Shoirlar sultoni va Sultonlar shoiriga ehtirom
Ta’lim muassasalarida 9-fevral — Alisher Navoiy va 14-fevral — Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan sanalar munosabati bilan ilmiy-adabiy kechalar tashkil etish yuzasidan metodik tavsiya
Jahon ma’naviyati qasri me’morlari Nizomiddin Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning insoniyat komilligi yo‘lidagi beqiyos xizmatlarini anglash davr yoshlaridan ma’lum darajada ma’rifiy hozirlikni talab etadi. 2007 yilning yozida Amerikada o‘tkazilgan jahon shoirlari simpoziumida salkam 600 yil avval yashab ijod etgan bobokalonimiz Alisher Navoiy ijodi bosh o‘rinni egallab, «Jahon shoirlari sultoni» deya e’tirof etilishi Hazratning jahon adabiyotida tutgan o‘rnini ko‘rsatib turibdi. Navqiron avlod ta’lim-tarbiyasi bilan mashg‘ul pedagoglarimiz mazkur e’tirofdan faxru iftixorga to‘lmog‘i va buni o‘quvchilariga-da yuqtira bilmog‘i zarur. Toki yangi avlod ulug‘ ajdodlariga munosib bo‘lmoqqa intilib yashasin.
Navoiyning haykali barcha viloyatlarimiz markazida qad rostlash bilan birga O‘sh, Moskva, Tokio, Boku, Yerevan, Vashington kabi xorij shaharlarida ham bo‘y ko‘rsatib turibdi. Dunyo ahli buyuk bobokalonlarimizni e’tirof etib turgan ayni davr komillik shohsupasiga intilayotgan yoshlarimiz oldiga Navoiy va Bobur dahosini tom ma’noda anglashdek dolzarb vazifani qo‘yadi.
Ma’lumki, mumtoz adabiyotda saxiy (topgan daromadining bir qismini xalqqa bag‘ishlovchi) va axiy (barcha daromadini xalqqa beruvchi) kishilarning timsollari tez-tez tilga olinadi. O‘quvchilarda Navoiy shaxsiyati borasida tasavvur uyg‘otishda turli tarixiy manbalardagi ma’lumotlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Tarixchilarining ma’lu¬motiga ko‘ra, Hazratning bir kunlik daromadi 18 ming shohruxiy dinor bo‘lib, ulug‘ ma’rifatparvar bu mablag‘ning kichik qismini kundalik ehtiyojlar uchun ajratib, qolganini navkarlar va nochor oilalarga ulashar, binolar qurishga sarflardi. Birgina Hirotning o‘zida bir nechta maktab, madrasa, hammom, masjidlar, bog‘lar bunyod ettiradi, kanallar qazdiradi. Maktab va madrasalarda o‘qituvchi va tolibi ilmlarning moddiy ehtiyojlari uchun o‘z shaxsiy daromadidan xarjlar, mablag‘ni talabalarning salohiyati va intilishiga ko‘ra taqsimlar edi. Masalan, har birining o‘n bir nafardan ilm o‘rganuvchi shogirdi bo‘lgan. Ikki mudarrisga 1200 oltin naqd pul, 24 yuk oshlig‘ (arpa va bug‘doy) belgilaydi. Talabalarni esa 3 guruhga bo‘ladi. 22 talabadan, taxminan 6 kishi a’lochi bo‘lsa, ularga har oyda 24 oltin va yiliga 5 yuk bug‘doy, o‘rtacha o‘qiyotgan 8 talabaga 16 oltin, 4 yuk bug‘doy, past ko‘rsatkichli talabaga 12 oltin pul, 3 yuk oshlig‘ tortiq etiladi.
Navoiyni o‘rganish uning asarlari bir tizimga solingan kontsepsiya asosida olib borilishi ko‘zlangan natijaga erishishda qo‘l keladi:
— buyuk shoir — «Xazoin ul-maoniy» («Chor devon»). To‘rt devondan iborat bu to‘plamlarga 650 tadan g‘azal jamlangan;
— zullisonayn (ikki tilli) shoir — «Devoni Foniy»;
— tilshunos olim — «Muhokamat ul-lug‘atayn» («Ikki til muhokamasi»);
— adabiyotshunos olim — «Mufradot» («Risolayi muammo»), «Mezon ul-avzon» («Vaznlar o‘lchovi»);
— tasavvufshunos — «Siroj ul-muslimin», «Me’rojnoma», «Arba’in», «Munojot», «Lison ut-tayr»;
— tarixchi — «Tarixi mulki Ajam» («Eron shohlari tarixi»), «Tarixi anbiyo va hukamo» («Nabiylar va hakimlar tarixi»), «Zubdat ut-tavorix» («Tarixlar qaymog‘i») va boshqalar;
— tazkiranavis va qasidanavis — «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Xamsat ul-mutahayyirin» , «Hiloliya», «Tuhfatul-afkor», «Nazm ul-javohir», «Majolis un-nafois», «Nasoyim ul-muhabbat»;
— Navoiy rassom — «Zanjirband sher» tasviriy san’at asari;
— bastakor (kompozitor) — «Isfahon», «Qari navo» kuylari muallifi;
— yetuk tashkilotchi rahbar — «Amiri kabir» («Ulug‘ amir»), «Amir ul muqarrab» («Podshohga eng yaqin amir»), «Muqarrabi hazrati sultoniy» («Sulton hazratlarining eng yaqin kishisi») kabi unvonlar sohibi;
— iqtisodchi va huquqshunos — «Vaqfiya»;
— buyuk yozuvchi — «Xamsa», «Majolis un-nafois», «Nasoyim ul-muhabbat», «Mahbub ul-qulub» va boshqalar.
Navoiyning zamondoshi va izdoshi bo‘lgan Mirzo Bobur esa juda qisqa — 47 yillik umri davomida jahonga mashhur «Boburnoma» («Vaqoe’») qomusiy asari, 400 dan ortiq turli janrdagi she’rlar ijod etib, ularda asl adabiy tilimizning nasriy va nazmiy go‘zalligini, boyligini nuktadonlik bilan aks ettira bildi. Qalbimizni tilimiz boyligiga, adabiyotga, ma’naviyat va ma’rifatga oshufta eta oldi. Musta¬qillikning dastlabki yillaridayoq allomaning ona diyori Andijon shahrida shoh va shoir xotirasini abadiylash¬tirish maqsadida bog‘ tashkil etildi. Bu maskanda uning mahobatli haykali o‘rnatildi. «Bobur va jahon madaniyati» nomi bilan muzey barpo qilindi.
Quyida Zahiriddin Muhammad Boburning ko‘p qirrali ijodini o‘rganishning o‘ziga xos kontsep¬siyasini ixtiyoringizga havola etamiz:
— yangi yozuv kashfiyotchisi, pedagog — «Xatti Boburiy»;
— shoir — «Devoni Bobur» — 400 dan ortiq turli janrdagi she’rlari;
— huquqshunos, iqtisodchi, tasavvuf olimi — «Mubayyin»;
— adabiyotshunos olim — «Muxtasar», «Mufassal» («Aruz risolasi»);
— musiqashunos — «Musiqa sirlari»;
— harbiy sohaning olimi — «Harb ishi»;
— badiiy tarjimon — Xoja Ahror Valiyning «Volidiya» asarini fors tilidan turkiy tilga tarjima qildi;
— islomshunos — o‘zi ixtiro etgan yangi alifbo asosida «Qur’on»ni sharhlab, Makka va Tehron olimlarining muhokamasiga yubordi;
— yozuvchi, tarixchi, qomusiy alloma — «Boburnoma» bir necha ijtimoiy va tabiiy fanlar (tarix, geografiya, biologiya, hayvonot olami, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, san’atshunoslik va boshqalar) nafasi bilan yo‘g‘rilgan qomusiy asar;
— yetuk davlat arbobi va buyuk qo‘mondon — Hindistonda «Boburiylar saltanati» deb nom olgan davlatning asoschisi.
O‘rta asrlar Turonzamin qomusiy olimlari sulolasining so‘nggi vakillaridan bo‘lgan hazrati Navoiy va Bobur xususida ma’lum haqiqatlarni anglash, Sharq allomalarining buyukligi sirlarini anglashga olib boradi. Shu ma’noda, biz yuqorida ta’kidlagan yosh avlod oldidagi vazifalar oydinlashadi. Ya’nikim, mumtoz tilga doir, statistikada berilgan 60 mingga yaqin so‘zni maktab yoshidanoq bosqichma-bosqich yodlab, mag‘zini bilib borish. Tarixiy grammatikani («Qadimgi turkiy til»dan boshlaboq) o‘rganish. Ulug‘ kitoblarni qomusiy (ensiklopedik) asar sifatida puxta o‘zlashtirish.
«Yoshlik avoni, yigitlik davrimda ellik ming bayt she’r yod tutibmen, alarning xushhollig‘idin o‘zumni unutibmen»... («Muhokamat ul-lug‘atayn» asaridan).
Darhaqiqat, Hazrat Navoiyga intilib, adabiyot darslarida lug‘at yodlash mashqlari o‘tkazish ayni muddaodir. Mazkur mashg‘ulot o‘quvchilarning quvvayi hofizasini, salohiyatini mustahkamlaydi, xotirasini charxlaydi. Adabiyot darslari, to‘garak mashg‘ulotlarida, turli tadbirlarda ulug‘ allomalarimizning asarlarini o‘qitishdan avval, asarlaridagi lug‘atlarni yod oldirishimiz muhimdir. Bu ishni Navoiy asos solgan tilga doir omonim va sinonim so‘zlarni anglatish va o‘quvchilar xotirasiga muh¬rlashdan boshlagan ma’qul.
Bu kabi xayrli ishlarni navoiyxonlik, boburxonlik kabi badiiy kechalarda va boshqa tadbirlar bilan takomillashtirib borish, ayni mavzuga taalluqli ko‘rik va ko‘rgazmalar tashkil etish ham samarali natija beradi.
Umumta’lim maktablarida boshlang‘ich sinfdan boshlab yuqori sinfgacha, maktabdan tashqari o‘quv maskanlarida ham «Navoiy va Bobur oyligi» rukni ostida quyidagi omillar asosida faoliyat yuritish mumkin:
Boshlang‘ich sinflarda «Alisher va bulbul», «Alisherning yoshligi», «Kichkina kitobxon», «Boburning bolaligi» kabi hikoyalar o‘quvchilarga o‘qitilishi va muhokama qilinishi, kichik sahna ko‘rinishlari tayyorlab, ota-onalar hamkorligida tadbirlar o‘tkazish o‘g‘il-qizlarning bobokalonlarimiz haqidagi ilk taassurotlari shakllanishiga turtki bo‘ladi.
5—7-sinflar kesimida o‘quvchilar Navoiy va Boburning darslikda berilgan asarlariga doir lug‘atlarni yoddan bilmoqlari zarur va fevral oyida o‘tkaziladigan tadbirlarda yodlangan lug‘atlar bo‘yicha tayyorlangan testda hozirjavoblik ko‘rsatishi, so‘zlarni faol qo‘llab, sahna ko‘rinishlari namoyish etishi maqsadga muvofiqdir. «Navoiy g‘azallarini sevib o‘qiyman», «Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi», «Navoiyning izdoshlarimiz», «Navoiy g‘azallari va Bobur ruboiylarini kim ko‘p biladi?», «Navoiy dostonlaridan yoddan o‘qing» kabi mavzulardagi g‘azalxonlik, ruboiyxonlik, bahru bayt, dostonxonlik kechalari o‘tkazish, ularning faoliyati yuzasidan yozma ishlar yozdirish o‘quvchilarda ulug‘ ajdodlarimiz merosiga nisbatan hurmat tuyg‘usining kamol topishiga xizmat qiladi.
Yuqori — 8–9-sinflarda Navoiyning g‘azallari (8-sinf), «Farhod va Shirin» (9-sinf) dostonidan yodlagan qismlarini, Bobur g‘azallari va «Boburnoma»dan (9-sinf) matnlarni muhokama qilish, o‘z fikrini mumtoz so‘zlarga doir lug‘atlardan foydalan¬gan holda izohlash ko‘nikmasini shakllantirish zarur. Bulardan tashqari, yuqori sinflarda Navoiy va Bobur asarlari bo‘yicha insholar, mumtoz tilda ijodiy ishlar (hikoya va she’rlar) yozdirish o‘quvchilarga egallagan bilimini amaliyotda mustahkamlash imkonini beradi. Yuqori sinf o‘quvchilari lug‘atlarni yoddan bilishi, Navoiy va Bobur asarlarini nasriy bayonlar va izohlarsiz tushunishida asqotadi. Shunday malakaga ega bo‘lgan o‘quvchilardan mumtoz tilda ijodiy ishlar olish yanada samarali kechadi.
Hazrat Navoiy va Mirzo Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish, o‘quvchilarga o‘rgatish pedagogdan mahorat, yuksak salohiyat hamda nozik didni talab etadi. Xalqimiz ma’naviy olamida quyosh yanglig‘ nur sochib turgan bu muborak siymolar ijodini chuqur o‘rganish qalb tarbiyasi uchun suv va havodek zarur.
Mamlakat LATIPOVA,
Respublika ta’lim markazining filologiya bo‘limi bosh metodisti