Til va ta’lim: muammolar, istiqboldagi vazifalar
Filologiya fanlari o‘qituvchilarining respublika forumi tavsiyalari
Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘rganish va ularni keng targ‘ib qilish, ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida filologiya fanlarini (ona tili va adabiyot, o‘zbek tili, qardosh tillar(qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman) hamda chet tillar(rus, ingliz, fransuz, nemis)ni o‘qitish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida 2017-yilning 7—8-noyabr kunlari «Til va ta’lim: muammolar, istiqboldagi vazifalar» mavzusida filologiya fanlari o‘qituvchilarining respublika forumi o‘tkazildi.
Mazkur forumning yalpi va sho‘ba yig‘ilishlarida bildirilgan fikr-mulohaza hamda takliflar asosida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ta’lim sifati va mazmunini modernizatsiyalashga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.
I. Yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘rganish hamda ularni keng targ‘ib qilish yo‘nalishida:
• o‘quvchilarda kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, ularning yosh va pedagogik-psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda mutolaa madaniyatini uzluksiz rivojlantirib borish, ona tili va adabiyot darsida badiiy asarlarni sharhlab o‘qish va qiyosiy tahlil qilishga o‘rgatish;
• o‘quvchilarning badiiy adabiyotga qiziqishini oshirishda adabiyotshunos olimlar va adiblar bilan jonli muloqotga asoslangan vebinar darslarni tashkil etish;
• umumta’lim fanlaridan dars jadvalini tuzish qoidasiga rioya qilgan holda hafta davomida filologiya fanlarining o‘qitilishini ta’minlash hamda «Kun badiiy asari» shiori ostida o‘quvchilarning badiiy adabiyotga qiziqishini oshiruvchi tadbirlar o‘tkazish;
• maktab, sinflararo hamda sinf miqyosida «Eng yaxshi kitobxon» tanlovini o‘tkazish;
• «Yosh tilshunoslar» va «Yosh adabiyotshunoslar» to‘garagi a’zolarini o‘qilgan badiiy asarlar asosida kichik hajmdagi maqola va esse yozishga o‘rgatish;
• har bir sinfda kichik kutubxona tashkil etish, kutubxona fondini ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy adabiyotlar bilan boyitib borish;
• darslarning tashkiliy qismida yangi nashr etilgan adabiyotlar bilan o‘quvchilarni tanishtirib borish hamda «Mutolaa daqiqasi»ni tashkil etish.
II. Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, darslik¬la¬rning multimedia majmualarini yaratish yo‘nalishida:
• filologiya fanlari yo‘nalishida ilg‘or o‘qituvchilar tajribasini aks ettiruvchi elektron ta’lim manbalarini yaratish;
• filologiya fanlaridan elektron, audio lug‘atlar yaratish va dars jarayonida undan samarali foydalanish;
• maktab axborot-resurs markazlari fondini audio va android kitoblar bilan boyitib borish;
• qardosh tillar bo‘yicha xrestomatiya, antologiya va o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar yaratish hamda maktab kutubxonalarini badiiy adabiyotlar bilan boyitish;
• qardosh tillar fanlari yo‘nalishi bo‘yicha «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovini tashkil etish;
• qirg‘iz va turkman tillari o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil qilish;
• bolalar nashrlarida qardosh tillar uchun ruknlar ochish;
• qardosh tillar ta’limi mazmunini takomillashtirishda Respublika milliy madaniy markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
III. Filologiya fanlari ta’limida innovatsion texnologiyalarni amaliyotga samarali joriy etish yo‘nalishida:
• filologiya fanlari ta’limida innovatsion pedagogik texnologiyalardan keng foydalanish;
• ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va ulardan o‘rinli foydalanish malakasini takomillashtirish;
• novator pedagoglar tajribasidan foydalanib yosh o‘qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish;
• O‘zbek tili, adabiyoti va folklori ilmiy tadqiqot instituti hamda O‘zDJTU qoshidagi Chet tillarni o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash;
• xalqaro tajriba asosida filologiya fanlaridan o‘quvchilarda kompe¬tensiyalar shakllanganligi darajasini baholash mezonlarini ishlab chiqish;
• filologiya fanlarini o‘qitishning xususiy-metodik va lokal-modulli texnologiyalarini ishlab chiqish va ommalashtirish.
IV. Filologiya fanlarini o‘qitishda o‘qituvchilarning kasbiy ma¬ho¬¬ratini uzluksiz oshirish yo‘nalishida:
• filologiya fanlari o‘qituvchilarining malakasini uzluksiz oshirib borish va kasbiy faoliyat samaradorligi monitoringi mexanizmini takomillashtirish;
• o‘qituvchilarning axborot texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirishi hamda amaliyotda qo‘llash kompetentliligini rivojlantirishga doir qisqa va o‘rta muddatli treninglar tashkil etish;
• qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qituvchilarda kreativ va innovatsion kompetentlilikni rivojlantirishga doir o‘quv modullarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish;
• masofaviy metodik xizmat ko‘rsatish va masofaviy malaka oshirish tizimini takomillashtirish;
• «Mahorat maktablari» faoliyatini yanada takomillashtirish orqali filologik ta’limga doir innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish;
• maktablardagi filologiya fanlari metodika birlashmalari faoliyatini tanqidiy tahlil qilish va yangi mexanizmlarni joriy etish.
Respublika ta’lim markazi