«Dilni kuylatib, Gul Navro‘z keldi...»
(Umumta’lim maktablarida Navro‘z umumxalq bayramini nishonlash yuzasidan tavsiya va senariy)
Ona tabiatni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Bayramning beqiyos ijtimoiy-ma’naviy ahamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 23-fevraldagi “2018-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ham chuqur ifodalangan. Qarorga muvofiq, butun mamlakatimizda bahorning go‘zal bayrami ommaviy tarzda — “Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!” shiori ostida nishonlanadi. Jumladan, ta’lim muassasalarida Navro‘z ayyomining umummilliy ahamiyatini yosh avlod ongiga yetkazish uchun quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi:
— bayram arafasida tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar rejasini ishlab chiqish;
— dasturni tayyorlashda xalqona o‘yinlar, folklor san’ati namunalariga keng o‘rin berish;
— Navro‘z kunlari inson o‘zining tabiat bilan uzviy bog‘langanini, uning ajralmas bir qismi ekanini his etishiga, atrof-muhitni, ona zaminni ardoqlab, uning ne’matlaridan bahramand bo‘lish, osoyishta hayotni qadrlash, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirish;
— Navro‘z ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon-u onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ehtiyojmand kishilarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini o‘tkazish;
— o‘quvchi-yoshlarning bahorgi ta’til davrini mazmunli o‘tkazish maqsadida maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va maktablar qoshidagi to‘garaklar, sport zallari va maydon¬chalarining muntazam ravishda ishlashini ta’minlash;
— Xalq ta’limi vazirligining 2015-yil 26-fevraldagi 48-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Hushyorlik va ogohlik — davr talabi!” shiori ifodalangan yo‘riqnomaga qat’iy amal qilish;
— ta’lim muassasalariga huquq-tartibot idoralari vakillarini jalb etgan holda yo‘l-transport va yong‘in hodisalarining oldini olish, jamoat tartibini, umumiy xavfsizlikni saqlash bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish;
— ta’lim muassasalariga kirish-chiqish tartibini kuchaytirish, tashrif va navbatchilikni qayd etish daftarini doimiy yuritish, hududga begona shaxslar va transport vositalarining kirishiga yo‘l qo‘ymaslik va bosh¬qalar.
Navro‘z umumxalq bayrami o‘quvchi-yoshlarni umuminsoniylik, vatanparvarlik, mehmondo‘stlik, tinchliksevarlik, mehr-oqibat ruhida tarbiyalash vositasi ekanligi barcha¬mizga ma’lum. Bayram arafasida o‘tkaziladigan umumxalq xayriya hasharida yosh-qari, hamma-hamma o‘z ta’lim dargohini, mahallasini, ish joyini tozalab, tartibga keltirib, obodonlashtirishga hissa qo‘shadi.
Umumta’lim maktablarida bayram tadbirlarini namunali o‘tkazish bo‘yicha quyidagi senariydan foyda¬lanish tavsiya etiladi:
Muassasa hovlisi yoki maktab binosiga yaqin yashil maydon tadbir o‘tkazish uchun tayyorlanadi.
Zal yoki maydon bo‘ylab karnay-surnay, nog‘ora-doira sadolari yangraydi. Milliy libosda qiz-o‘g‘illar raqsga tushadi. Sahnaga milliy libosda jarchilar chiqishadi. Ular bu yerga Bahoroy va Navro‘zjon kelayotgan¬ligidan ogoh etiishadi.
1-jarchi:
— Odamlar-u odamlar,
Bog‘da bitgan bodomlar,
Eshitmadim demanglar,
Eshitganlar jilmanglar,
Bahoroy kelyаpti, hey!
2-jarchi:
— Sayil-tomosha boshlanur,
Ko‘rganlar darmonda,
Ko‘rmaganlar armonda,
Navro‘zjon kelyapti, hey!
Muhammadjon Mirzayevning «Bahor valsi» kuyi taraladi. Sahnaga oppoq libosda, qo‘llarida bahoriy gullar bilan Bahoroy qadam ranjida etadi.
1-suxandon:
— Ko‘zlarimga ilohiy bir nazar keldi,
Qulog‘imga jaranglab xushxabar keldi.
Yuragimga zafar keldi, safar keldi,
O‘zbekiston tuprog‘iga bahor keldi.
Sahna markazida Bahoroyga boshlovchilar peshvoz chiqishadi.
Bahoroy:
— Qizg‘aldoq bargidek uchar dildan g‘am,
Toshqinlar kiradi qalbimga manim.
Bahoring muborak bo‘lsin ushbu dam,
Mening O‘zbekiston — dilbar Vatanim.
O‘quvchilardan biri R.Tolib she’ri, N.Norxo‘jayev musiqasi asosida yaratilgan «Bahor madhi» qo‘shig‘ini ijro etadi. Raqqosa qizlar raqsga tushadilar.
Sayroqi qushlar va bulbul navosi taraladi. Qushni ifodalovchi libosda qanot qoqib, gul sochib, Navro‘zjon paydo bo‘ladi.
2-suxandon:
— Garchi kechalarning harorati past,
Etni junjiktirar bu tunlar garchi,
Oftobli kunlarga ixlos-u havas.
Olib uchib keldi Navro‘zjon — elchi.
Sahna markazida Navro‘zjonni hamma olqishlab kutib oladi. Navro‘zjon:
— Tongni uyg‘otib, Dilga so‘z keldi. Dilni kuylatib, Gul Navro‘z keldi! Doshqozonda sumalak qaynaydi. Kunlar avval ilib, so‘ng isib boradi. Qir-adirlar va daraxtlar gul-chechakka burkanadi. Yomg‘ir birdan tinib, yetti rangda kamalak tovlanadi. Bu — Navro‘zning, ya’ni mening qadamimdan nishona.
1-suxandon:
— «Navro‘z» so‘zi fors-tojik tilidan olingan bo‘lib, «yangi kun» degan ma’noni bildiradi. Buyuk allomalarimiz Abu Rayhon Beruniy, Hakim at-Termiziy, Mahmud Kosh¬g‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Umar Xayyom Navro‘zning o‘sha zamonlarda qanday nishonlangani to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar berishgan. Ulug‘ alloma Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida quyosh (shamsiya) yili hisobida yilning birinchi oyi — farvardin (hamal) oyi haqida yozib, «Bu oyning birinchi kuni Navro‘zdir», deydi. Beruniy Navro‘zning ilmiy jihatdan kun bilan tun tenglashgan vaqtda bo‘lishini e’tirof etgan.
2-suxandon:
— Navro‘z kunlari o‘g‘il-qizlar yig‘ilib, turli musobaqa ko‘rinishidagi o‘yinlarni o‘tkazishadi va laparlar aytishadi.
Sahnaga bir guruh jajjilar chiqi¬shadi. Ikki tomondagi arg‘im¬choqda o‘smirlar uka-singillarini uchiradilar. Bir tomonda qizlar xivichdan soch¬popuk va bargak, bahoriy gullardan esa gulchambar yasashib, bir-birlarining sochlariga taqishadi. Qizlar o‘sma siqib, qoshlarini “sug‘orishadi”. Yana bir tomonda o‘g‘il bolalar o‘zlari yasagan varraklarini ko‘z-ko‘z qilishadi.
1-suxandon:
— Bahor arafasida birinchi bo‘lib bodom gullaganda katta-kichik mamnun bo‘ladi. So‘ngra qolgan mevali daraxtlar ham birin-ketin gulga burkanadi. O‘rik gullari o‘zgacha bir chiroyga ega. Dasturxonlarimiz esa bahor ne’matlariga to‘lib-toshadi. Tabiat bizga in’om etgan otquloq, yalpiz, jag‘jag‘, ismaloq kabi shifobaxsh ko‘katlardan ko‘k chuchvara, ko‘k somsa va boshqa taomlar pishiriladi.
Bahoroy va Navro‘zjon mehmonlarga turli noz-ne’matlar tarqatishadi.
2-suxandon:
— Sumalak esa qadimiy tansiq taom bo‘lib, Navro‘zning xabarchisi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning kelib chiqishi haqida turli afsonalar mavjud. Sumalak sayillari har bir kishiga o‘zgacha shod-u xurramlik bag‘ish¬laydi. Har yili bahorda shifobaxsh taom pishirilib, dasturxonga tortiladi.
Sahnada sumalak solingan piyolani qo‘lida ushlab turgan atlas libosdagi qiz sumalak haqida she’r aytadi.
2-suxandon:
— Navro‘z millatning tarixi, falsafasi, badiiyati va san’ati, madaniyati, mifologik dunyoqarashini, ilmiy tafakkur tarzini o‘zida mujassam etgan qomusiy bir ayyomdir. Tabrik uchun so‘zni maktabimiz direktoriga beramiz.
Maktab rahbarining tabrik so‘zidan so‘ng 3-chorakni a’lo baholarga tugatgan va jamoat ishlarida faol ishtirok etgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari maktab faxriy yorliqlari bilan taqdirlanadi.
1-suxandon:
— Bobomning bayti bor yaproqlaringda,
Momomning tafti bor chorbog‘laringda.
Onamni eslatar rayhoning, yurtim,
Dadamning hidi bor tuproqlaringda.
2-suxandon:
Qizg‘aldoqzoringda ko‘milib yotdim,
Billur shabnamlarda cho‘milib yotdim,
Dunyoni unutdim, o‘zni yo‘qotdim,
Men ham vatan bo‘ldim quchoqlaringda!
Tadbirni olib boruvchilarning yakunlovchi so‘zidan so‘ng mahalliy hokimlik yoki mahalla faollariga so‘z beriladi:
— Navro‘z kun bilan tun teng kelgan kundir. Qadimda yil taqvimi, ya’ni fasllar almashinuvi, uning qutblarini bilish odamzod hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Ajdodlarimiz quyosh, oy, yulduzlar harakatini kuzatib, ular haqida mukammal bilimga ega bo‘lganlar. Bu ularning kundalik, xo‘jalik, ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida muhim rol o‘ynagan. Xuddi shu an’analar bardavom bo‘lib, bugungi avlod hayotiga ham ma’no-mazmun bag‘ishlab kelmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018-yil — Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilingani, shu munosabat bilan yurtimizda barcha sohalarni jadal rivojlantirishga e’tibor qaratilayotgani Navro‘z ayyomi kunlarida har birimizga a’lo kayfiyat bag‘ishlamoqda. Aziz o‘quvchilar, muhtaram pedagoglar, barchangizni mahalla fuqarolar yig‘ini faollari nomidan Navro‘z ayyomi bilan tabriklaymiz. Sizlarning milliy an’analarimizga sodiq, chuqur bilimli va ma’naviy yetuk, yurtimizga munosib farzandlar bo‘lishingizga ishonamiz.
Maktab folklor ansambli a’zolarining konsert dasturi bilan tadbir yakunlanadi.
Respublika ta’lim markazi