Fanlar kesimida sho‘ba yig‘ilishlarini o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar
ONA TILI
Yosh avlodning ona tilini mukammal o‘rganishi jamiyat ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu jarayon fan o‘qituvchilari oldiga o‘ziga xos vazifalarni qo‘yadi. Xususan, ilg‘or metod, zamonaviy innovatsiya va pedtexnologiyalardan foydalangan holda darslarni mazmunli tashkil etish va bu orqali o‘quvchilar savodxonligini oshirish masalasi asosiy maqsadlardan sanaladi. Bu ta’lim sifati va samaradorligiga erishish uchun yangi o‘quv yili arafasida pedagoglarning o‘zaro kengashib, bir yilga mo‘ljallangan yumushlarni belgilab olishini taqozo etadi. Shunday ekan, zarur tavsiyalar, an’anaviy avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlari muhokamasiga qo‘yiladigan masalalar muhim va dolzarbligi bilan ajralib turishi lozim.
O‘quvchilarga DTS talablari asosida bilim va ko‘nikmalar berish, hayotiy kompetensiyalarini shakllantirish uchun noan’anaviy hamda samarali usullardan foydalanishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Yangi o‘quv yilida ham o‘quv dasturlari loyihalarining tajriba-sinovi natijalari yuzasidan amaliyotchi-o‘qituvchilar fikr-mulohazalarini tinglash, eng samarali deb topilgan metodlarni ommalashtirish va amalda qo‘llash borasidagi sa’y-harakatlar kuchaytiriladi. Shuningdek, fan olimpiadasi, bilimlar bellashuvi natijalarini muntazam tahlil qilib borish hamda ilmiy-metodik anjumanlarning tavsiyaviy ruhdagi xulosalaridan foydalanish ham e’tibordan chetda qolmaydi. O‘qitishda muvaffaqiyatga erishish uchun 5—9-sinf “Ona tili” darsliklari bilan ishlashdagi muammolarga barham berish, darslik mazmuni yuzasidan fikr-mulohazalarni umumlashtirgan holda tavsiyalar ishlab chiqish va kelgusidagi rejalarni belgilab olish boshlanajak o‘quv yili arafasidagi muhim vazifalardan sanaladi.
An’anaviy avgust kengashlari sho‘ba yig‘ilishlarida joriy yil qayta nashr qilinib, takomillashtirilgan 5-sinf “Ona tili” (N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov, V.Qodirov, Z.Jo‘raboyeva) darsligidagi yangiliklarni ochib berish, darslarda kitobdan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Aytish joizki, darslikda til bo‘limlarining barcha bosqichlari qamrab olindi. Mashq va topshiriqlar mazmunan boyitilgani o‘quvchilarning mustaqil va ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Rasmlarning qayta ishlangani bolajonlarda mutolaaga ishtiyoqni kuchaytirib, tasavvur qilish qobiliyatini rivojlantiradi.
O‘qituvchilarning kitobdan foydalanish asnosida darslarga ijodiy yondashishi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, pirovardida bu ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. “Ona tili” darsliklari bilan ishlashda o‘qituvchilardan o‘quv dasturi talablarini teran anglash, dastur materiallari asosida mashg‘ulotlarni rejalashtirish talab etiladi. Shuningdek, o‘quvchilarni amaliy mashq va topshiriqlar bilan ishlashga o‘rgatish, qo‘shimcha manbalardan foydalanib, darslarni mazmunli va qiziqarli tashkil etish lozim bo‘ladi. Ya’ni, 5-, 6-, 7-sinflar uchun yaratilgan “O‘qituvchi kitobi” (2011-, 2012-yillar) hamda 46 nomdagi plakatlar to‘plami, videodarslar, turli badiiy matnlar asosida yaratilgan audio va videolavhalardan unumli foydalanish darsning mazmunan boyitilishini ta’minlaydi. An’anaviy avgust kengashi sho‘ba yig‘ilishlarida “Mahorat maktablari” tajribalaridan namunalar namoyish etilib, ilg‘or metodlarni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha trening mashg‘ulotlari tashkil etish ham ta’lim sifatiga erishish borasidagi maqsadlarimizni ro‘yobga chiqaradi.
Til ta’limida yozma nutq ustida ishlash og‘zaki nutqni rivojlantirishga qaraganda ancha murakkab jarayondir. Buning murakkab tomoni yozuvda imlo, tinish belgilarini o‘rinli qo‘llash masalasidir. Yozma nutq o‘quvchidan grammatik va mazmun jihatidan to‘g‘ri jumla qurishni, har bir so‘zni o‘z o‘rnida qo‘llashni, fikrni ixcham, izchil, sodda va ravon ifodalashni talab etadi. Shuning uchun yozma savodxonlikni oshirish, o‘quvchining yozma nutq malakalarini rivojlantirish borasida qator seminarlar, davra suhbatlari tashkil etish zarur.
Avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlarida quyidagi namunaviy mavzular bo‘yicha mashg‘ulotlarni rivojlantiruvchi ta’lim texnologiyalari asosida tashkil etish, o‘qitishning ilg‘or usullarini qo‘llash yuzasidan o‘zaro munozaralar o‘tkazish hamda kelgusi rejalarni ishlab chiqish tavsiya etiladi. Xususan:
— ona tili mashg‘ulotlarida yozma nutq malakalarini oshirish omillari;
— multimedia resurslaridan foydalanish — samaradorlik omili;
— videodars — masofaviy metodik xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish omili;
— nazorat ishlarida yo‘l qo‘yilgan xatolar ustida ishlash — yozma savodxonlikni yuksaltirish omili;
— “Ilg‘or tajriba va yaxshi dars — samarali bilim” tadbirini tashkil etish;
— yozma ishlarda yo‘l qo‘yilgan xatolar ustida ishlashda ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish;
— darsga kirish va tahlil etish texnikasini joriy qilish;
— ona tili fanidan matn ustida ishlash usullaridan keng foydalanish;
— darslarda o‘quvchilarni faollashtirish usullaridan foydalanish;
— mustaqil va ijodiy fikrlash kompetensiyasini shakllantirish usullarini joriy etish;
— “Mahorat darslari”ni tashkil etish va uning samarali jihatlariga to‘xtalish maqsadga muvofiqdir.
Respublika ta’lim markazi