O‘yin va dars
Agar o‘qituvchi har bir darsga mohirlik bilan yangi pedtexnologiyalarni olib kirsa, aminmanki, tasviriy san’at darsi o‘quvchi uchun zavqli mashg‘ulotga aylanadi. Shu maqsadda tajribamda qo‘llab keladigan bir necha samarali usullarni hamkasblarimga ulashishni lozim topdim.
“Davom ettir!” o‘yini
Bu o‘yinda o‘quvchilar guruhlarga bo‘linadi. Har bir guruh uchun alohida format, barcha uchun yagona rasm namunasi beriladi. Birinchi o‘quvchi rasmning bir elementini, ikkinchi o‘quvchi esa ikkinchi elementini chizadi. Shu tariqa o‘quvchilar bir-birlarining ishlarini davom ettiradilar. O‘zaro yutuqlarini o‘rganadilar, kamchiliklarini tuzatadilar. Bu jarayonda jamoa bo‘lib ishlash kompetensiyasi yaxshilanadi.
“Zanjir” o‘yini
Bu o‘yinda tasviriy san’at terminlari, janrlari, turlari, ta’riflar va boshqa mavzularda savol-javob o‘tkaziladi. Har bir o‘quvchiga bittadan savol beriladi. Qaysi o‘quvchi javob bera olmasa zanjir uziladi va u o‘yindan chiqadi. “Zanjir” o‘yini orqali o‘quvchilar bilimiga baho qo‘yiladi, guruhlarga umumiy ball beriladi.
“Charxpalak” usuli
O‘quvchilar uch guruhga bo‘linadi. Mavzuga oid rasmning birinchi bosqichini chizish buyuriladi. Yordamchi chiziqlar chizib bo‘lingach rasmlar yig‘ib olinadi va guruh ishlari almashtiriladi. Guruhlar ikkinchi bosqich ishini bajaradilar. Keyin yana ishlar almashtiriladi. Oxirgi bosqichda barcha o‘quvchilarning boshlab qo‘ygan ishlari o‘zlariga keladi va ular rasmni yakunlaydilar. Bunda o‘zaro munosabatlar yaxshilanadi, bir-birlarining yutuq va kamchiliklarini o‘rganadilar, tuzatadilar.
Venn diagrammasi
Bu usulda ikki doiraning ikki tarafida rassom hayoti, ijodi, asarlari haqida raqamlar, manbalar yozilgan bo‘ladi. Ikki doiraning qo‘shilishi natijasida paydo bo‘lgan bo‘shliqda esa ikki rassomga xos fikrlar ko‘rinishi izohlab boriladi. Bunda o‘ziga xos umumiy va individual tomonlar farqlanadi, mavzu esda qoladigan bo‘ladi. O‘quvchilar 3 guruhga ajratiladi. 1-guruh doiraning o‘ng tomoni, 2-guruh chap tomoni, 3-guruh ikki doiraning qo‘shilishidan paydo bo‘lgan bo‘shliq ustida ishlaydi. Guruhdagi qolgan o‘quvchilar esa kuzatuvchilardir, ular hatto baholashlari ham mumkin.
“Venn diagrammasi” turli xil ma’lumot, g‘oya, fikrlar kurashi va hujumini, munozaralarni keltirib chiqaradi. O‘quvchilarni o‘ylantiradi, mustaqil fikrlashga undaydi.
“Intervyu” metodi
Bu metoddan asosan uy vazifalarida foydalanish maqsadga muvofiq. O‘quvchilarga erkin mavzuda rasm chizish vazifasi beriladi. Kelasi darsda o‘quvchilar chizgan rasmlarning mavzusi, nima uchun bu mavzuni tanlaganligi, nimalarni tasvirlagani, qanday usuldan foydalanganligi haqida gapirib beradi, ya’ni intervyu beradi. “Intervyu” yordamida o‘quvchilarning nutqi, dunyoqarashi, fikrlashi, qiziqishi to‘g‘risida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ladilar.
“Xotira” o‘yini
Bu o‘yinni ekranda tasvirlar yoki reproduksiyalar ko‘rsatish bilan o‘tkazish mumkin. O‘quvchilarga turli natyurmortlar rasmi ko‘rsatiladi. Natyurmortni eslab qolib, xayolan chizishlari aytiladi. Bu usul orqali ularning xotira asosida rasm chizish qobiliyati aniqlanadi. Natura qo‘yib ham o‘quvchilarga ko‘rsatilgandan so‘ng ustini drapirovka bilan yopib qo‘yib, keyin xotira asosida chizishni taklif etish mumkin. Bu bilan o‘quvchilarning fantaziyasi, eslash qobiliyati kuchaytiriladi.
“Men nimaman?” o‘yini
O‘quvchilardan biri mavzuga oid biror predmedning tashqi ko‘rinishini tasvirlaydi, ammo uning nimaligini aytmaydi. Qolgan o‘quvchilar tasvirga ko‘ra belgilarni chizib boradi va matnda qanday jism tasvirlanganligini topadilar. Rasmga oid belgilarni sanash jarayonida o‘quvchilar har bir belgini chizib bo‘lgandan so‘ng keyingisini aniqlashi, elementlarni chizish jarayonida tuzilishi va kompanovkasiga katta e’tibor berishlari talab etiladi.
“Mozaika” o‘yini
Bu o‘yin orqali o‘quvchilarning badiiy fantaziyasi, ziyrakliligi, epchilligini aniqlash mumkin. O‘quvchilar guruhlarga bo‘linadi, ularga (gul, ertakka ishlangan rasm, hayvon rasmi va boshqa) rasm mozaikasini ishlash topshiriladi. Bir necha bo‘laklarga bo‘lingan tasvirni har bir guruh a‘zolari birgalashib joy-joyiga qo‘yib tasvir-mozaika hosil qiladilar. Tez va to‘g‘ri bajargan guruh g‘olib sanaladi.
“Tahlil” usuli
Dars davomida o‘quvchilar doskaga chiqib o‘zlari tasvirlayotgan rasmni ko‘rsatadi va o‘quvchilar uni tahlil qilishadi, do‘stlarining rasm to‘g‘risidagi fikrini eshitadilar. Bunda boshqalar ham o‘zlari shu kamchilikka yo‘l qo‘ygan bo‘lishlari mumkin bo‘lgan holda tanqidiy emas, balki do‘stona maslahat, fikr, mulohaza bildiradilar. Bu usul orqali yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan tipik xatolarning oldi olinadi.
Mahbuba IKROMOVA, G‘ijduvon tumanidagi 51-maktabning tasviriy san’at fani o‘qituvchisi