Darsda charchoq sezmaslik uchun…
1- sinf o‘quvchilarining fiziologik xususiyatlari yuzasidan ota-ona va yosh o‘qituvchilarga tavsiya
Olmon psixologi E.Meyormen bola endigina maktabda o‘qiy boshlagan paytda uning ruhi va tanasida kechayotgan o‘zgarishlarni to‘liq bilmay, kichik o‘quvchiga buyruq berib, tazyiq o‘tkazib bo‘lmaydi, degan edi. Deyarli barcha boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va psixologlar bola o‘qishni boshlashi uchun, avvalo, jismoniy va fiziologik jihatdan tayyor bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Chunki kichik maktab yoshidagi bolalarning anatomik-fiziologik rivojlanishi o‘ziga xos kechadi.
Bolaning bo‘yi o‘sishi va vazni bir qarashda ulg‘ayayotganligidan darak beradi. O‘qituvchilar va ota-onalar yangi o‘quv yili boshlanishi bilan hamkorlikda ishlashi lozim. O‘zaro hamkorlik bola bugun qanday baho olganligi bilan qiziqishdan iborat bo‘lib qolmay, o‘qituvchi sinfdagi o‘quvchilarning kechasi qanday uxlayotganini ham so‘rab-surishtirishi muhimdir. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, odatda sog‘lom bolaning uyqudagi holati ham tinch, ravon bo‘ladi. Me’yoridan oshiq yuklama tufayli o‘quvchida jismoniy va ruhiy charchoq bo‘lgan taqdirda u kechasi xotirjam uxlolmaydi. Natijada ertasi kungi darsda diqqati jamlanmaydi.
Endigina o‘quv qurollari bilan ishlay boshlagan bolaning kitob o‘qish, yozish texnikasiga rioya qilishiga oilada va maktabda birday e’tibor berilishi zarur. Agar bola boshidan kitob, daftarga engashib yoki yaqindan qarashni o‘rgansa, bu
keyinchalik odatga aylanadi. Ko‘z va kitob, daftar orasidagi farq 25—30 sm masofada bo‘lishi, uning ko‘rish qobiliyati to‘g‘ri taqsimlanishiga xizmat qiladi. Partada noto‘g‘ri o‘tirish oqibatida ham bolada qator fiziologik o‘zgarishlar yuz beradi.
Agar partada o‘tirish malakasini endigina egallamoqchi bo‘lgan bolaga e’tibor berilmasa, u yonboshlash va yotib olishga odatlanadi. Chunki tezkor o‘sish davridagi bolalarda umurtqa pog‘onasi qiyshayishiga moyillik kuchli bo‘ladi. Bu holatning oldi olinmasa, turli darajadagi skolioz avj oladi va bu bolaning bosh miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada o‘quvchining o‘zlashtirish darajasi pasayadi.
Mutaxassislar 1-sinf o‘quvchisiga 15–20 daqiqadan ziyod muddatda uzluksiz yozdirmaslikni tavsiya qiladilar. Aks holda qo‘l motorikasi rivojlanmagan bolani uzoq vaqt yozishga majburlash, ulardagi barmoq muskullari to‘liq takomillashmagani uchun ma’lum darajada zarar keltirishi mumkin. Bunda mushaklar toliqib, tanadagi energiya to‘g‘ri taqsimlanishiga to‘siq yuzaga keladi. O‘quvchi toliqqan mushaklarini zo‘r berib harakatlantirishga intiladi. Bu esa miyadan beriladigan to‘g‘ri buyruqlarni cheklab qo‘yadi. Ilk chorakda dars mobaynida ikki yoki uch marta harakatli o‘yinlardan foydalanish o‘quvchilarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ikkinchi chorakda esa bolada o‘qish va yozishga qay darajada ko‘nikma hosil bo‘lganligiga qarab, 1-2 marta, 3-4-chorakda esa bir marta dam oldiruvchi harakatli o‘yinlar o‘tkazilgani foydali. Bunday o‘yinlar 1.5-2 daqiqa o‘tkazilsa, dars davomiyligida ta’sir qilmaydi. E’tiboringizga havola etilayotgan o‘yin mashqlardan ilk o‘quv kunlari foydalanishingiz mumkin.
O‘quvchilar parta yonida tik turadilar. O‘qituvchi o‘quvchilarni harakatga chorlaydi. Ularga qarata navbat bilan “O‘tiramiz”, “O‘rnimizdan turamiz” deydi. Bolalar o‘qituvchining ko‘rsatmasiga binoan joylariga o‘tiradilar, keyin esa navbatdagi buyruqqa asosan o‘rinlaridan turadilar. Bolalarga yana “Qo‘llaringizni oldinga cho‘zing va suvda suzgan kabi harakat qiling” deyiladi. Bolalar ustoz aytganidek “suvda suzadilar”.
Keyingi bosqichda bolalar o‘qituvchining “Endi qush bo‘lib uchamiz” degan buyrug‘iga ko‘ra qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib, xuddi qush kabi “parvoz” qiladilar. Ushbu harakatlar bir necha bor takrorlanadi, biroq ko‘p qaytarib ularni bezdirib qo‘ymaymiz. Dam olish daqiqalarining ham oddiydan murakkab tomon o‘sib borishi o‘quvchilar ongi va nutqini o‘stirishda yordam beradi.
Uyda va maktabda ta’lim jarayoniga shunday moslashtiriladigan bola o‘quv yili oxirida charchab qolmaydi va sog‘ligida kamchilik kuzatilmaydi. Natijada bilim
olishdan bezmaydigan, har qanday vazifalarni bajarishga qodir ikkinchi sinf o‘quvchisi shakllanadi.
Robiya QODIROVA, Namangan shahridagi 34-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi