ONA TILIMI YOKI HAR SOHADAN BIR SHINGIL?

“U yo‘qolsa, tamaddun tugaydi, u salomat bo‘lmasa, millat sochilib ketadi. Shuning uchun esi o‘zida xalq, erki o‘zida davlat til muhofazasini muhtasham maqsad deb biladi, uni taraqqiy qildirish qayg‘usini bir on
unutmaydi”.
Nizomiddin MAHMUDOV
Yuqoridagi fikrlar 6-sinfning “Ona tili” darsligida bor. Biroq mualliflar o‘zlari keltirgan ushbu ajoyib fikrlar mag‘ziga unchalik e’tibor qaratishmagan ko‘rinadi.
Ona tili fanini o‘qitishning maqsad va vazifalari nimalardan iboratligi ma’lum. Har bir inson, eng avvalo, o‘z ona tilida mukammal gapira olishi va o‘zgalarni tushunishi, muloqot qilaolishi lozim. Maktablarda ona tilini o‘qitishning yana bir muhim vazifasi uning ichki qurilishini o‘rgatish hamdir(har holda men shunday deb hisoblayman). Muayyan bir millat vakili o‘z tilining grammatik qurilishi va hodisalari, boshqa tillardan qaysi jihatlari bilan farqlanishi yoki o‘xshashligini, ona tilining ham xuddi matematik amallar kabi qiziqarli hodisalari mavjudligini va o‘z ona tilining naqadar boyligini bilishi va buni his qilishi darkor. Ammo so‘nggi paytlarda ona tili fani tushunchasi boshqacharoq tus ola boshladi, nazarimda. Aniqroģ‘i, yangi darsliklarni ko‘rib shunday deyish mumkin.
Avvalo, yangi darslik chiqdimi, u mamlakatning barcha maktablariga o‘z vaqtida yetib borishi kerak. Bizga 6-sinf darsligi 2-chorakda yetib keldi. Adabiyotdan esa hali ham darak yo‘q.
1-chorak mavzularini o‘tmadik hisob. Mavzular haqida qisqacha tushuncha berib o‘tgan bo‘ldik va uyda mustaqil o‘qib chiqishlarini vazifa qilib berdik.
Yangi avlod darsliklari haqida ijobiy fikr bildirayotgan o‘qituvchilar ko‘p. Darsliklarning ba’zi jihatlarini, ya’ni o‘quvchini fikrlashga undaydigan matn va ma’lumotlarning kiritilganligini e’tirof etishimiz kerak, albatta. Ammo bunday matn va mavzular sanoqligina, xolos. 6-sinf darsligidagi “Ko‘z nurini asraylik”, “Jigar – eng mehnatkash a’zo” mavzulari shular jumlasidandir. Biroq, afsuski, menda (nafaqat menda, ko‘pchilik o‘qituvchilarda, shu bilan birga ota-onalarda ham) darslik borasida tanqidiy fikrlar ko‘proq.
Darslik yaratish oson ish emasligini hammamiz bilamiz, mualliflarning bu borada ancha ter to‘kkanligini inkor qilmaymiz, mehnatlarini qadrlaymiz, albatta. Biroq yangi darsliklar ustida mualliflar qay darajada mehnat qilgan bo‘lsalar ham, ko‘rinib turgan, lekin mualliflar tan olishni istamayotgan ba’zi jihatlari borki, bundan ko‘z yumish aslo mumkin emas. O‘ttiz yil mobaynida turli xil darsliklar bilan ishlab ko‘rdik, ammo hech biri bu yilgi darsliklar kabi hafsalamizni pir qilmagan edi. Balki zamon o‘zgargandir, balki o‘quvchilarni hayotga tayyorlashning yangi dasturlarini yaratish kerakdir, balki bilim berish tizimini tubdan isloh qilish lozim bo‘lgandir, bunisini bilmadim. Ammo ta’limda inqilob qilish kerak bo‘lgan bo‘lsa, buni ona tili fanidan boshlamaslik kerak edi. Yangi darsliklar mundarijasini ko‘rib, ona tili darsligini emas, biror ensiklopediyani varaqlayotganga o‘xshaydi odam. Ona tili darsligi bo‘lganligi bois til hodisalariga oid mavzular bosh mavzu qilib berilganidayam ko‘ngilga ancha taskin bo‘lardi. Mavzularga va matnlarga qaralsa, ona tili fani o‘rniga boshqacharoq nom qo‘yish kerak. Chunki bu darslik o‘quvchiga millat ruhi, millat ko‘zgusi bo‘lgan ona tili haqidagi ma’lumotlarni berishdan ko‘ra, turli tabiat hodisalari, salomatlik muammolari, chiqindilar, dehqonchilik, soliqlar, turli xil infografikalar, deputat va saylovlar, ekologik muammolar, hayvonlar haqida ma’lumotlar berishga mo‘ljallangandek. Shuningdek, maqsadli xarajatlar, soliqlar, sharq taronalari, Oliy majlis yoki mualliflik huquqi haqida o‘quvchilar bilgani yaxshi, ammo buni aynan ona tili darslari orqali emas, musiqa, huquq va tarbiya fanlari vositasida o‘rgatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ona tili darsida fizika faniga tegishli ma’lumotlarni, hodisalarni o‘rganishning qanday zarurati bor? Agar bunday ma’lumotlar o‘rniga “Tutilmay gapiraman”, “Yozuvchi bo‘lish osonmi?”, “Boburnoma” kabi mavzular koproq kiritilganida, fanga ancha yaqin bo‘lardi va biz ham ayrim mavzular qarshisida esankirab qolmasdik. Har bir o‘qituvchi o‘z fanining bilimdoni bo‘ladi, ko‘proq o‘z fani doirasida izlanadi. Yangi darsliklar esa ona tili o‘qituvchisidan o‘z fanidan tashqari yana bir necha fanlardan ham yaxshigina xabardor bo‘lishni talab qilmoqda. Bechora o‘qituvchi grammatika soddalashtirilibdi deb xursand bo‘lolmaydi, u endi umuman faniga begona bo‘lgan manbalarni o‘rganishga majbur! Chunki o‘quvchi oldida uyalib qolmaslik uchun global isish, chiqindini qayta ishlash, jigar, C vitamini, veterinariya, infografika, turon yo‘lbarsi, fizika, tashqi savdo aylanmasi va hokazolar haqida o‘quvchidan ko‘ra ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lmog‘i lozim. Mayli, bu borada bizga internet yordam beradi, bahonada bilimimiz ko‘payadi. Ammo bunday davom etsa, ona tili fan sifatida intihoga yuz burishi turgan gap. Men bu qarashlarim bilan darslikda grammatikaga oid ma’lumotlar yo‘q, deyish fikridan yiroqman. Nazariya bor, biroq u matnlar soyasida qolib ketgan! Bori ham ona tili darsligi bo‘lmay qolmasligi uchungina zo‘rma-zo‘raki kiritilganga o‘xshaydi. Bilmadim, tilshunoslik nazariyasini izchil o‘rganishning qanday yomon tomoni bor ekanki, darsliklarda mavzular aralashtirib yuborilgan. Masalan, 7-sinfda “Kelajak kasblari” mavzusida fe’llarning yasalishi, yuklamalar, gap bo‘laklari haqida o‘rgatiladi. Nega? Bunday o‘rgatishning afzalligi nimada? Deyarli barcha mavzular shu tarzda joylashtirilgan. Bog‘lovchi va yuklama haqida ma’lumot berilgan-u, ko‘makchi haqida ma’lumot yo‘q. Agar 6-sinfda ko‘makchi mavzusi berilgan-ku, deyilsa, bog‘lovchi va yuklama haqida ham 6-sinfda batafsil ma’lumot berilgan edi. 6-sinfda o‘rganilgan mavzu 7-sinfda yana o‘rganilmoqda. Hisob-o‘lchov so‘zlari mavzusi ham yo 6-sinfda, yo 7-sinfda o‘rganilsa kifoyamasmi? 6-sinf darsligining boshida iboralarga doir mashq nega berilganini ham tushunmadik. Iboralar 5-sinfda o‘tilganligi uchun takrorlashdir deb o‘yladik. 6-sinfda “Davlatni kim boshqaradi?” mavzusi xuddi darslikka adashib tushib qolganday. Maqsad qisqartirma otlar va bosh harflar imlosini o‘rgatishmi yoki davlat boshqaruvi haqida ma’lumot berishmi? Bu ma’lumotlarni o‘rgatish huquq fanining vazifasi emasmi? Buni tushunishga ham aqlimiz ojizlik qildi. 6-sinf o‘quvchisiga soliqlarni to‘lab borish zarurligini bu darajada uqtirishning nima keragi bor? Soliqlarning ahamiyatini tushuntirish ona tili fanining vazifasimi? Qolaversa, tuman hokimiga xat yozib, soliqlardan tushgan mablag‘ga hududdagi qaysi muammoni hal qilish mumkinligi haqida tavsiya berish vazifasi 6-sinf o‘quvchisining yoshiga mos emas. Ular hali o‘yin bolasi-ku. Bu topshiriqni 10-11-sinf o‘quvchisi bajarishi mumkin.
