, yaxshi bo‘ladi. O‘quvchilar darsdan olgan bilimlarini ushbu taqdimotlar orqali mustahkamlaydi va daftarlariga bemalol kerakli tartibda yoza oladi. Marematika fani qiziqarli va biroz murakkab fan ekanini hisobga olib, o‘qituvchi ayrim masalalar, ayrim mavzularni kerak bo‘lsa, alohida ovozli xabar yoki videodars tarzida tushuntirib bersa, maqsadga muvofiq.
Bundan tashqari, onlayn dars jarayonida o‘quvchilarning daftarlarining yuritilishi, yozuv sifati, ularni yozma rag‘batlantirish, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni o‘z o‘rnida tuzatib borish, daftarni tekshirib baholash masalalari boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun murakkab va muhim jarayon. Bunday vaziyatlarda o‘qituvchi oqilona ish tutishi, o‘quvchining har bir bajargan ishini kuzatishi, kichik yutuqlarini ham rag‘batlantirib, darsga qiziqishini yanada oshirishi kerak. O‘qish darslari 1-sinf o‘quvchilari uchun juda muhim qadam hisoblanadi, ularning har kungi mavzuni o‘qib, ovozli xabarda jo‘natishlari, o‘qituvchi buni qat’iy nazoratga olishi, xatolar ustida erinmay ishlashi kerak, deb o‘ylayman. O‘quvchilar o‘zi qilgan xatolarini bilishi, uni takrorlamasligi uchun yozma ma’lumot telefonga saqlab olinadi. So‘ngra “o‘zgartirish”ni bosib, “qalamcha”da yoki “tekst”ga kirib, qizil rangda foydalangan holda kerakli raqam yoki harflar orqali xatolarni to‘g‘rilash mumkin.
Onlayn darslarni o‘quvchilar muntazam kuzatib, o‘zlashtirib borishlari bevosita ota-onalarga bog‘liq. Faol va jonkuyar ota-onalar uchun turli tashakkurnoma, maqtov yorliqlari tayyorlab taqdim etish ularni farzandlari bilan yanada ko‘proq ishlab, natijalarga erishishga undaydi. Bu borada faol o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun maxsus videoroliklar yaratdim. Videorolikda o‘quvchi va ota-onaning onlayn darslardagi ishtiroki, erishgan yutuqlari, ular uchun tashakkurnomalar aks ettiriladi. Bunday sog‘lom raqobat esa onlayn darslarga, bilim olishga bo‘lgan qiziqish va motivatsiyani yanada oshirishga katta yordam bermoqda.
Zilola ISOMIDDINOVA, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 18-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi