Maxsus ta’lim
Mamlakatimizda ta’lim tizimining modernizatsiya qilinishi, ilg‘or pedagogik texnologiyalarning jarayonda qo‘llanilishi, ta’lim obyektlarining multimedia vositalari bilan ta’minlanishi kabi qator dolzarb vazifalar umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan bir qatorda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari uchun ham dolzarblik kasb etadi. Pedagogik jarayonlar samaradorligini ta’minlashga innovatsion yondashuvlarni qo‘llash va ulardan mazmun-mohiyatiga ko‘ra to‘g‘ri foydalanish masalasi maxsus maktablar oldiga qo‘yilgan eng asosiy talablardan biri hisoblanadi.
Bunda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ishlayotgan pedagog-defektologlar faoliyatiga ijodiy yondashishi, erishilgan natijalar samaradorligini tahlil qilishi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun aniq rejalar bilan yangi o‘quv yilini boshlashi lozim. Shularni inobatga olib, sho‘ba yig‘ilishlarini olib borishda metodistlar quyidagilarga e’tibor qaratishlari lozim:
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-sentabrdagi «Imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida»gi 256-sonli qarori asosida tasdiqlangan «Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) to‘g‘risida»gi nizom asosida faoliyat olib borish;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-fevraldagi «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirilgan ishlardan saboq olish;
– imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan (ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi, tayanch harakat a’zolari shikastlangan) ta’lim muassasalari uchun tatbiq etiladigan o‘quv reja, 2015-2016-o‘quv yilida chop etilgan darsliklarga kiritilgan o‘zgartirishlar haqidagi ma’lumotlarni pedagog xodimlarga yetkazish;
– o‘qituvchilarga darslarda axborot-kommunikatsiya va ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish, bilimlarni kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berish;
– Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazining internetdagi ta’lim portaliga kiritilgan metodik materiallar (DTS talablari, o‘quv dasturlar, dars ishlanmalari, tavsiyalar) bilan tanishtirish va ulardan samarali foydalanish yo‘llarini o‘rgatish;
– tarqatma materiallarni tayyorlashda universallik va sifatga e’tibor qaratish.
Imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari uchun quyidagi yo‘nalishlarda sho‘ba yig‘ilishlari tashkil etiladi:
1) Eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar (kar va zaif eshituvchi) maktab-internatlari sho‘basi;
2) Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar maktab-internatlari sho‘basi;
3) Yordamchi maktab, maktab-internatlar sho‘basi (aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar);
4) Mehribonlik uyi tarbiyachilarining sho‘basi.
Bunda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi, tayanch harakat a’zolari shikastlangan bolalar maktab-internatlari uchun 2015-2016-o‘quv yiliga mo‘ljallangan o‘quv reja va dasturlar takomillashtirilgani hamda yangidan yaratilgan darsliklarni muhokama qilishga e’tiborni qaratish lozim.
Imkoniyati cheklangan bolalar nuqsonlarini korreksiyalash, bartaraf etishda pedagog va tarbiyachilarning asosiy diqqatini nimalarga qaratish zarur? Ushbu savol bo‘yicha barcha ishtirokchilarning takliflari umumlashtirilib, amaliy tavsiyalar ishlab chiqish zarur. Maxsus maktab o‘quvchilarining shaxsiy huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy himoyalash borasida ijobiy natijaga erishgan pedagoglar ish tajribalarini seminar-treninglarda namoyish etish samaradorlikni ta’minlaydi.
Sho‘ba yig‘ilishlarida jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni davolash, sog‘lomlashtirish ishlarini jadallashtirish, inkluziv ta’limga yo‘naltirish, ularning jamiyatga moslashuvi va integratsiyalashuviga ko‘maklashish yuzasidan davra suhbatlarini tashkil etish va shu bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarni maslahatlashib olishga imkon yaratilishi lozim.
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining ta’lim-tarbiya jarayoni umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Respublika ta’lim markazi