O‘qituvchi maqomi qanday bo‘lishi kerak?
O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga 2019-yilning 11-yanvarida joylashtirilgan “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi keng jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston “Adolat” SDPning barcha tuzilmalari, partiya faollari, deputatlar, ekspertlar tomonidan ham o‘rganildi. To‘plangan fikr va takliflar asosida partiyaning dasturiy maqsadlari hamda elektorat manfaatlaridan kelib chiqqan holda bir qator takliflar tayyorlandi. Quyida ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Qonun loyihasining 2-moddasida mazkur qonunning qo‘llanilish sohalari sanab o‘tilgan. Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ularning hududiy bo‘linmalarini ham ana shulardan biri sifatida kiritish maqsadga muvofiqdir. Ma’lumki, ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va bo‘linmalariga eng faol, salohiyatli, malakali va tajribali o‘qituvchilar jalb etiladi. Ushbu lavozimga o‘tgach, mazkur pedagoglar o‘qituvchi maqomini yo‘qotishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Uning tegishli imtiyozlardan cheklanishi kadrlar salohiyatining tushib ketishiga olib keladi. Shu sababdan mazkur qonun ularga ham tatbiq etilishi lozim. Shu bilan birga, ularning yana o‘qituvchilik faoliyatiga qaytish imkoniyati ham borligini nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi.
Loyihaning 3-moddasida o‘qituvchining kasbiy faoliyatidagi huquqlari xususida so‘z boradi. O‘qituvchining huquqlari qatoriga quyidagi jumlalar orqali “o‘zi yaratgan o‘quv qo‘llanma, monografiya va shu turdagi ilmiy yangiliklarni qonunchilikda belgilangan tartibda tijoratlashtirish va undan tushadigan mablag‘ni ixtiyoriy ravishda tasarruf etish”ni ham qo‘shish joizdir.
O‘qituvchining odob-axloq qoidalariga oid 11-moddaning tegishli bandida “O‘qituvchilarning kiyinishiga qo‘yiladigan talablar ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilanishi mumkin”, deb qayd etilgan. Bunda oxirgi jumla “belgilanadi” deb aniq ifodalansa, ushbu norma amalda haqiqatan ishlashi ta’minlanadi.
Qonun loyihasining 13-moddasi “Mehnatga haq to‘lash”, deb nomlangan. O‘rindoshlik sifatida o‘tiladigan darslarning ikkinchi darajali bo‘lib qolmasligi, bunday holatlarda ta’lim sifati pasayib ketishining oldini olish maqsadida ushbu modda “O‘qituvchilarning o‘rindoshlik asosidagi faoliyatiga bazaviy tarif stavkalariga binoan 100 foiz mehnat haqi to‘lanadi”, degan me’yor bilan to‘ldirilishi lozim. Deylik, ayrim fanlar bo‘yicha belgilangan dars soatlari bir o‘qituvchi uchun bir stavkaga ham to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun u boshqa maktabdan ham dars olishga majbur bo‘ladi. Bu holatda endi o‘qituvchi bir xil faoliyati uchun ikki xil haq olishiga to‘g‘ri kelib qolmasligi kerak.
Loyihaning 17-moddasiga ko‘ra, “Davlat tomonidan har yili qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismini o‘qituvchilarga imtiyozli asoslarga ko‘ra ipoteka krediti sifatida berish rag‘batlantiriladi”, deyilgan. Shu o‘rinda ushbu normani ham aniqlashtirib, yana quyidagi qo‘shimchalarni kiritish ayni muddaodir: “Davlat tomonidan har yili qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismi o‘qituvchilarga ipoteka krediti ajratilishi orqali imtiyozli asoslarga ko‘ra beriladi.
Tegishli ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari yoki ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga binoan 10 yil uzluksiz pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan va ayni vaqtda ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarga avtotransport vositalarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
O‘qituvchi faoliyatiga nisbatan cheklovlar (20-modda) yana bir cheklov “Davlat ta’lim standartlariga nomuvofiq dars mashg‘ulotlarini o‘tish”, degan jumla bilan to‘ldirilsa, bu me’yor ta’lim muassasalarida davlat ta’lim standartlariga mos ravishda dars mashg‘ulotlarini tashkil etishga xizmat qilgan bo‘lardi.
O‘qituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash (22-modda) nazarda tutilgan moddaning matnini taklif qilinayotgan o‘zgartirish asosida “Davlat tomonidan maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, shuningdek, ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ularning hududiy bo‘linmalarining pedagog mutaxassislari malakasini oshirish va qayta tayyorlash uchun sharoit yaratish kafolatlanadi”, deb belgilash amaliyotda o‘z natijasini bergan bo‘lardi. Ya’ni tegishli ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ularning hududiy bo‘linmalari pedagog mutaxassislari ayni paytda o‘qituvchi hisoblanishini inobatga olish lozim. Shuningdek, ularning ta’lim sohasidagi yoki ma’lum bir fan sohasidagi yangiliklar va islohotlardan xabardor bo‘lib borishi maqsadga muvofiqdir.
Qonun loyihasining 24-moddasidagi “O‘qituvchilar faoliyatini nazorat qilish qonun hujjatlari asosida attestatsiyadan o‘tkazish, ularning faoliyatini o‘rganish, baholash va boshqa shakllarda amalga oshiriladi”, deyilgan. Bu o‘rinda qo‘llanilgan “va boshqa” jumlasi, bizningcha, pedagog faoliyatini asossiz tekshirish va nazorat qilish huquqini beradi. Shuni nazarda tutib, mazkur so‘zlarni olib tashlagan ma’qul.
O‘qituvchi faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati me’yorlari belgilangan 25-moddaning “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan mazkur nazorat amalga oshirilishi mumkin”, degan bandi quyidagi tahrirda bayon etilishi ayni muddao sanaladi: “O‘qituvchi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’lim muassasasida tuzilgan Kuzatuv kengashi amalga oshirishga vakolatlidir”. Chunki o‘qituvchi faoliyatiga turli darajadagi idoralar (NNT, OAV, FO‘O‘BO) tomonidan asossiz aralashuvlar ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ota-onalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqalardan iborat tarkibda tuziladigan Kuzatuv kengashiga ushbu vakolatni berish maqsadga muvofiqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan tayyorlangan barcha takliflar vazirlikka taqdim qilindi.O‘ylaymizki, bu takliflar inobatga olinsa, qonunning mukammal bo‘lishiga ko‘maklashadi.
Muhammadjon JO‘RAYEV, O‘zbekiston “Adolat” SDP markaziy apparati bo‘lim boshlig‘i