PULIMIZ GAZETA OBUNASIGA YETMAYDIMI YOKI..?
“Ma’rifat” gazetasining 16-noyabr kungi 46-sonida faxriy pedagog Xudoyberdi Komilovning “Ming xil gulning ifori” deb nomlangan maqolasini o‘ta sinchkovlik bilan o‘qib chiqdim.
Maqolada ta’lim sohasining kechagi va bugungi ijobiy va salbiy tomonlari o‘rinli faktlar, aniq misollar orqali ochib berilgan. Darhaqiqat, bugungi kunda ta’lim tizimida ziddiyatlarning kelib chiqishi ta’lim sifatining keskin tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Tajribali ustoz ta’kidlab o‘tganidek, tizimda kadrlarni saralash mexanizmi ishlamasligi oqibatida ta’lim berishga noloyiq ayrim shaxslar ham o‘quv-tarbiya ishiga aralashib qolmoqda. Buni internet tarmoqlarida “do‘pposlash” usuli bilan mashhur bo‘layotgan o‘qituvchilar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Maqola muallifi ta’lim sifatining pasayib ketishiga oylik maoshlarning kamligini ham sabab qilib ko‘rsatadi. Shu o‘rinda men o‘z fikrlarimni, aniqrog‘i o‘zim guvohi bo‘lgan voqeani bayon qilmoqchiman.
Kuni kecha malaka toifasi uchun bo‘lib o‘tgan kuzgi test sinovlari yakuniga yetdi. Jarayonda o‘qituvchilar yuqori natijaga erishish uchun kechayu kunduz izlanib, fikr almashib, maxsus kurslarda ishtirok etib, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib olishga harakat qilishdi. Men ko‘pgina o‘qituvchilarda intiluvchanlik, tirishqoqlik, kuch-g‘ayratni ko‘rdim. Maqsad yagona – toifani oshirib, oylik maoshi ko‘tarilishiga qaratilgan.
Savollar qanchalik murakkab bo‘lmasin, xotirada turmaydigan bo‘lsa-da, baribir tinim bilmas pedagoglarimiz yaxshi natijalarga erishish uchun uddasidan chiqishdi. Kitob do‘konlaridan attestatsiyaga oid to‘plamlarni necha pul ekaniga ham qaramay sotib olishdi. Mana, muhtaram muallimlarimizda shunchalik g‘ayrat-shijoat bo‘lsa, mablag‘ topilar ekan, lekin ularning ta’lim nashrlariga obuna bo‘lishdan bosh tortishi, gazeta, jurnal varaqlamasligi o‘ta achinarli hol. O‘ylaymanki, kadrlar saralash mexanizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilsa o‘qituvchilarning saragi sarakka, puchagi puchakka ajralgan, keraksiz shtatlar qisqartirilib, buning evaziga oylik maoshlar oshirilgan bo‘lardi.
Shu o‘rinda maktab o‘qituvchilarining ta’lim nashrlarini muntazam o‘qib borish ko‘nikmalarini ham shakllantirish lozim, deb o‘ylayman. Bu ularning kundalik savodxonligini oshirishda asosiy rol o‘ynaydi. Ta’lim nashrlari tashabbusi bilan tashkillashtirilgan tanlovlar ko‘paysa va bu tanlovlarda qatnashib, yaxshi natijalarga erishgan ustozlar xalq ta’limi ustama nizomlarida inobatga olinib, rag‘batlantirsa, o‘qituvchilarning davriy nashrlarga bo‘lgan e’tibori ortadi deb o‘ylayman.
Dilnoza NARZULLAYEVA,
Vobkent tumanidagi
21-maktab o‘qituvchisi