O‘qituvchi va o‘quvchilarga qiyinchilik tug‘dirayotgan yana bir muammo shuki, mashq va topshiriqlar raqamlanmagan. Buning qanday afzalligi borligini har qanaqasiga o‘ylab ko‘rsangiz ham topolmaysiz! Darslik mualliflari shartli belgilar qo‘yilganligini ta’kidlashlari turgan gap, ammo bu javob emas. Qolaversa, sinfdagi barcha o‘quvchilarga bu belgilarni yod oldirolmaysiz. Yod olgan taqdirda ham bir darsning o‘zida bir xildagi shartli belgi ostida bir nechta mashq va topshiriq berilganligi sababli, baribir, chalkashliklar bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, 6- va 7-sinf yangi ona tili darsliklari biz kutgandek ajoyib bo‘lib chiqmadi. (Biroq g‘aroyibligi bor). Azizlarim, ona tili fanini o‘qitishga befarq qaray olmaydigan jonkuyar hamkasblarim! Bu gaplar oddiy bir qishloq o‘qituvchisining g‘o‘r fikrlari. Uni qanday qabul qilsangiz ham ixtiyor o‘zingizda. Faqat ayrim insonlardan iltimosim shuki, menga nimalarnidir uqtirishga, tushuntirishga urinmang! Baribir, ona tili fanining bu shaklda o‘qitilishini yoqlamayman. Ona tili ta’limini tubdan o‘zgartirish bunday bo‘ladigan bo‘lsa, grammatikani soddalashtirish shunday bo‘lsa, avvalgi holida qolsin! Mayli, biz o‘quvchilarga ona tilimizni murakkab nazariyalar orqali o‘rgataylik (har holda fanimizga mutlaqo begona bo‘lgan ayrim matnlar ustida ishlashdan ko‘ra osonroq va foydaliroq), yuqorida keltirilgan turli-tuman mavzular haqida bilim berishni esa tegishli fan o‘qituvchilariga qo‘yib beraylik! (Har kim o‘z ishini qilsin!) Grammatika hayotda kerak bo‘lmaydi degan fikrni yoqlovchilarga javobim shuki, hayotda kerak bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar, har qanday millat vakili o‘z ona tili grammatikasini bilishi shart! Hayotda kerak bo‘lmaydigan mavzular juda ko‘p boshqa fanlarda ham. Ana shular haqida bosh qotirishsin, ONA TILI fanini aralash-quralash darslikka aylantirmasdan! Ona tili fanimi, demak, darslikda ona tiliga xos bo‘lgan ma’lumotlar berilishi kerak.
Agar barcha sinf darsliklari shu zaylda o‘zgaradigan bo‘lsa, 4-5 yildan keyin OTMlarga kirish imtihonlarida savollar ona tili grammatikasidan bo‘ladimi yoki darslikdagi matnlar yuzasidanmi? Agar grammatikadan bo‘lsa, darslikdagi nazariya juda kam va juda oddiy, abituriyent testlarni o‘ynab o‘tirib yechadi. Mabodo savollar matnlar bo‘yicha tuziladigan bo‘lsa, unda bu imtihon ona tilidan bo‘lmaydi!
Xullas, yangi ona tili darsliklari xususida mutasaddilar chuqurroq o‘ylab ko‘rishlarini istaymiz.
Xosiyat JUMABOYEVA,
Amudaryo tumanidagi
37-maktabning oliy toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi