Tinchlik uchun kurashmoq kerak
Tinchlik uchun kurashish, bu hayotni o‘zimiz himoya qilishimiz kerak. Himoya degani — avvalo, ogoh bo‘lish degani.
Islom KARIMOV
Ozod va obod Vatanni barpo etish, ko‘pmillatli xalqimizning tinch-osuda, farovon hayotini ta’minlashga barchamiz mas’ulmiz. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida mustaqillikning dastlabki yillaridan mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, harbiy xizmatchilarga yetarli sharoit yaratish borasida izchil islohotlar amalga oshi¬rildi. Zamonaviy qurol-yarog‘, texnika va yetuk harbiy mutaxassislarga ega professional milliy armiya Vatanimiz sarhadlarini munosib himoya qilmoqda. Qo‘shinlarning sifat tarkibi yangilanib, saflarini to‘ldirish tartibi takomillashdi. Muddatli harbiy xizmatga jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va yuksak intellektual salohiyatli yoshlarni saralab olishning o‘ziga xos tizimi yaratildi.
Bu yil Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25 yilligini «O‘zbekiston — mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz — faxru g‘ururimiz!» shiori ostida o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgani harbiy xizmatchilar qalbini yanada to‘lqinlantirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosim — Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida Qurolli Kuchlar, Milliy xavfsizlik xizmati, chegara va ichki qo‘shinlarning askar va serjantlari, ofitser va generallariga, barcha harbiy xizmatchilarga o‘z harbiy qasamyodi va muqaddas burchiga sadoqati uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ularning bundan buyon ham yuksak professional mahorat, mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatib, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, mustahkamlash bo‘yicha o‘z vatanparvarlik burchiga sodiq qolishlariga ishonch bildirdi.
Xalq ta’limi tizimida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 25 yilligi va Vatan himoyachilari kunini nishonlashga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Yoshlarni ogohlikka undash, milliy armiya mamlakatimiz sarhadlari xavfsizligining ishonchli garovi ekanligi hamda mudofaa salohiyatini kuchaytirish va harbiy xizmatning nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida quyidagilar tavsiya etiladi:
— Xalq ta’limi vazirligining 2016-yil 23- dekabrdagi “Xalq ta’limi tizimida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 25 yilligi va Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi 302-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash;
— ta’lim muassasalarida 2016-yil 22-dekabrdan — 2017-yil 22-yanvarga qadar e’lon qilingan “Harbiy vatanparvarlik oyligi” davomida ommaviy-vatanparvarlik tadbir¬larini tarix va huquq fanlari oyligi bilan uyg‘unlashtirish, o‘quvchilarning huquqiy bilimlarini mustahkamlashga e’tibor qaratish;
— Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish maqsadida o‘qituvchilardan iborat targ‘ibotchilar guruhini tuzish va ular ishtirokida “Ertalabki saflanish” va “Tarbiyaviy soatlar”da “Tinchlik uchun kurashmoq kerak” shiori ostida “Mardlik va jasorat darslari”ni tashkil etish;
— o‘quvchilar ongida Vatanga muhabbat, mamlakat Qurolli Kuchlaridan faxr¬lanish, harbiylik kasbiga hurmat tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida harbiy xizmatchilar, urush qatnashchilari va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida “Avlodlar uchrashuvi”, “E’zoz”, “Ehtirom” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish;
— mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, samaralari, harbiy xizmatchilar hayoti, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida o‘quvchilarga tushuncha berish;
— o‘quvchi-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiylik kasbiga yo‘naltirish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil etilishi va rivojlanish tarixi bilan tanishtirish maqsadida harbiy qism, oliy harbiy ta’lim muassasalari, serjantlar tayyorlash maktablariga ekskursiya uyushtirish;
— Toshkent shahridagi Qurolli Kuchlar davlat muzeyiga o‘quvchilar tashrifini tashkil etish;
— bolalar musiqa va san’at maktablarida “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar festivalini, “Barkamol avlod” bolalar markazlarida ijodiy ishlar tanlovini o‘tkazish;
— “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan bolalar va o‘smirlar sport maktab- (maktab-internat)lari, umumta’lim maktab¬lari va Mehribonlik uylarida sportning harbiy-amaliy va texnik turlari bo‘yicha sport musobaqalarini tashkil etish lozim.
Mavzu: TINCHLIK UCHUN KURASHMOQ KERAK
(5—9-sinflar uchun “Mardlik va jasorat darslari”ni o‘tish bo‘yicha dars ishlanmasi)
Dars maqsadi:
Ta’limiy: o‘quvchilarga milliy armiyamiz hamda uning nufuzi, harbiy bilim yurtlari, yoshlarga berilayotgan imtiyoz hamda sarhadlarimiz tinchligi va daxlsizligini avaylab-asrayotgan harbiylarga hurmat, mustaqil yurtimizda erishilayotgan yutuqlar haqida tushuncha berish.
Tarbiyaviy: o‘quvchilarda Vatanga muhabbat, hurmat, milliy qadriyatlarni ulug‘lash, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish.
Rivojlantiruvchi: o‘quvchilarda yangilanayotgan jamiyat ishlarida faol qatnashish hissiyotini paydo qilish.
Jihozlar: o‘quvchilar yozgan insho, referat, shuningdek, Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan devoriy gazetalar.
(Darsga urush va mehnat faxriylari, harbiylar, mustaqillik yillarida Vatan sarhadlarini himoya qilib, yurtimiz ozodligi va tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lganlarning yaqinlari, mahalla faollari, ota-onalar qo‘mitasi a’zolari, «Kamolot» YIH vakillari taklif etiladi).
Dars shiori: Dunyoda Vatan so‘zidan aziz va yurakka yaqin kalom topilmagani kabi, Vatan himoyachisi bo‘lishdan ortiq shon-sharaf ham yo‘qdir.
Dars turi: noan’anaviy.
Dars metodlari: guruhlarda ishlash, suhbat, bahs-munozara.
O‘quvchilar uch guruhga bo‘linadi.
Darsning borishi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini birgalikda jonli ijro etish. Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar:
1-guruhga: — Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini tuzish uchun qaysi hujjat huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi?
2-guruhga: — Qurolli Kuchlarimizni shakllantirish jarayonida eng dolzarb masalalardan biri nima edi?
3-guruhga: — Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarini sanang.
1-guruh: — 1991-yil 31-avgustda “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu muhim hujjat respublikamizga o‘z harbiy siyosatini amalga oshirish huquqini berdi. Mazkur qonun, “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi bayonot mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini tuzish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.
2-guruh: — Qurolli Kuchlarimizni shakllantirishda kadrlar masalasi dolzarb ahamiyatga ega. 1990-yilda mahalliy ofitserlar yurtimizdagi harbiy kadrlarning atigi 0,6 foizini tashkil etardi. Harbiy ta’lim sohasi tubdan isloh qilina boshlandi. Bir qator oliy harbiy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda salohiyatli “Shu aziz Vatan meniki, uni ko‘z qorachig‘imdek asrab-avaylayman, kerak bo‘lsa, jonimni fido qilishga ham tayyorman”, degan ahdi qat’iy, shijoatli, mard va jasur harbiy kadrlar tayyorlashga kirishildi.
3-guruh: — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalarida Qurolli Kuchlarimiz uchun 30 ga yaqin yo‘nalish bo‘yicha yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlanmoqda. Bu o‘quv maskanlari harbiy xizmatchilarga o‘z professional, nazariy va amaliy bilimlarini takomillashtirish, harbiy-jangovar faoliyatida tajriba va malakalarini oshirish imkoniyatini bermoqda.
O‘qituvchi: — Harbiy ta’lim muassasalari haqida qo‘shimcha qiladiganlar bormi?
1-guruh: — Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik, Chirchiq oliy tank qo‘mon¬donlik-muhandislik, Samarqand oliy har¬biy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtlari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakultetida malakali harbiy xizmatchilar tayyorlanmoqda. 1994-yilda Qurolli Kuchlar akademiyasi ochildi. Markaziy Osiyo¬da yagona bo‘lgan ushbu dargoh zimmasiga malakali ofitserlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, qolaversa, harbiy sohadagi ilmiy-amaliy tadqiqot hamda ishlanmalarni muvofiqlashtirish, mamlakatimizda harbiy ta’limni rivojlantirish vazifasi yuklatildi.
2-guruh: — 2012-yili Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida harbiy-tibbiyot fakulteti tashkil etildi. Yuqori intellektual salohiyatga ega, tibbiy xizmatning yuksak malakali ofitserlarini, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tarkibini tayyorlash, Qurolli Kuchlar tibbiy xodimlarining harbiy va kasb tayyorgarligi darajasini muntazam oshirish hamda ularni qayta tayyorlash, maxsus bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish, harbiy tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqot olib borish ushbu fakultet zimmasiga yuklatildi.
O‘qituvchi: — Aziz o‘quvchilar, yuqorida nomlari keltirilgan harbiy bilim yurtlari va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish uchun siz a’lo o‘qishingiz, namunali xulq, mustahkam iroda egasi bo‘lishingiz talab qilinadi.
“Tinchlik uchun kurashish” deganda nimani tushunasiz? Buning uchun siz qanday ishlarni amalga oshirishingiz kerak?
O‘qituvchi o‘quvchilarning fikrlarini umumlashtirib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning fikrlaridan iqtibos keltirib, darsga yakun yasaydi:
— “Har qaysi millat va xalq uchun muqaddas sajdagoh bo‘lmish ona-Vatanni qadr¬lash, uning erkinligi va ozodligini himoyalash, bu yo‘lda kerak bo‘lsa jon fido qilish – shu yurtning jasur o‘g‘lonlari, o‘zini er yigit deb biladigan insonlar uchun qadim-qadimdan or-nomus va mardlik belgisi bo‘lib kelgan”.
— “Har qaysi el, har qaysi yurt chetdan keladigan yovuz ofatdan ko‘ra, o‘z ichidan chiqadigan sotqin, iymonsiz, o‘zining manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan, kerak bo‘lsa, eng yaqin kishilarini ham sotadigan, o‘zini o‘stirgan, voyaga yetkazgan Vataniga qo‘l ko‘taradigan qabih kimsalardan nihoyatda ehtiyot bo‘lishi kerak”.
Mardlik va jasorat haqida bahs-munozara uyushtiriladi hamda eng buyuk jasorat — bu ma’naviy jasorat ekanligi to‘g‘risida tushuncha beriladi.
Dars Vatan va tinchlik haqidagi she’riy satrlar bilan mustahkamlanadi.
Uyga vazifa: Vatan, tinchlik, mardlik va jasorat haqida she’r yodlash, mus¬taqil ijodiy ish bajarib kelish topshiriq qilib beriladi.
RESPUBLIKA TA’LIM MARKAZI