O‘quvchi nutqini o‘stirishning 4 usuli
Boshlang‘ich ta’limda bolani bog‘lanishli nutqqa o‘rgatishda xilma-xil metodlardan foydalaniladi.
Og‘zaki va yozma nutqni o‘stirishda eng ko‘p qo‘llaniladigan metodlardan biri suhbatdir. 1-2-sinf o‘quvchilarining nutqini o‘stirishda o‘tkaziladigan suhbatda ko‘proq rasmlar, rasm qismlaridan foydalaniladi. Chunki rasm orqali bolalar narsa va voqea-hodisalar haqidagi tasavvurini o‘stirish, diqqatini ma’lum bir mavzuga to‘plash, kuzatuvchanlik, mustaqil fikrlay olish ko‘nikmasini hosil qilishni o‘rganadilar.
Rasmlar yuzasidan suhbat o‘tkazishda quydagi ishlar bajariladi:
1. Dastlabki suhbat. 1-sinfda dastlabki suhbatlarda bolalar rasm mazmunini yaxshi tushunib, uqib olishlari uchun kirish suhbati o‘tkazish lozim. Suhbat turlicha bo‘lishi mumkin, ya’ni o‘rganilayotgan mavzuning mazmuniga qarab, suhbat bolalarning o‘yinlari, mehnatlari, kuzatuvlari asosida uyushtiriladi. Masalan: “Onaga sovg‘a” rasmini ko‘rsatishdan oldin bolalardan onalari, opa-singillarini 8-mart bayrami bilan qanday tabriklaganliklari, qanday sovg‘alar yasaganliklari, qaysi she‘r va qo‘shiqlarni o‘rganganlari so‘raladi. Shuningdek, “Sabzavotlar” rasmini ko‘rsatishdan avval o‘tkaziladigan kirish suhbatida bolalarning sabzavotlar haqidagi tasavvurlari aniqlanadi. Ular haqida she’r, topishmoq, ertaklar so‘raladi.
2. Bolalarning rasmni ko‘rib chiqishi. Rasm sinf doskasi yoki devoriga osib qo‘yiladi. Bolalar rasmni 2-3 minut mustaqil ko‘rib, mazmunini o‘rganib chiqadilar. Ular rasmni kuzatgach, o‘zaro suhbatlasha boshlaydilar. O‘qituvchi bolalarning o‘zaro suhbatini tinglashi va ularni ko‘proq nimalar qiziqtirayotganini aniqlab olishi kerak. Suhbatni o‘quvchilarni ko‘proq qiziqtirgan narsadan boshlash maqsadga muvofiq.
3. O‘qituvchi yordamida rasmning mazmunini anglash.
O‘qituvchi rasm mazmunini anglatishga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishi, ya’ni beriladigan savollarni oldindan tayyorlab qo‘yishi, rasm mazmuni haqidagi suhbatni qaysi usulda o‘tkazishni aniqlab olishi zarur.
Bolalar rasmni o‘qituvchi boshchiligida izchillik bilan o‘rganib chiqadilar. So‘ngra ulardan rasm mazmuni haqidagi fikrlarini bir-birlariga aytishlari, savol-javob qilishlari so‘raladi. Bu bolani juda qiziqtiradi. Ular savol-javob jarayonida rasmda nimalarni ko‘rayotganliklari, rasmdagi kishilarning nechta ekani, ularning nima bilan shug‘ullanayotgani, tashqi ko‘rinishi qanday ekani haqida so‘zlaydilar. Ba’zan o‘qituvchi rasm mazmuniga qarab, unda ishtirok etuvchi tilidan so‘zlaydi. Bu barcha o‘quvchilarni faollashtiradi.
Biroq faqat rasm mazmunini anglashning o‘zi kifoya qilmaydi. Shuning uchun rasm mazmunini anglagandan so‘ng yakuniy xulosa chiqarish ham kerak. Masalan: “Bu rasmga nima deb nom qo‘yamiz?”, “Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin?” kabi savollar berish kerak. O‘rganilayotgan rasmga nom qo‘yishga bola juda qiziqadi. Nima uchun rasmga bunday nom berishlari haqida gapirib beradilar.
4. Rasm mazmunini og‘zaki hikoya qilish, insho yozish.
Rasm mazmuni boshdan oyoq hikoya qilingach, inshoning rejasini tuzishga kirishiladi. Savol tariqasidagi rejani 1-sinf o‘quvchilari uchun butun o‘quv yili davomida, 2-sinf uchun esa faqat o‘quv yilining 1-yarmidagina o‘qituvchining o‘zi beradi. Reja — fikrni nimadan boshlab, qanday yo‘naltirish, yakunlash, xulosalashga yordam beruvchi vositalardan biridir. Reja bolalarning og‘zaki nutqini izchil qilish bilan birga, voqealarga qiziqish, ularning tartibi, yo‘nalishi haqida o‘ylash uquvini tarbiyalaydi. Bu ta’limda juda katta ahamiyatga ega.
Xurshida BAKYAZOVA, Qo‘shko‘pir tumanidagi 12-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi