Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!
Umumta’lim muassasalarida “Mustaqillik darslari” ana shu ezgu g‘oya asosida o‘tiladi
Mustaqillikdek bebaho ne’matning qadr-qimmatini yosh avlod qalbiga singdirish, o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tilgan og‘ir va mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli yo‘l, keng ko‘lamli islohotlar, qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlarning tub mohiyati va ahamiyatini o‘quvchilar ongiga yetkazish, sodda qilib aytganda, kecha kim edig-u, bugun kim bo‘lganimizni anglatish, ularni yangi marralar sari ruhlantirish maqsadida har yangi o‘quv yili boshida ta’lim muassasalarida ilk darslar “Mustaqillik darslari” sifatida o‘tilishi an’anaga aylangan.
2016-2017-o‘quv yili ham “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan mustaqillik darslari bilan boshlanadi. Prezidentimizning 2016-yil 2-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, mustaqillik darslarini tashkil etishda quyidagilarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir:
— dars tashkil etilishidan oldin sinfxonalarni mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar aks ettirilgan shiorlar, fotosuratlar bilan bezatish;
— mamlakatimizning qudrati va iqtisodiy salohiyati tobora ortib, yalpi ichki mahsulotimizning o‘sish sur’atlari oxirgi 11 yil davomida jahondagi sanoqli davlatlar qatorida 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelayotganini tahliliy ma’lumotlar asosida tushuntirish;
— o‘tgan davr mobaynida shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tobora go‘zallashib borayotgani, xalqimiz turmush darajasi tobora yaxshilanib borayotgani barcha sohalarda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yuz berayotgani haqida so‘z yuritish;
— mustaqillik hayotimizning ma’no-mazmunini tubdan o‘zgartirib, xalqimizni qaramlik kishanlaridan ozod qilgani, toptalgan qadriyatlarimiz, dinu-diyonatimiz, oru-nomusimizni tiklash, o‘zligimizni anglash, farovon hayot va yorug‘ kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan qurish yo‘lida beqiyos imkoniyatlar ochib berganini keng yoritish;
— yurtimizning ilgarigi qoloq, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli darajada avj olgan agrar o‘lkadan bugungi kunda izchil taraqqiy etib borayotgan zamonaviy industrial mamlakatga aylanganini chuqur tahliliy asosda talqin qilish;
— Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilgan xususiy mulkning ustuvorligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining samarasini yanada kuchaytirish kabi o‘ta muhim yo‘nalishlarning ahamiyatini sodda va ta’sirchan usullarda yetkazish;
— qishloq xo‘jaligi sohasida mutlaqo yangi iqtisodiy munosabatlar joriy etilib, fermerlik harakati uchun katta imkoniyatlar yaratilgani, hozirgi kunda fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 90-92 foizini yetkazib berish bilan birga, qishloq taraqqiyotida hal qiluvchi ijtimoiy-siyosiy harakatga va yetakchi kuchga aylanib borayotganini keng yoritish;
— mustaqillikka qadar yurtimizda umuman mavjud bo‘lmagan, bugungi kunda esa jamiyatimizning qudratli tayanchiga aylanib borayotgan o‘rta sinf — mulkdorlar sinfining shakllangani hamda rivojlanib borayotganini tushuntirish;
— mamlakatimizda ta’limning yangi modeli joriy etilishi natijasida jahon maydonida raqobatga kirisha oladigan yangi avlodning shakllanishi, bu borada ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmunini yoritish;
— ta’lim muassasalarida “Kim edigu, kim bo‘ldik? Kelgusida qanday marralarni egallashimiz kerak?” mavzusida yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar bilan uchrashuvlar, suhbat va muloqotlar tashkil etish;
— yurtimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati bo‘lgan Qurolli Kuchlarni isloh qilish va milliy armiyamizning salohiyatini yuksal¬tirish borasida amalga oshirilayotgan, ko‘lami va miqyosiga ko‘ra ulkan o‘zgarishlar haqida keng tushuntirish ishlarini olib borish;
— bugungi o‘ta tahlikali zamonda, yon-atrofimizda turli tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda eng katta va bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrash, millatlar va dinlararo do‘stlik va bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, doimo hushyor va ogoh bo‘lib, tinchlik uchun kurashib yashash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini atroflicha tushuntirish;
— dunyoda hech kimdan kam bo‘lmay¬digan, taraqqiy topgan davlatlardagi tengdoshlari bilan har tomonlama bellashuvga tayyor bo‘lgan yetuk va barkamol avlodni tarbiyalash bo‘yicha amalga oshirayotgan milliy dasturlarimizning bugungi va ertangi kun uchun tarixiy ahamiyatini ta’sirchan usul va vositalar asosida yoritish;
— inson manfaatlarini ta’minlash, xususan, kuchli ijtimoiy himoya tizimi asosida amalga oshirilayotgan, yordam va ko‘makka muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarning ma’no-mohiyatini atroflicha ifoda etish;
— 1-sinf o‘quvchilariga 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi”ning topshirilishi mazmun-mohiyati, o‘quvchilarning a’lo baholarga o‘qishi va kelgusida o‘z kasbining mohir egasi bo‘lishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidlash;
— so‘nggi paytda yurtimiz dunyo hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotgani, xususan, Jahon iqtisodiy forumi tomonidan e’lon qilingan reytingda keyingi 3 yilda iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlar orasida mamlakatimiz 5-o‘rinni egallagani, shuningdek, BMT ko‘magida AQSHning Kolumbiya universiteti tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy tadqiqotlar asosida e’lon qilingan “Butunjahon baxt indeksi”da Vatanimiz 158ta mamlakat o‘rtasida 44-pog‘onani, MDH mamlakatlari orasida 1-o‘rinni egallaganini qayd etish;
— mamlakatimizda sport, jumladan bolalar sporti rivojlantirilishi natijasida jahon arenalarida sportchilarimiz ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani, jumladan, Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 206 mamlakat ichida yigirma birinchi o‘rinni egallagani, umumiy hisobda 13ta (4ta oltin, 2ta kumush, 7ta bronza) medalni qo‘lga kiritib, yurtimiz obro‘sini yana bir karra oshirgani, bunday yuksak marralarga erishish uchun har bir o‘quvchi bolaligidanoq o‘zini chiniqtirib borishi, qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirib borishi zarurligini anglatish lozim.
Mazkur tavsiyalar mustaqillik darslarini olib boradigan o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu ma’lumotlarni yanada to‘ldirib, o‘quvchilarning yosh xususiyati, ayniqsa, o‘zlari yashab turgan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar misolida yetkazish tavsiya etiladi.
“Mustaqillik darslari”ni tashkil etish bo‘yicha tavsiya va unga qo‘shimcha ravishda ma’lumotlar – slayd, diagramma, foto va videolavhalar Xalq ta’limi vazirligining uzedu.uz hamda Respublika ta’lim markazining rtm.uz saytlarida batafsil berilgan.
Respublika ta’lim markazi