O‘qituvchilar MTM uchun navbatda turmaydi
Pedagoglarning farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalariga imtiyozli, ya’ni navbatsiz qabul qilinishi kerak. Qonun hujjatlarida ham bu belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi qarori bilan Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan edi, deb xabar bermoqda uza.uz.
Hujjatning 18-bandida bolalarning quyidagi kontingenti anketalari imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi:
1) nogiron bo‘lgan shaxslarning bolalari;
2) uch nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning bolalari;
3) harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari;
4) talabalar va pedagoglarning bolalari;
5) yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
6) boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar;
akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar.
Arizachilarda ushbu bandga muvofiq ustunlik huquqlarining mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumot anketada ko‘rsatiladi. Bunda berilgan yo‘llanmalar, tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari muassasaga taqdim etilgan holatlarda bolalarni muassasaga qabul qilish uchun asoslar hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida MTMga yo‘llanma olish uchun Davlat xizmatlari markazining tuman bo‘limiga kelib murojaat qilish belgilab qo‘yilgan.