Gaz va chang moddalarining yonishi

Yonuvchi bug‘ va gazsimon moddalarning yonish va portlash xavfi ularning alangalanish chegaralari, chaqnab yoki alangalanib yonish harorati va alanganing tarqalish tezligi bilan belgilanadi.
Yonuvchi gazning havodagi kislorod bilan aralashmasi yonish uchun yetarli darajada yig‘ilib qolgan muhitda haroratning ko‘tarilishi, uning o‘z-o‘zidan alangalanib ketishiga sabab bo‘ladi. Aralashmaning yonishiga sabab bo‘lgan dastlabki harorat, uning alangalanish harorati deb ataladi.
Gazning havo bilan aralashib yonishi har qanday aralashma holatida ham amalga oshavermaydi, balki ma’lum chegaraviy miqdordagi aralashma hosil bo‘lganidagina yonishi mumkin. Shuning uchun ham aralashmalarning alangalanadigan miqdorlari quyi va yuqori chegaralar sifatida belgilanadi. Bunda gazlarning quyi chegara miqdori deb, ularning alanga hosil qilgan holatidagi minimal miqdori tushuniladi va ana shu quyi chegara, sanoat korxonalarining yong‘in va portlash xavfiga moyillik toifalarini aniqlashda asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Qurilishda ishlatiladigan ba’zi yonuvchi modda va ashyolarning yonish va portlash xavfi o‘zaro bir-biriga o‘xshash bo‘ladi. Ammo ahamiyatli farqi shundaki, portlash jarayonida alanganing atrofga tarqalish tezligi yong‘indagiga nisbatan juda yuqori bo‘ladi. Yonuvchi gaz va bug‘larning havo bilan gomogen aralashmasi ma’lum sharoitda portlab yonish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Bino va inshootlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan portlovchi bosim kuchini aniqlash va yengil otiluvchi himoya qurilmalarini loyihalash uchun yong‘in paytida alanganing tarqalish tezligini bilish juda zarur hisoblanadi.
Modda va ashyolarning yonuvchanlik va portlash xususiyatlari ularning yonish jarayonidagi agregat holatini belgilovchi ko‘rsatkichlar orqali aniqlanadi. Bu ko‘rsatkichlar yonuvchi moddalarning agregat holatiga qarab turlicha bo‘ladi.
Gaz va chang moddalarining yonishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish yong‘in va portlash bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishda muhim vazifalardan sanaladi, albatta.
Rahmatilla А bduganiyev,
Toshkent shahar FVB Uzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatiga karashli binolarida YXTTEB inspektor katta leytenant
Dilmurod Toshmuhamedov,
Uzbekiston Davlat Filarmoniyasi Turkiston saroiyi YXTTEB mutaxassisi oddiy askar